Toʻsiqlar yoʻlkasi

Kerak boʻladigan materiallar: karton qutilar, suzish poʻkaklari, bogʻ qamishlari, koʻrpa, yostiqlar, yumshoq oʻyinchoqlar, aylana, arqon.

Ixtiyoriy qoʻshimcha uskunalar: sekundomer.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzand(lar)ingizga bogʻda (hovlida) toʻsiqlar qoʻyishga yordam bering. Bogʻ markaziga turli xil buyumlar, masalan, karton qutilar, koʻrpalar, aylanalar, suzish poʻkaklari va hokazolarni qoʻying va farzandlaringizdan ushbu buyumlardan qanday foydalanish mumkinligini soʻrang. Ular qaysi buyumlardan tagidan emaklab oʻtish, ustidan sakrab oʻtish yoki yonidan aylanib oʻtishda foydalanishi mumkin? Ularning qay birini aylanayotganda boshning muvozanatini saqlab qolish uchun ishlatish mumkin? Ular oʻz oʻyin turlarini ishlab chiqib, sinab koʻrganlaridan soʻng, turli xil qoidalar va oʻzgartirishlar kiritib, vaqtlarini maroqli oʻtkazishlari mumkin boʻladi.

Karton qutilar va suzish poʻkaklari – oʻyinni boshlash uchun eng yaxshi anjomlar, lekin siz yumshoq oʻyinchoqlar, aylanalar, koptoklar va hatto koʻrpadan qanday foydalanishingiz mumkinligini ham oʻylab koʻring. Har bir buyumni maydon markaziga qoʻying. Atrofingizga doira shaklida turli xil toʻsiqlarni oʻrnating. Ustidan oshib oʻtiladigan toʻsiq, sakrab oʻtiladigan toʻsiq, tagidan emaklab oʻtiladigan toʻsiq va aylanib oʻtiladigan toʻsiqlar hosil qilishni hisobga oling. Ishni yakunlaganingizdan soʻng, sinovdan oʻtkazib koʻring. Sekundomerdan foydalanib vaqtni nazorat qiling va natijangizni yaxshilashga harakat qiling.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: hovlida toʻsiqlarni oʻrnatish farzandingiz uchun qiziqarli jarayon boʻlishi bilan bir qatorda, ularda ijodkorlikni, faollikni rivojlantiradi. Bolalar mashgʻulot davomida biroz tartibsizlikka yoʻl qoʻyishlari ham mumkin! Bu oʻyin uchun bor-yoʻgʻi yengil, oddiy va xavfsiz uy anjomlari – masalan, karton qutilar va yostiqlar kerak boʻladi. Ushbu oʻyin mobaynida bolalarning tasavvuri kengayadi hamda yugurish, tirmashish, emaklash orqali ularning mushaklari harakatlanadi va kognitiv malakalari rivojlanadi.