Yolgʻiz ota-onalar (yoki yolgʻiz ona, yoki yolgʻiz ota) va bolalarni ijobiy tarbiyalash
Yolgʻiz ota-onalar ham baxtli va sogʻlom bolalarni tarbiyalay oladilar
Yolgʻiz ota-onalar tarbiyalagan bolalar ikki biologik ota-onasi bilan yashaydigan bolalar kabi baxtli va ruhiy sogʻlom boʻlishi mumkin. Ota va onasi bor yoki ulardan biri yoʻq boʻlishidan qatʼi nazar, bolalarni gʻamxoʻr, doʻstona munosabatda boʻlgan, sezgir, mehribon va moslashuvchan ota yoki ona tarbiyalasa, ular yaxshi rivojlanadilar.
Ota-onalar farzandlariga yaxshi tarbiya berishlari mumkin, agar ular:
- bolani tarbiyalashda oʻzlariga ishonchni his etsalar;
- yaxshi ota-ona boʻlish uchun harakat qilsalar;
- hech kim mukammal emasligini tushunsalar;
- oila va doʻstlar ularni qoʻllab-quvvatlasa.
Bolalar ota-onalaridan ayrildanlari tufayli qoʻrqib qolgan boʻlishlari mumkin.
Agar siz ayriliqni boshdan kechirayotgan yolgʻiz ota yoki ona boʻlsangiz, farzandingizga ota-onasi uni yaxshi koʻrishini va ayriliqda uning aybi yoʻqligini aytishingiz kerak.
Yolgʻiz ota yoki onaning bolalar bilan ijobiy munosabatlar oʻrnatishi
Ijobiy oilaviy munosabatlar bolalar oʻzlarini xavfsiz va sevimli his qilishlariga yordam beradi. Bunday munosabatlar siz ham oʻzingizni yaxshi his qilishingizga koʻmaklashadi.
Farzandingiz bilan munosabatlarni rivojlantirishning bir necha usullari:
- Fursatlardan unumli foydalaning. Farzandingiz bilan kunning har qanday vaqtida va har qanday joyda birga boʻlish mumkin. Kechki ovqatlanish vaqtida televizor koʻrish oʻrniga farzandingiz bilan suhbatlashishingiz mumkin. Avtobusda ketayotganda soʻzli oʻyinlar oʻynashingiz, bogʻda sayr qilayotganda qoʻshiq kuylab berishingiz yoki uxlashdan oldin kulgili hikoyalar aytib berishingiz mumkin.
- Qiziqish bildiring. Farzandingizning sevimli mashgʻulotlari haqida, jumladan, sport, musiqa, kitob oʻqish va hatto jismlar qanday tuzilgani haqida gaplashing. Farzandingizdan u yoqtiradigan stol oʻyinini qanday oʻynash kerakligini koʻrsatib berishini soʻrang.
- Samimiy eʼtibor koʻrsating. Iloji boricha koʻproq tabassum qiling, kuling va bolangizni quchoqlang. Ertalab uyqudan turganida, bolalar bogʻchasidan yoki maktabdan kelganida uni koʻrganingizdan juda xursand ekaningizni bildiring.
- Birga bir vaqt oʻtkazing. Agar farzandlaringiz bir nechta boʻlsa, har bir bola bilan alohida vaqt oʻtkazishga harakat qiling. Masalan, kichik bolalarga uyqudan oldin kitob oʻqib berish yoki kichik bolalar uxlayotganda katta farzandingiz bilan past tovushda oʻyinlar oʻynash mumkin.
- Farzandingizni maqtang. Masalan: “Men bilan oʻz hissiyotlaring haqida gaplashganingdan mamnunman”, deyishingiz mumkin.
Yaxshi xulq-atvorni ragʻbatlantirish
Aniq qoidalar va chegaralar bolalarga xavfsizlik va himoyalanganlik hissini beradi.
Yolgʻiz ota yoki ona ayniqsa charchagan va kuchli ruhiy zarbani (stressni) boshdan kechirayotganda yoki farzandining xulq-atvori muammolar tugʻdirayotganda qoidalar va chegaralarga rioya qilishi qiyin boʻladi.
Agar turmush oʻrtogʻingiz bilan yaqinda ajrashgan boʻlsangiz, bolangizda gʻalati xulq-atvor paydo boʻlishi mumkin. Bu – odatiy holat. Baʼzi bolalar oʻzlarining eski odatlariga, masalan, kechasi siyib qoʻyish, uyquning chala boʻlishi, ovqat yemaslik va jazavaga tushish kabilarga qaytishlari mumkin. Farzandingiz ham yomon kayfiyatda boʻlishi va tez-tez janjallashishi ehtimoli bor.
Quyida yaxshi xulq-atvorni ragʻbatlantirish va muammoli xulq-atvorni yengish boʻyicha baʼzi tavsiyalar keltirilgan. Agar bir necha hafta ichida muammoli xulq-atvor masalasi hal boʻlmasa, mutaxassisga, masalan, shifokor yoki hamshiraga murojaat qilishingiz mumkin.
His-tuygʻularni tan oling
Farzandingizni gʻazabi yoki koʻngli qolganini soʻz bilan ifodalashga undang va unga tinglayotganingizni koʻrsating. Siz oʻrinsiz xatti-harakatlarni qabul qilmaysiz, lekin bu his-tuygʻularni tan olishingiz mumkin. Masalan, “Juda gʻazablanayotganingni koʻryapman, lekin menga baqirishing yaxshi emas. Kel, bir necha marta chuqur nafas olamiz, keyin nima boʻlayotgani haqida gaplashamiz”.
