Yerda vaqt oʻtkazish
Kerak boʻladigan materiallar: gilamcha, koʻrpa, sevimli oʻyinchoqlar, shaqildoqli oʻyinchoqlar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: Farzandingizni shunday joylashtiringki, uning oyoq panjalarining tag qismiga bemalol tega olishingiz mumkin boʻlsin. Ehtiyotkorlik bilan oyoqlari va oyoq barmoqlarini oʻynang, ularni mayinlik bilan qitiqlang. Barmoqlarga birin-ketin tegib, har bir barmoqning nomini ayting: “Bu barmoq ... jimjiloq / koʻrsatkich barmoq / bosh barmoq”. Farzandingiz yerda chalqancha yotar ekan, harakatlanib, ovoz chiqaruvchi oʻyinchoqni yoqib qoʻying (agar bor boʻlsa). U ovoz chiqarayotgan narsani qidiradimi, yoki yoʻqmi – tekshiring. Shaqildoq oʻyinchoq yoki loviya solingan idishni shaqillatib, farzandingiz uni qidiradimi-yoʻqmi – tekshiring.
Farzandingiz yumshoq, tekis yuzada, karavot yoki koʻrpa ustida chalqancha yotganda qoʻllari, barmoqlarini uqalang va u bilan gaplashing: “Bu sening qoʻling, bu sening barmoqlaring”, deb unga nima qilayotganingizni gapirib bering. Yoki qoʻllarini silagan holatda qoʻshiq kuylab berishingiz mumkin. Boshqa usul – oddiy oʻyinchoqni farzandingiz koʻradigan, ammo qoʻli yetmaydigan joyga qoʻying. U intilyaptimi? Bola qarayotgan paytda oʻyinchoqni qimirlatishingiz mumkin. Farzandingiz biroz katta boʻlgach, oʻyinchoqqa yetib olishi uchun agʻdarilishiga yordam berasiz.
Farzandingiz biroz katta boʻlgach, “yerda vaqt oʻtkazishi” uchun juda koʻp usullardan foydalansa boʻladi! Gilam ustiga koʻrpa yoki sochiq toʻshang, farzandingizning boshini yon tarafga qaratib, qorni bilan yotqazing. Uni ragʻbatlantirish uchun yoniga yoting. Farzandingiz bu holatda istaganicha yotishi mumkin, ammo uning boshi chap tarafga ham, oʻng tarafga ham bir xil vaqt davomida qaratilishi kerak. Siz uning sevimli oʻyinchogʻini qoʻli yetmaydigan qilib qoʻyishingiz ham mumkin. Farzandingiz katta boʻlgan sari uni oʻyinchoqqa talpinib, oʻsha tomonga harakat qilishga undang.
“Qorin vaqti” farzandingizning jismoniy rivojlanishi uchun juda muhim. Farzandingiz har kuni qorni bilan koʻproq yotishiga eʼtibor qarating. U yuzini yerga qaratib yotgan payti ehtiyotkor boʻlib turing va uni vaqtida oʻgirib qoʻying, chunki yuzi yerga qaratilgan holatda bolaning nafas olishi qiyin boʻladi. Vaqt oʻtishi bilan u kuchga kirib, boshini koʻtargan holda qoʻllariga tiralib biroz koʻtariladi. Keyinchalik bu harakatlar dumalash va emaklashga olib keladi.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu oddiy oʻyinlar farzandingiz atrofida yoqimli va ijobiy muhit yaratish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu oʻyinlar davomida farzandingiz boshi va tanasi harakatlarini oʻrganib, ularni boshqaradi. Qoʻllariga tayangan holda boshini koʻtarishni oʻrganadi.