Xazina ovchilari
Kerak boʻladigan materiallar: oʻyinchoqlar, har xil narsalar va shirinliklar solingan sumka.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: koʻchaga chiqing va yaqin atrofdagi yashirinish uchun imkoniyat koʻp boʻlgan joyni (masalan, butalar, daraxtlar yoki yoʻlakchalar, balandliklar bor joy) tanlang. Tadqiq etiladigan hududni belgilab oling.
Agar guruhda oʻynayotgan boʻlsangiz, birinchi boʻlib kim borishini aniqlab oling. Tanlangan ishtirokchi 2 daqiqa davomida sumkadagi xazinani yashirib qoʻyishi kerak. Qolgan ishtirokchilar esa koʻz va quloqlarini berkitib olishlari kerak, aslo gʻirromlikka yoʻl qoʻyilmasin!
Xazina ovchilari sumkani tekshirib, undan nima olinganini aniqlagach, uni qidirishni boshlashi kerak! Oʻyinga oʻz qoidalaringizni kiritsangiz ham boʻladi, masalan, xazinani yashirgan ishtirokchi yordam uchun bitta, ikkita yoki uchta soʻz aytishi mumkin.
Xazinani topgan ishtirokchi xaltadagi boshqa biror narsani yashirishi kerak. Oʻyin xaltadagi narsalar tugagunga qadar davom etadi.
Maxsus kiyimlar bilan oʻyin yanada maroqli boʻladi, masalan, ishtirokchilar qaroqchi kiyimini kiyib, berkitilgan xazinalarni qidirishi mumkin!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: xazina ovchilari oʻyini – bolalarni tashqi dunyo bilan tanishtirishning ajoyib usuli hisoblanadi. U qiziqarli boʻlishi bilan birga bolalarning tasavvurini, diqqatini va harakatlanish koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi va ularni qiziquvchanlikka undaydi. Bundan tashqari, oʻyinni bolangizning yoshiga moslashtirish oson.