Yangi tugʻilgan chaqaloq konyunktiviti (koʻz shilliq qavatining yalligʻlanishi) va koʻz yoshi kanalining tiqilib qolishi

Koʻzning yengil qichishi yoki undan ajralma oqishi, koʻz yoshi kanallarining torayishi yoki tiqilib qolishi va konyunktivit – yangi tugʻilgan chaqaloqlar va goʻdaklarda eng koʻp uchraydigan koʻz muammolari va infeksiyalari hisoblanadi.
Body

Koʻz shilliq qavati

Bu shaffof, silliq va yaltiroq toʻqima boʻlib, tashqaridan koʻz va qovoqning orqa yuzasini yopib turadi. Chaqaloq hayotining birinchi oyida sodir boʻladigan koʻz shilliq qavatining infeksiyasi va yalligʻlanishi “neonatal konyunktivit” deb ataladi. Tugʻuruq paytida, yaʼni homila tugʻilish kanali orqali oʻtayotganda infeksiya yiringli yalligʻlanishni keltirib chiqarishi mumkin. Ushbu infeksiya bakteriyalar yoki viruslar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Eng koʻp uchraydigan infeksiyalar gonokokk (gonoreya), streptokokk, xlamidiya va gerpes virusi hisoblanadi.

Belgilar tugʻilgandan keyin 5 kundan 2 haftagacha muddatda paydo boʻladi. Bularga ogʻriq, koʻzdan koʻp miqdorda yiringli ajralma oqishi, qovoqlar va koʻz shilliq qavatining qizarishi kiradi. Bunday belgilar paydo boʻlishi bilan shifokorga murojaat qilish kerak.

Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda koʻz yalligʻlanishining oldini olish uchun tugʻilgandan soʻng darhol ularning koʻziga antibiotikli koʻz tomchilari yoki boshqa eritmalar tomiziladi.

Koʻz yoshi kanalining tiqilib qolishi

Koʻz yoshi tor koʻz yoshi kanali orqali oqadi, uning teshigi koʻzning ichki burchagida joylashgan. Har yigirmata chaqaloqdan bittasida bir yoki ikkala koʻzida koʻz yoshi kanali tiqilishi uchraydi.

Tiqilib qolgan koʻz yoshi kanalining belgilari hayotning birinchi kunlarida yoki keyinroq birinchi oy davomida paydo boʻlishi mumkin. Bu holat oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi, ammo infeksiya belgilari mavjud boʻlsa, davolanishni boshlash uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak. Koʻzning yoshlanishi yoki yiringli ajralma koʻz yoshi kanali tiqilib qolganidan darak beradi. Baʼzida koʻzning ichki burchagi ostidan burun suyagi boʻylab ketadigan chuqurchada shish va qizarish boʻlishi mumkin.

Nima qilish mumkin?

  • Koʻzning ichki burchagi ostidagi sohani ehtiyotkorlik bilan massaj qiling, bu yosh kanalida toʻplangan shilliqni chiqarib tashlashga yordam beradi.
  • Agar infeksiya belgilari paydo boʻlsa, shifokor bolaga antibiotikli koʻz tomchilarini tayinlaydi.
  • Agar chaqalogʻingizda tez-tez infeksiyaga chalinish holatlari va koʻzlari yoshlanishi kuzatilmasa, sabr qiling, odatda birinchi yilning oxiriga kelib muammo oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi; bolaning koʻzlarini toʻgʻri tozalashni bilib oling.
  • Agar belgilar takrorlansa, koʻz shifokoriga murojaat qilish kerak.