Tuygʻular va oʻyinlar: kichkintoylar
Bolalarning hissiyotlari va oʻyinlari
Kichkintoylar – bu har doim ham katta hissiyotlarini soʻz bilan ifoda eta olmaydigan kichik odamlardir.
Aynan mana shu damda siz oʻyinga qoʻshilasiz. Oʻyin bolalar uchun oʻrganish va rivojlanishning tabiiy usuli boʻlgani uchun kichkintoy bilan oʻynash ularga oʻz his-tuygʻularini ifoda etish va ularni boshqarish bilan shugʻullanish imkoniyatini beradi.
Siz farzandingizga u nimani va nima uchun his qilayotganini tushunishga yordam berishingiz mumkin. Masalan, agar u oʻyinchoq singani sababli xafa boʻlsa, siz bu tuygʻuni quyidagi soʻzlar bilan ifodalashingiz mumkin: “Men oʻyinchoq singani uchun xafa ekanligingni koʻrib turibman. Hechqisi yoʻq, biz uni tuzatamiz”.
Bolalar siz his-tuygʻularingizni qanday ifoda etishingizni kuzatadi va agar siz his-tuygʻularingizni oqilona boshqarsangiz, unga yaxshi oʻrnak koʻrsatgan boʻlasiz. Masalan, xafa boʻlib turgan bolangizga xotirjamlik va xayrixohlik bilan javob bersangiz, u bundan koʻp narsani oʻrganadi.
Bolaning his-tuygʻularidan nima kutsa boʻladi?
Farzandingiz ehtimol:
- 1–2 yoshida shaxs boʻlish nimani anglatishini bilib olishi mumkin;
- 1–2 yosh atrofida qoʻrquv, uyat, hamdardlik, havas tuygʻularini his qilishi mumkin;
- mustaqilroq boʻlish va sizning yordamingizsiz biror narsa qilishni xohlashi mumkin;
- 1–2 yoshida oʻz navbatini kutishi va ayrim his-tuygʻularni boshqarishi mumkin;
- 1–2 yoshida his qilayotgan tuygʻularini ifodalashi mumkin, masalan, ogʻriqdan “voy” yoki xursandligidan “qoyil” deyishi mumkin;
- oʻz xatti-harakatlarini boshqa bolalarning xatti-harakatlari bilan taqqoslashi mumkin, masalan, u oʻz navbatini kutganini, boshqalar esa kutmaganini aytishi mumkin.
Shuningdek, farzandingiz yangi va muhim tuygʻu – xafagarchlikni kashf etadi. Kichkintoyingiz ehtimol:
- oʻzi istagan narsasini ololmaganida xafa boʻlishi, yigʻlashi, baqirishi, jazavaga tushishi mumkin;
- oʻzi istagan narsasini nega xohlagan vaqtida ololmayotganini tushunmasligi mumkin;
- oʻzi istagan narsasini olish uchun tez-tez buyruq berishi mumkin;
- nimanidir kutishga sabri yetmasligi yoki oʻyinni toʻxtatishi mumkin;
- oʻz xafagarchiligini samarasiz boʻlsa ham jilovlashga harakat qilishi mumkin – jazavaga tushishi ham mumkin.
Uch yoshga kelib aksariyat bolalar aybdorlik va uyatni his qila boshlaydi. Kichkintoyingiz uchun unda katta ishonch paydo qilishingiz va qoʻllab-quvvatlashingiz muhim, bu unga oʻzi uchun yangi boʻlgan ushbu tuygʻularni tushunishga yordam beradi.
Bolalarni his-tuygʻularni ifoda etish va tushunishga hamda ularni boshqarishga yordam beradigan oʻyinlar
Oʻyin – yosh bolalar uchun hissiyotlarni ifoda etish, tushunish va boshqarishni mashq qilishning eng yaxshi usullaridan biri, bu ular uchun hali ham jiddiy vazifadir. Farzandingizni ragʻbatlantirishning ajoyib usullari bor, masalan:
– iloji boʻlsa, har qanday yoshdagi bolalar bilan birgalikda oʻynash va biror narsa qilish. Agar buning imkoni boʻlmasa, unga oʻyinda sherik boʻlishingiz mumkin;
– qoʻgʻirchoqlar, oʻyinchoqlar yoki eski kiyimlar bilan xayoliy oʻyinlar oʻynash – masalan, bolangiz qoʻgʻirchoqqa gʻamxoʻrlik qilishni yoki daraxt tepasidagi oʻyinchoqlarni jasorat bilan qutqarishni tasavvur qilishi mumkin;
– qoʻshiq va raqs – farzandingizga quvnoq yoki gʻamgin musiqani qoʻyib bering. Musiqa kayfiyatiga mos tarzda kichkintoyingiz bilan raqsga tushing;
– ust-bosh kir boʻladigan qum, plastilin, tuzli xamir yoki boʻyoqlar bilan oʻyinlar – farzandingiz kayfiyatiga qarab quvonch bilan qumni shapatilashi, plastilinning katta boʻlagini yoki xamirni tekislashi, boʻyoqlar bilan katta-katta naqshlar solishi mumkin. Bu zoʻriqishni yengillashtiradi va koʻpgina bolalar shu tarzda tinchlanishadi;
– farzandingiz vannada choʻmilish paytida yoki ochiq havoda idishga quyilgan suvni oʻynashi mumkin. Bunday mashgʻulotlar har doim charchoqni chiqarishga yordam beradi;
– kichkintoyingiz his qilayotgan tuygʻularni boshdan kechirayotgan qahramonlar toʻgʻrisidagi kitoblarni oʻqish. Bu hikoyadagi bolaning jahli chiqyaptimi? Nima uchun? U nima qilyapti? Tanaffus qiling, rasmlar va hikoyaning oʻzi haqida suhbatlashing;
– farzandingiz oʻz his-tuygʻulariga erk berishi uchun ochiq havo yoki maydonda oʻynash, u yerda kichkintoyingiz yugurishi, umbaloq oshishi yoki argʻimchoqda uchishi mumkin.