Tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassis
Tibbiy-genetik maslahatchilar kimlar?
Tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassislar – genetika va tibbiy-genetik maslahat berish sohasidagi tibbiyot xodimlaridir. Ular tibbiy genetika sohasidagi jamoaning bir qismi hisoblanadi.
Agar oilangizda genetik kasallik kuzatilsa, tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassislar:
- vaqt oʻtishi bilan kasallik kechishi qanday oʻzgarishini;
- bu kasallik sizning hayot tarzingizga qanday taʼsir qilishi mumkinligini;
- boshqa oila aʼzolarida bu kasallikka chalinishi ehtimoli qanchaligini;
- qanday qilib kasallik boshqa oila aʼzolariga yuqishining oldini olish mumkinligini;
- shunga oʻxshash genetik kasalliklari bor boshqa oilalar bilan qanday munosabat oʻrnatish mumkinligini bilib olishga yordam berishi mumkin.
Tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassislar sizga kasallik haqida maʼlumot berishi va turmush tarzini oʻzgartirish boʻyicha asosli qarorlar qabul qilishda yordam berishlari mumkin, bu esa kasallikni nazorat qilishingizga koʻmaklashadi.
Tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassislar oilaviy sharoitingizni, qadriyatlaringizni va eʼtiqodlaringizni hurmat qiladi. Ular sizga murakkab maʼlumotlarni tushunishga va kelajakdagi ishonchsizlik yoki xavotirni qanday bartaraf etish boʻyicha maslahat beradi. Shuningdek, ular siz yoki yaqinlaringizning genetik kasallik bilan kechadigan hayotiga moslashishga yordami berishi mumkin.
Nima uchun tibbiy-genetik maslahat olish kerak?
Tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassisning eng muhim vazifasi bu – oilangizda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan genetik kasalliklar haqida kerakli maʼlumotlarga ega ekaningizga ishonch hosil qilish. Buning uchun u genetik tadqiqot oʻtkazishi mumkin.
Agar:
- oilangizda nasldan naslga oʻtuvchi kasallik borligi sizga maʼlum boʻlsa va uning siz yoki farzandlaringizga yuqishi xavfi boʻlsa;
- farzandingizning oʻsishiga, rivojlanishiga yoki sogʻligʻiga taʼsir etuvchi jiddiy muammo boʻlsa va bu genetik xarakterga ega deb xavotirlansangiz;
- turmush oʻrtogʻingiz bilan farzand koʻrishni rejalashtirayotgan boʻlsangiz;
- siz homiladorsiz va tekshiruvlar tahlili farzandingizda genetik kasallik ehtimoli yuqori ekanini koʻrsatsa yoki ultratovush yordamida tekshirilganda bolada oʻzgarishlar aniqlangan boʻlsa, tibbiy-genetik maslahat olishingiz zarur boʻlishi mumkin.
Agar sogʻligʻingizning holati sizni tashvishlantirayotgan boʻlsa, birinchi navbatda shifokorga murojaat qiling. U sizga tibbiy-genetik maslahat zarur boʻlganda xabar berishi, shuningdek, tegishli mutaxassisga yuborishi mumkin.
Tibbiy-genetik maslahat berish boʻyicha mutaxassisga borishdan oldin
Mutaxassisga borishdan oldin quyidagilarni aniqlashtirib olish foydali:
- Maslahat nima uchun zarur? Shifokor bilan tibbiy-genetik maslahat sizga nima uchun zarurligi haqida gaplashing.
- Mutaxassisga borishdan oldin nima qila olishingiz mumkin?
- Xarajatlar: mutaxassis maslahati qancha turadi?
- Manzil: qabul qayerda boʻlishini bilib oling.