Yosh bolalarda oʻzini-oʻzi boshqarish
Oʻzini-oʻzi boshqarish nimani anglatadi?
Oʻzini-oʻzi boshqarish bu – oʻz xatti-harakatini, atrofidagi voqealar va his-tuygʻularga boʻlgan munosabatini tushunish va ularni boshqarish qobiliyatidir.
U quyidagi qobiliyatni oʻz ichiga oladi:
- umidsizlik yoki hayajon kabi his-tuygʻularga javoblarni tartibga solish;
- hayajonlanish yoki xafa boʻlganidan soʻng tinchlanish;
- diqqatni vazifani bajarishga qaratish;
- diqqatni yangi vazifani bajarishga qaratish;
- tashqi taʼsirlarga berilishni (impuls) boshqarish;
- boshqa odamlar bilan yaxshi munosabatda boʻlishga yordam beradigan xulqni oʻrganish.
Nima uchun oʻzini-oʻzi boshqarish muhim?
Farzandingiz ulgʻayganida, oʻzini-oʻzi boshqarish unga quyidagi holatlarda yordam beradi:
- maktabda, chunki oʻzini-oʻzi boshqarish farzandingizga sinfda tirishqoq va eʼtiborli boʻlish imkoniyatini beradi;
- jamoat oldida oʻzini yaxshi tutish, chunki oʻzini-oʻzi boshqarish farzandingizga tashqi taʼsirlarga berilishni (impuls) nazorat qilish qobiliyatini beradi;
- doʻstlar orttirish, chunki oʻzini-oʻzi boshqarish farzandingizga navbatma-navbat oʻynash, oʻyinchoqlar bilan boʻlishish va his-tuygʻularini aniq va sodda ifodalash imkonini beradi;
- mustaqil boʻlish, chunki oʻzini-oʻzi boshqarish orqali oʻz xulq-atvori boʻyicha toʻgʻri qaror qabul qilish va sizning yordamingizsiz ham yangi vaziyatlarda oʻzini yanada mustaqil tutishni oʻrganadi;
- tang holatlardan chiqish, chunki oʻzini-oʻzi boshqarish farzandingizga kuchli his-tuygʻularga bardosh bera olishini va jahli chiqsa, tinchlanishga yordam beradi.
Oʻzini-oʻzi boshqarish qanday va qachon rivojlanadi?
Bolalarda oʻzini-oʻzi boshqarish samimiy va sezgir munosabatlar orqali rivojlanadi. Shuningdek, ular atrofdagi kattalarni kuzatganda ham rivojlanadi.
Oʻzini-oʻzi boshqarish bolalar goʻdakligidan boshlanadi. U koʻpincha goʻdaklik va maktabgacha yoshda juda faol rivojlanadi, lekin u balogʻat yoshida ham shakllanishda davom etadi.
Masalan, chaqaloqlar oʻzlarini tinchlantirish uchun barmoqlarini soʻrishi yoki ular charchagan yoki eʼtibordan dam olmoqchi boʻlsa, parvarishlovchilariga qaramasligi mumkin.
Kichkintoylar oziq-ovqat va oʻyinchoqlar berilishini qisqa vaqt kutishi mumkin.Ular agar haqiqatan ham aynan shu oʻyinchoqni xohlasa, boshqa bolalardan uni tortib olishlari mumkin. Bundan tashqari, kichkintoylar kuchli his-tuygʻularni boshqara olmaganlarida jazavaga tushadi.
Maktabgacha yoshdagi bolalar boshqa bolalar bilan qanday oʻynashni va ulardan nima kutilayotganini tushunishni boshlaydi. Masalan, maktabgacha yoshdagi bola kinoteatrda past ovozda gapirish kerakligini eslab qolishi mumkin.
Maktab yoshidagi bolalar oʻz xohish-istaklarini yaxshiroq nazorat qila boshlaydilar, boshqalarning nuqtayi nazarini tasavvur qiladi va vaziyatlarni har tomonlama koʻra oladi. Bu, masalan, oʻzlarining dalillari boʻlmasa ham, boshqa bolalar bilan kelishmasliklari mumkinligini anglatadi.
Odatda tuygʻularni kuchli va yorqin his qiladigan bolalar oʻzlarini boshqarishga qiynaladi. Xotirjam bolalar uchun bu unchalik qiyin emas. Hatto katta bolalar va oʻsmirlar ham baʼzida oʻzlarini nazorat qilishda qiynaladi.
Bolani oʻzini-oʻzi boshqarishga qanday oʻrgatsa boʻladi?
Farzandingizni oʻzini-oʻzi boshqarishga oʻrgatishning eng yaxshi usuli kerak boʻlganda uni qoʻllab-quvvatlashdir. Buni amalga oshirishning baʼzi usullari quyida keltirilgan:
- Farzandingiz bilan his-tuygʻular haqida suhbatlashing. Masalan, “Sen oʻyinchogʻing sinib qolgani uchun xafa boʻlib, uni tashlab yubordingmi? Yana nima qilish mumkin edi?”
