Tasavvurlar

Kerak boʻladigan materiallar: yoʻq.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz nimalardir deb gapirmoqchi boʻlsa, unga har safar javob bering. Bu haqiqiy kichkina “suhbat” boʻlsin – chaqaloq bilan muloyim ovozda gaplashing, suhbatlashayotganda tabassum qiling; vaqti-vaqti bilan qisqa tanaffuslar qilib, chaqalogʻingizga muloqat imkoniyatini bering; vaqti kelib chaqaloq oddiy tovushlarni chiqarishni boshlaydi. Baland yoki past ohangda gapiring, pichirlashga va qoʻshiq aytishga harakat qiling. Buni chaqaloq bilan navbatma-navbat bajaring. U chiqaradigan tovushlarni takrorlang.

Bolani oʻzingiz bilan yuzma-yuz yotqizing – u tovush chiqarishingizni kuzatadi. Farzandingiz yuz ifodangizdagi oʻzgarishlarni ham kuzatishi mumkin (mayin tabassum, chiqarilgan til, ochilgan koʻzlar, koʻtarilgan qoshlar, shishgan yonoqlar). Bolani kuzatib boring, yuz ifodalarining baʼzilari uni qoʻrqitayotganini sezsangiz, yuzingizni tezda oʻzgartiring va bir muncha vaqt oʻtgach, yumshoq yuz ifodasi bilan qayta urinib koʻring. Unutmang, har bir chaqaloq oʻziga xos va turlicha munosabat koʻrsatadi. Ushbu oʻyinda yuz ifodasini bir muddat saqlab turing. Shunda chaqalogʻingiz sizni kuzatib, taqlid qilib, yangi yuz ifodasini yaratishga harakat qila oladi. Bolaning harakatlarini takrorlang.

Yana bir variant – chaqaloqqa latta qoʻgʻirchoqni koʻrsatishingiz yoki shunchaki barmogʻingizga kichkina paypoqcha kiyishingiz mumkin. Qoʻgʻirchoqni qimirlatayotganingizda yoki paypoqchani tepaga va pastga harakatlantirayotganingizda farzandingizning ismini ayting. Bola ushbu harakatni kuzatayotganiga ishonch hosil qiling. Keyin barmogʻingizni aylantiring. Chaqalogʻingiz qoʻgʻirchoqning harakatlarini kuzatayotganini koʻrgach, yangi harakatni sinab koʻrishingiz mumkin.

Bu odat yoʻrgaklarni almashtirish paytiga juda mos tushadi, lekin undan chaqaloq bilan oʻtkazadigan har qanday vaqtingizda foydalanishingiz mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganmoqda: ushbu bosqichda bolani eng koʻp hayratga soladigan eng yaxshi oʻyinchoq bu – siz! Yuzingiz, ovozingiz, qoʻllaringiz, tanangiz u uchun qiziq. Chaqalogʻingiz siz bilan muloqot qilishni oʻrganadi va odamlarning yuzlarini diqqat bilan va batafsil kuzatadi, bu esa koʻz orqali uzoq muddatli aloqani taʼminlaydi.