Tovushlarni aniqlang
Kerak boʻladigan materiallar: yoʻq.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bolalar yashirilgan “xazina”ni izlashni yaxshi koʻradi. Tovushlarni ham xuddi shunday zavq bilan izlashlari mumkin. Ularda dastlab diqqatni jamlab, xonadagi yoki atrofdagi barcha tovushlarni ilgʻab olish odatini shakllantirish kerak. Biroz sukut saqlang va farzandingizni ham shunga undang. Masalan, “Kel, eshitib koʻramiz. Qani qanday tovushni ilgʻar ekanmiz?” deng, soʻng quloqlaringizga ishora qiling. Taqillash, gʻichirlash, xirillash, shivirlash, shitirlash kabi tovushlarni eshitishingiz mumkin. Farzandingizni diqqat qilishga undang: “Qani, biz eshitayotgan tovushlarni aniqlay olamizmi yoki yoʻqmi? Men soat millarining chiqillashini, avtobus oʻtganini, qoʻshnimiz liftda koʻtarilayotganini eshityapman”. Farzandingiz hali yaxshi tushunmasa ham qiziqarli soʻzlardan foydalanishga harakat qiling.
Agar bola kattaroq boʻlsa: “Bu tovush qayerdan chiqadi?” deb soʻrashingiz mumkin (keyin oʻsha tovushni ovozingiz bilan oʻxshatishga urining). Farzandingiz tovush va bu tovushni taratayotgan narsa oʻrtasidagi bogʻliqlikni topib, undan zavqlanishiga imkon bering. Bu orqali til tushunchalar bilan bogʻlanib, soʻz boyligi ham ortadi.
Bu mashgʻulotdan deyarli har qanday hayotiy vaziyatda: oʻyin paytida, boʻsh vaqtda, shuningdek, kundalik yumushlar paytida, kiyinayotganda, ovqat tayyorlayotganda, qoʻl yuvayotganda, biror narsa xarid qilayotganda, piyoda yurayotganda, avtomobil boshqarayotganda (agar sogʻliqni saqlash boʻyicha mahalliy talablar bunga ruxsat bersa), avtobus kutayotganda yoki bankda navbatda turganda, pochtada yoki shifokor qabulida foydalanishingiz mumkin.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: farzandingiz bunday mashgʻulotlarni orziqib kutadi va oʻyin oʻynayotganida yaqinlarining mimikasiga, baʼzi harakatlariga taqlid qilib, koʻrsatkich barmogʻi bilan oʻzini qiziqtirgan narsaga ishora qiladi yoki boshqalarni oʻyinga jalb qilish va qiziqtirish uchun ularga narsalar beradi. Bu mashgʻulot uning soʻz boyligini va olam haqidagi bilimlarini shakllantiradi. Farzandingiz atrofni kuzatib, qanday tovushlar eshitganini sizga oddiy soʻzlar bilan yoki guvranish orqali ifodalab berishiga imkon bering.