- Farzandingiz kuchli tuygʻu bilan kurashayotganida uni bu tuygʻu nimaligini va unga nima sabab boʻlganini aytishga undang. Yoki agar bu osonroq boʻlsa, u tinchlangunicha kuting.
- Farzandingizga kuchli his-tuygʻularga javob berishning toʻgʻri usullarini topishga yordam bering. Masalan, bolaga u haddan tashqari charchaganini his qilganda dam olishni yoki kattalardan yordam soʻrashni oʻrgating. Unga ayting: “Kel, dam olaylik” yoki “Agar xohlasang, men senga yordam beraman”.
- Sabr qilishni unutmang. Yosh bolalarga kuchli his-tuygʻularni boshqarish juda qiyin boʻlishi mumkin.
Farzandingizga oʻzini-oʻzi boshqarishga yordam beradigan bir nechta xulqiy strategiylar mavjud:
- Farzandingiz oʻzini yaxshi tutishi qiyin boʻlgan jiddiy vaziyatlarga tayyor boʻling. Masalan, “Biz bormoqchi boʻlgan doʻkonda buzilishi/sinishi mumkin boʻlgan koʻp buyumlar bor. Tomosha qilish mumkin, lekin, iltimos, ularga tegma”. Doʻkonga kirganingizda unga aytganlaringizni ehtiyotlik bilan eslatib turing. Masalan, “Esingdami? Biz shunchaki tomosha qilyapmiz, toʻgʻrimi?”
- Farzandingiz oʻzini tuta olsa va qiyin vaziyatni yengsa, maqtang. Misol uchun, “Oʻz navbatingni kutganing yaxshi, barakalla” yoki “Doʻsting soʻraganida u bilan boʻlishishing menga yoqdi”.
- Farzandingiz oʻzini-oʻzi boshqarishi kerak boʻlgan vaziyatlarni namuna qilib koʻrsating. Misol uchun, unga asabiylashmasdan qanday qilib qiyin/yoqimsiz vazifani bajarish mumkinligini koʻrsating. Siz shunday deyishingiz mumkin: “Voy, bu juda qiyin edi. Men gʻazablanmaganimdan xursandman, chunki oʻshanda men buni umuman qila olmasdim”.
Esingizda boʻlsin, yosh bolalarga kuchli his-tuygʻularni boshqarish juda qiyin, boladan uning yoshi va rivojlanishiga mos kelmaydigan ishlarni kutmang. Bola albatta oʻrganadi! Agar u hali qanday qilishni bilmasa yoki tushunmasa, xafa boʻlmaslikka oʻrgating.
Oʻzini-oʻzi boshqarishga bogʻliq muammolar
Vaqti-vaqti bilan turli taʼsirlar farzandingizning oʻzini boshqarish qobiliyatiga taʼsir qilishi mumkin. Masalan, charchoq, kasallik va uning kun tartibidagi oʻzgarishlar farzandingizning his-tuygʻulari va xulqini boshqarish qobiliyatiga taʼsir qilishi mumkin. Bundan tashqari, baʼzi bolakaylar bolalar bogʻchasida oʻzlarini nazorat qila biladi, lekin uyda oʻzlarini tutishi qiyin. Boshqa bolalar gavjum, shovqinli joylarda, masalan, savdo markazlarida qiyinchiliklarga duch keladi.
Oʻzini-oʻzi boshqarish bilan bogʻliq muammolar meʼyoriy holat boʻlsa-da, agar siz farzandingizning xulqidan xavotirlanayotgan boʻlsangiz yoki u ulgʻayganda uning xatti-harakatlarini boshqarishga qiynalayotgan boʻlsangiz, mutaxassis bilan maslahatlashing. Pediatr, hamshira, farzandingizning tarbiyachisi yoki oʻqituvchisi bilan gaplashing.
Agar quyidagilarni his qilsangiz, mutaxassislarga murojaat qiling:
- farzandingizda tengdoshlariga qaraganda tez-tez jazavaga tushish yoki muammoli xulq kuzatilsa;
- yoshi ulgʻaygan sari bolada muammoli yoki nazorat qilish qiyin boʻlgan xulq kuzatilsa;
- farzandingizning xatti-harakati oʻzi uchun yoki boshqalar uchun xavfli boʻlsa;
- bolada tartib-intizom bilan bogʻliq muammolar bor boʻlsa va uning xulqini boshqarish boʻyicha harakatlaringiz ish bermasa;
- bola juda odamovi boʻlsa va boshqalar bilan muloqot qilishga qiynalsa;
- farzandingiz oʻz tengdoshlari kabi muloqot va ijtimoiy koʻnikmalarga ega boʻlmasa.
Agar farzandingizda xulqiy buzilishi va autizm kasalligi yoki nogironligi boʻlsa, u bilan ishlaydigan mutaxassislar bilan suhbatlashing. Ular uning xulqini nazorat qilish yoʻllarini taklif qiladilar va oʻzini-oʻzi boshqarish koʻnikmalarini oʻrganishga yordam beradi.