Tonzillit

Tonzillit – virusli yoki bakterial infeksiya tufayli kelib chiqqan bodomsimon bezlarning yalligʻlanishidir. Belgilariga tomoq ogʻrigʻi, yutish qiyinligi, yuqori isitma, limfa bezlari kattalashishi, bosh ogʻrigʻi va bakterial tonzillitda yiringli karash kiradi. Farzandingizda tonzillit boʻlishi mumkinligiga shubha qilsangiz, uni shifokorga olib boring. Farzandingizga qultumlab ichishi uchun tez-tez suv bering. Shifokor tomonidan tayinlangan paratsetamol yoki ibuprofen ogʻriq qoldirishga va yuqori isitmani tushirishga yordam berishi mumkin.
Body

Tonzillit

Tonzillit bu – bodomsimon bezlarning yalligʻlanishidir.

Tonzillitga odatda viruslar sabab boʻladi.

Baʼzida bakterial infeksiya ham tonzillitga olib kelishi mumkin.

Bakterial sabablarga streptokokk (A streptokok) infeksiyasi kiradi. Bu infeksiya turi davolanmasa, skarlatina, revmatik isitma hamda buyrak shikastlanishi (glomerulonefrit) kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

18 oygacha boʻlganlar bakterial tonzillit bilan kasallanish ehtimoli kam.

Bodomsimon bezlar himoya vazifasini bajaradi, bola ogʻzini katta ochsa, ular koʻrinadi.

Tonzillit belgilari

Farzandingizda tonzillit boʻlsa, u tomoq ogʻrishidan shikoyat qiladi. Shuningdek, quyidagilar ham boʻlishi mumkin:

· yutishda qiyinchilik

· yuqori harorat/isitma

· boʻyindagi limfa bezlarining kattalashishi va ogʻrishi

· bosh ogʻrigʻi

· burun oqishi va shamollashning boshqa belgilari

· yiringli karash boʻlishi (bakterial faringitda)

Kasallikning kelib chiqish sababiga qarab farzandingizda toshma paydo boʻlishi mumkin.

Tonzillit belgilari odatda bir necha kundan keyin yaxshilanadi va bir hafta ichida oʻtib ketadi.

Tonzillitga shubha boʻlsa, bolani shifokorga koʻrsatish kerakmi?

Bolada tonzillit boʻlsa, oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va davolanishni boshlash uchun shifokor bilan maslahatlashing. Bakterial tonzillitda, virusli tonzillitdan farqli oʻlaroq, bolaga antibiotiklarni buyurish kerak.

Quyidagilar kuzatilsa, zudlik bilan tibbiy muassasaga murojaat qiling:

· bola suyuqliklarni icha olmaydi

· bolada qusish bor

· u kuchli bosh ogʻrigʻidan shikoyat qiladi

· bola rangpar va juda uyquchan

· unga nafas olish yoki yutinish qiyin

· boʻyin mushaklarining ogʻrigʻi va tarangligidan shikoyat qiladi.

Tonzillitni aniqlash

Bolada yiringli karash boʻlsa, shifokor tomoqdan bakterial ekma uchun surtma oladi.

Zarurat boʻlsa, shifokor tashxis qoʻyish va davolash usullarini tanlashga yordam beradigan qon tahlilini buyurishi mumkin.

Tonzillitni davolash

Tonzillitning sababi virus boʻlsa, farzandingizga antibiotiklar kerak boʻlmaydi.

18 oygacha boʻlganlarda tonzillitni davolash uchun antibiotiklar kamdan kam hollarda ishlatiladi.

Shifokor tonzillitning sababi bakteriyalar degan xulosaga kelsa, antibiotiklarni buyuradi.

Bakterial tonzillitda kasallik boshlangach 10 kundan kam boʻlmagan antibiotiklar kursi bilan davolash revmatik isitma va boshqa asoratlarning oldini oladi.

Quyidagilarni bajarsangiz, farzandingizdagi kasallik belgilarini yengillashtirishingiz mumkin:

· farzandingizga suvni tez-tez qultumlatib ichishga bering. Bu suvsizlanishning oldini oladi

· ogʻriqni qoldirish uchun shifokor koʻrsatmasi boʻyicha paratsetamol yoki ibuprofen bering

Tonzillektomiya bu – bodomsimon bezlarni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlashdir. Tonzillektomiya muntazam davolash emas. Tonzillektomiyaning asosiy sababi tungi uyqu paytida kattalashgan bodomsimon bezlar tufayli oʻpkaga havo kelishiga (yuqori nafas yoʻllarining berkilib qolishi) jiddiy toʻsqinlik boʻlishidir. Tonzillektomiyaning yana bir sababi shundaki, bolada tonzillit qayta-qayta rivojlansa va bu tez-tez sodir boʻlsa, bu asoratlarga olib keladi. Shifokor farzandingizga tonzillektomiya yordam beradi deb hisoblasa, u sizlarni otorinolaringolog (quloq, burun va tomoq shifokori) mutaxassisiga yuboradi.