Yulduzlarni tomosha qilish
Kerak boʻladigan materiallar: talab etilmaydi.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: yulduzlarni ostonangizning oʻzida ham tomosha qilishingiz mumkin, lekin oilangiz bilan tinch, qorongʻi, xavfsiz va yorugʻlikdan uzoqroq joyga borsangiz, yana ham yaxshi boʻladi.
Osmon ochiq boʻlgan kechada issiq shokolad va gazaklar tayyorlang. Sovuq qotmaslik uchun bir nechta adyol va qopkoʻrpa (agar bor boʻlsa) oling.
Qulay joylashib oling, yerga chalqanchasiga yoting va boshingiz uzra yoyilgan koinot gilamiga qarang. Bolalarga oyga qarashni ayting. Bu ularga biror narsani eslatyaptimi? Ular eng yorqin yulduzni payqadimi? Bu yulduzning yoshi nechada boʻlishi mumkin? Ulardan biror yulduzni tanlab, bitta tilak aytishlarini soʻrang!
Yoshi kattaroq bolalarga yulduzlar turkumini qidirish yoqadi (yulduzlar xaritasini internetdan topsa boʻladi, uni oʻzingiz bilan olib boring), lekin barcha yoshdagi bolalarga yulduzlar kundaligini tutish va oʻzlari koʻrgan narsalarni yozib borish yoqadi. Omadingiz kelsa, osmonda yorqin porlab uchgan yulduzni koʻrishingiz mumkin!
Odamlar yulduzlar changidan yaralgan! Inson tanasining deyarli barcha elementlari qadim-qadimlarda portlagan yulduzlardan tashkil topgan.
Yulduzlarni kuzatish – hech qanday jihoz talab etilmaydigan ajoyib mashgʻulotdir, sizga kerak boʻladigan yagona narsa bu – tiniq, yorqin kecha.
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot bolalarni quyosh tizimi bilan tanishtiradi va ularga fan, tabiat, tarix, koinot va, albatta, oʻzga sayyoraliklar toʻgʻrisida bilim berishning ajoyib usuli hisoblanadi!