Yaproq izlari
Kerak boʻladigan materiallar: barglar, boʻyoqlar, boʻyoq choʻtkasi / yumshoq gubka, patnis.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz bilan xiyobon yoki bogʻda sayr qilib, turli xil oʻlcham va shakldagi barglarni tering.
Stolning ustiga eski gazetalar toʻshab, boʻyash uchun maxsus idishga (tuvak yoki boshqa biror chuqurroq idishdan foydalanish ham mumkin) bir qavat boʻyoq quyib, ishni boshlash uchun joy tayyorlang. Bargni boʻyoqqa botiring yoki bir tekis boʻyalishi uchun choʻtka yoki gubkadan foydalaning.
Keyin bargni qogʻozga qoʻyib, uni orqa tomonidan mahkam bosing. Bargni sekin koʻtaring, shunda qogʻozda bargning izi qolganini koʻrasiz. Bunday “bosma” izlarni bir-biriga yaqin qilib yoki ustma-ust bosib, turli xil naqshlarni yaratsangiz boʻladi. Har bir barg uchun alohida rang yoki bitta barg uchun bir nechta ranglarni aralashtirib ishlatishingiz mumkin.
Barg izlari tushirilgan qogʻozlarni quritish uchun ularni boshqa stolga oling yoki ipga ilib qoʻying. Haqiqiy sanʼat asari paydo boʻladi!
Qup-quruq barglarni olmaslikka harakat qiling (ularni erta kuzda tergan maʼqul), chunki qurigan barglarni sindirmasdan boʻyash va ishlov berish juda qiyin. Noodatiy shakldagi yoki tomirlari aniq koʻrinib turgan barglarning izlari ham juda antiqa chiqadi.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: turli yoshdagilar uchun mos boʻlgan ushbu mashgʻulot koʻrish qobiliyati va motorikani muvofiqlashtirishni rivojlantirishga yordam beradi va bolalarni ijodiy fikrlashga undaydi. Bolalar turli shakl va oʻlchamdagi barglarni topishni yaxshi koʻradi va ularni terish davomida yana qanday chizmalar yasash mumkinligi haqida oʻylab boradi.