Tushmagan moyak (kriptorxizm)

Agar farzandingizda moyak tushmagan boʻlsa, demak, uning moyagi tugʻilishidan oldin xaltasiga joylashmaganini anglatadi. Bu holat ogʻriq chaqirmaydi, lekin sogʻliqning boshqa muammolari xavfini oshirishi mumkin. Farzandingizda moyak tushmagan deb hisoblasangiz, pediatrga murojaat qiling. Kriptorxizmni bola 1 yoshga toʻlgunga qadar jarrohlik yoʻli bilan davolash mumkin.
Body

Tushmagan moyak nima?

Bola ona qornida rivojlanayotganda uning moyaklari qorin boʻshligʻida hosil boʻladi. Rivojlanishning soʻnggi oylarida moyak xaltasiga tushadi.

Tushmagan moyak bu – tugʻilish paytida moyak toʻliq moyak xaltasiga tushmagan holatdir.

Yangi tugʻilgan oʻgʻil bolalarning taxminan 2–4 foizida xaltasiga tushmagan moyak aniqlanadi. Baʼzi oʻgʻil bolalarda moyak dastlabki uch oy ichida oʻz-oʻzidan xaltasiga tushishi mumkin.

Kamdan kam hollarda moyakning tushmasligi 4–10 yoshda aniqlanishi mumkin. Bunday holda, moyak tugʻilganda xaltasida boʻladi. Bola oʻsib-ulgʻaygani sari moyakka birikkan urugʻ yoʻli bir xil tezlikda rivojlanmaydi. Bu moyakning chov sohasiga tortilishiga olib keladi.

Tushmagan moyak sog‘liq bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoli bor, jumladan, urugʻ yoʻlining buralishi (oʻralishi), churra, bola koʻrish faoliyatining pasayishi va moyak saratoni xavfini oshirishi mumkin. Xaltasiga tushmagan moyakning tibbiy nomi – kriptorxizmdir.

Pastga tushmagan moyak va siljiydigan moyak bir xil narsa emas. Siljiydigan moyak bu – odatda moyak xaltasida boʻladi, lekin oʻgʻlingiz sovqotganda, xijolat boʻlganda yoki asabiylashganda xaltadan siljiydi. Oʻgʻlingiz isinganda yoki tinchlanganda moyak yana xaltasiga tushadi. Siljiydigan moyaklar meʼyor hisoblansa-da, pediatr koʻrigi tavsiya etiladi.

Tushmagan moyakning belgilari

Tushmagan moyak kuzatilganda uni xaltasida topib boʻlmaydi. Odatda u qorin boʻshligʻining pastki qismida yoki chov sohasida aniqlanadi.

Bu holat hech qanday ogʻriqqa sabab boʻlmaydi.

Vaqti-vaqti bilan oʻgʻlingizni choʻmiltirganingizda yoki taglik almashtirganingizda uning ikkala moyagi xaltada koʻrinib turishini va paypaslanishini tekshiring. Pediatr ham moyaklarni rejali tekshiruvlar paytida muntazam tekshiradi.

Agar tushmagan moyakka shubha boʻlsa, bolani pediatrga koʻrsatish kerakmi?

Agar oʻgʻlingizda moyak tushmagan deb oʻylasangiz, pediatrga murojaat qilishingiz kerak. Ehtimol, u farzandingizni jarrohga yuboradi.

Ultratovush yoki boshqa tekshiruvlar kamdan kam hollarda talab qilinadi.

Pastga tushmagan moyakni davolash

Agar tugʻilgandan keyin tushmagan moyak aniqlangan boʻlsa, oʻgʻlingiz 3 oydan 6 oygacha boʻlgan davrda qayta tekshirilishi kerak. Agar uning moyagi shu vaqtgacha tushmagan boʻlsa, uni xaltasiga tushirish uchun jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkin.

Bu jarrohlik moyaklarga uzoq muddatli zarar yetkazilishining oldini olish va boshqa muammolar xavfini kamaytirish uchun odatda 1 yoshda oʻtkaziladi.