Yassi bosh

Yassi bosh – bosh suyagi shaklining oʻzgarishi homilaning bachadondagi holati yoki tugʻuruq paytida yuzaga kelishi mumkin. U chaqaloq hayotining birinchi oylarida ham rivojlanishi mumkin. Yassi bosh odatda chaqaloq oʻsishi bilan oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi, lekin baʼzida davolash kerak boʻladi. Siz chaqalogʻingizni uygʻoq vaqtida qorniga qoʻyib, bosh holatini almashtirib, yassi boshning oldini olishda yordam berishingiz mumkin.
Body

Yassi bosh haqida

Bosh suyagining notekis yoki asimetrik shakli – yassi bosh deb yuritiladi. Shuningdek, chaqaloq boshining orqa yoki yon tomoni yassilangan boʻlishi mumkin. Yassi bosh yengil, oʻrtacha yoki ogʻir darajada boʻladi.

Chaqaloqlar koʻpincha notoʻgʻri shakldagi bosh bilan tugʻiladilar. Bunga homiladorlik paytida boshning bachadondagi joylashuvi yoki tugʻilish yoʻllari torligi sabab boʻlishi mumkin.

Shuningdek, yangi tugʻilgan chaqaloq bosh suyaklari yumshoq, yupqa va egiluvchan boʻladi. Baʼzida chaqaloqlar boshlari bir xil holatda uzoq vaqt yotganda yassiboshlik roʻy beradi.

Yassi bosh boʻyin mushaklarining tortishuvi sababli boʻlishi mumkin. Bu chaqaloqlar boshlarini bir tomonga burishga moyil ekanini bildiradi.

Yassi bosh odatda kosmetik muammo hisoblanadi. Ammo ogʻir darajadagi yassi bosh boʻlgan baʼzi chaqaloqlarda yirik motorika rivojlanishi orqada qolishi mumkin. Bu holat yon tomonga oʻgirilish va emaklash kabi koʻnikmalarning kechikishiga olib keladi.

Yassi boshning belgilari

Chaqalogʻingizning boshi notekis shaklda, ensasi yassi yoki boshning yon tomoni tekis boʻlishi mumkin.

Kichkintoyingiz quloqlarining joylashishi notekis, peshonasi esa doʻng boʻlishi mumkin.

Farzandingiz yassi bosh boʻlsa, qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar:

• chaqalogʻingizning boshi noodatiy shaklda boʻlib, u ikki oylik boʻlganda ham toʻg‘rilanmasa;

• chaqalogʻingiz boshini bir tomonga burishni afzal koʻrsa yoki boshini burish qiyin boʻlsa;

• sizni chaqalogʻingiz boshining shakli tashvishlantirayotgan boʻlsa, shifokorga murojaat eting.

Yassi boshni davolash

Koʻpincha, yengil darajadagi yassi bosh davolanishni talab qilmaydi. Farzandingiz oʻsib ulgʻaygan sayin oʻz-oʻzidan tuzalib ketishi mumkin.

Chaqaloq boshi shaklining tabiiy ravishda oʻzgarishi boshning oʻsishi va yirik motorika koʻnikmalari rivojlanishi bilan bogʻliq. Chaqalogʻingiz orqasi bilan kam yotganda, koʻproq qorni bilan yotganda va oʻtirganda boshning orqa qismiga bosim kamayadi.

Agar chaqalogʻingiz davolanishga muhtoj boʻlsa, shifokor yoki hamshira sizga davolash rejasini tuzish uchun bolalar fizioterapevtiga murojaat qilishni tavsiya qiladi.

Davolash quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:

• chaqalogʻingiz holatini oʻzgartirishi, uygʻoq paytida boshning tekis joyi bilan yotmasligi kerak;

• boʻyin mushaklari harakatini yaxshilash va choʻzish uchun yengil mashqlarni bajarish;

• harakat koʻnikmalarni ragʻbatlantirish uchun chaqaloq yonboshlashni, tortilishni va koʻp harakatlarni oʻrganishi kerak;

• chaqalogʻingiz uygʻoq boʻlganda qorni bilan yoki yonboshlab yotishi kerak;

• chaqalogʻingizni maʼlum holatda koʻtarishingiz kerak – mutaxassislar sizga kerakli maslahat berishadi.

Yassi bosh profilaktikasi

• Chaqaloq uxlab yotganida uning boshini oʻng va chap tomonga almashtirib turishga harakat qiling.

• Taglikni almashtirish stolidan yoki bolalar karavotchasidan foydalanganda chaqalogʻingizning boshini u yoki bu tomonga navbatma-navbat almashtiring.

• Agar chaqalogʻingiz uygʻoq boʻlsa, uni qorni bilan yoki yon tomonga qaratib yotqizing va oʻynashini nazorat qiling.

• Chaqaloqni ragʻbatlantiring – masalan, unga gapiring, qoʻshiq ayting yoki shiqildoqni shiqillating va oʻyinchoqlarni u xush koʻrmaydigan tomonga qoʻying. Bu bolani boshini aynan shu tomonga burishga undaydi.

Kichkintoyni orqasi bilan yotqizish – uxlash uchun eng xavfsiz holat. Bolani qorniga yoki yonboshiga yotqizish ularda toʻsatdan oʻlish xavfini oshiradi.