Aniq qoidalarni yarating
Qaramogʻingizdagi farzandingiz oilaning qonun-qoidalarini bilishi kerak. Ajrashgan boʻlsangiz va sizning qoidalaringiz sobiq turmush oʻrtogʻingizning qoidalaridan farq qilsa, buning hech qanday qoʻrqinchli joyi yoʻq.
Oilaviy yigʻinlarda baʼzi qoidalar boʻyicha kelishib olish birinchi yaxshi qadamdir. Bu har kimga muhokamada qatnashish imkonini beradi va farzandingizning qoidalarga rioya qilish ehtimolini oshiradi.
Barqaror boʻlishga harakat qiling
Qoidalarga muntazam rioya qilinsa, bolalar oʻzlarini yaxshi tutadilar. Qoidalaringizga iloji boricha rioya qiling va bolangiz oʻzini sizdan olib qochsa ham, xotirjam boʻlishingiz kerakligini esda tuting. Qoidalarga har doim ham qatʼiy rioya qilmasligingiz qoʻrqinchli emas. Keyingi safar yengilmaslikka harakat qiling.
Agar yaqinda ajrashgan boʻlsangiz, ajralishdan oldin qoʻllagan qoidalaringizga rioya qilishni davom ettiring.
Oʻz uslubingizni tanlang
Agar yolgʻiz ota yoki yolgʻiz ona boʻlsangiz, intizom masalalari bilan shugʻullanish sizni charchatishi mumkin. Bu oʻz uslubingizni tanlashga yordam beradi. Masalan, agar bogʻcha yoshidagi farzandingiz opasining yuziga marker bilan chizsa, asabiylashishingiz mumkin. Ammo bu chiziq yuvilganda yoʻqolsa, gʻazablanishning nima keragi bor?
Agar mayda-chuyda narsalarga eʼtibor bermasangiz, xavfsizlik yoki farovonlik kabi muhim masalalarni hal qilish uchun koʻproq kuchga ega boʻlasiz.
Bola tarbiyasida muvozanatni taʼminlash
Barcha ota-onalarda boʻlgani kabi siz ham tarbiyada muvozanatni topishga qiynalasiz.
Agar oʻzingizni juda qattiqqoʻl deb bilsangiz, masalan, bolangizga baqirsangiz yoki uni xonasida uzoq vaqt ushlab tursangiz, oʻzingizni koyimaslikka harakat qiling. Buning oʻrniga bolangiz bilan qayta aloqa bogʻlang va uni tinchlantiring. Keyingi safar vaziyatni qanday yengish mumkinligi haqida oʻylang.
Farzandingiz bilan juda yumshoq munosabatda boʻlish oson, ayniqsa, bu sizga ancha xotirjamlik bersa. Agar oilangiz ajralish yoki boshqa katta oilaviy oʻzgarishlarni boshdan kechirgan boʻlsa, farzandingizni yetarli darajada azoblandi deb hisoblab, jazolashni xohlamasligingiz mumkin. Ammo xulq-atvorda paydo boʻlgan muammolar bilan vaqtida shugʻullanish kelgusidagi muammolarning oldini oladi.
Yolgʻiz ota-ona sifatida sizning ijobiy xulq-atvoringiz, qatʼiyatingiz bolangiz uchun butun umrga namuna boʻlib qolishi mumkin. Siz bolangizga hatto qiyin boʻlgan taqdirda ham, yashashni davom ettira olishingizni koʻrsatishingiz mumkin. Ammo hech bir ota-ona mukammal emas, shuning uchun biror-bir harakatingiz notoʻgʻri ketganda oʻzingizga nisbatan oʻta talabchan boʻlmang.
Oʻz his-tuygʻularingizni va kattalarning muammolarini tartibga solish
Farzandingiz sizning kuchli ruhiy zarba (stress) paytida gʻamgin, gʻazablangan yoki xafa boʻlganingizni albatta koʻradi. Bu – har bir oiladagi ota-ona uchun meʼyoriy holat. Farzandingiz uni sevishingizni, salbiy his-tuygʻularingiz u bilan bogʻliq emasligini tushunishi va bilishi juda muhim. Bu bolangizning tinchlanishiga va siz albatta uning yonida boʻlishingizni anglashiga yordam beradi.
Farzandim tushunadigan yoshga yetgan deb hisoblasangiz, ortiqcha tafsilotlarga berilmay, sizni bezovta qilayotgan narsalar haqida roʻy-rost aytishga harakat qiling. Masalan, “Bugungi ish kunim juda ogʻir kechdi. Kayfiyatim yomon”. Oʻz his-tuygʻularingiz bilan ulashish bolalar ham oʻz his-tuygʻularini ifoda etishiga yordam beradi.
Qoidaga binoan, kattalar bilan yuzaga kelgan muammolarni bolangiz bilan muhokama qilmaslikka harakat qiling. Kattalarning baʼzi muammolari, masalan, moliyaviy muammolar, xiyonat yoki sobiq turmush oʻrtoq bilan ziddiyat – bolalarni juda tashvishga solishi mumkin. Muammolaringizni boshqa doʻstlaringiz bilan muhokama qiling.