Bola choʻkib ketmasligi uchun nima qilish kerak?

Choʻkish 5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun oʻlimning asosiy sababidir va boshqa barcha yoshdagi bolalar oʻlimining eng keng tarqalgan sabablaridan biridir. Kattalarning ehtiyotkorligi choʻkib ketishning oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Body

Bola choʻkib ketmasligi uchun nima qilish kerak?

  • Bolalar suvga yaqin joyda boʻlganda diqqat-eʼtiborli boʻling. Bolalarning harakatlarini kuzating.
  • Yosh bolalar choʻmilish vaqtida, suzayotganda yoki suvga yaqin joylarda oʻynayotganda ularga kattaroq yoshdagi bolalar qarab turishini iltimos qilmang. Bolalar choʻmilayotgan yoki suzayotgan barcha joylarda (dengiz, koʻl, hovuz, vannada) ular har doim ota-onalari yoki bolalar uchun masʼul boʻlgan boshqa katta insonlar nazoratida boʻlishlari kerak.
  • Bolalar vannada choʻmilayotganda, har doim ular bilan birga boʻling. Kichkintoylar va yosh bolalar odatda vannada yoki togʻorada choʻkib ketishlari mumkin. Bola choʻmilayotganda doimo yonida boʻling va ularni hatto katta aka yoki opalari bilan ham qoldirmang. Chaqaloqlar 12 сm li chuqurlikdagi suvda ham choʻkishlari mumkin! Bolani choʻmiltirib boʻlganingizdan keyin vannadagi suvni oqizib yuboring.
  • Hovlida mumkin boʻlgan xavflarni aniqlang. Quduqlar, hojatxonalar, hovuzlar, chelaklar – yosh bolalar ularga osongina tushib ketishlari mumkin, shuning uchun ularda suv boʻlmasligini yoki ularga yetib olmaslikni taʼminlash juda muhim. Bolalar suzish havzalari va boshqa suvli joylarga mustaqil bora olmasliklari uchun suv manbalarini himoya panjarasi bilan chegaralang.
  • Bolalar uydan, hovlidan tashqariga mustaqil chiqa olmasligiga ishonch hosil qiling. Bolalar koʻchaga yoki qoʻshni hovlilarga chiqib, xavfsiz boʻlmagan kanallar, suzish havzalari va boshqa suv havzalarini topib olishlari mumkin.
  • Agar bolalar suzishni bilmasalar, ularga himoya vositalarini kiygizish kerak, masalan, suzish nimchalari, qoʻl bantlari va boshqalar. Agar ushbu turdagi shaxsiy himoya vositalaridan foydalanilmasa, choʻkish ehtimoli ortadi; shuning uchun bolalar, ayniqsa qirgʻoq boʻylab harakatlanayotganda, qayiqlarda suzib yurganda yoki daryolarda, koʻllarda, dengizda suzishda va agar kerak boʻlsa, suzish havzalarida himoya vositalaridan foydalanishlariga ishonch hosil qiling.
  • Suvga sakrash ayniqsa xavflidir. Sayoz suvga sakrash va hovuz chetiga urilib jarohat olish bola choʻkib ketishiga sabab boʻlishi mumkin, shuningdek bu umurtqa shikastlanishiga olib kelishi mumkin.
  • Bolalarga sakrash joyi chuqurligini oʻlchash usulini oʻrgating, shuningdek, birinchi martasiga oyogʻi bilan sakrashiga ishonch hosil qiling.
  • Qish paytida bolalar muzlagan havzalar ustida yurishlariga yoʻl qoʻymang. Koʻpincha muz yetarli darajada qalin boʻlmaydi, shuning uchun bolaning vaznini koʻtara olmasligi mumkin.

Bolani suzishga oʻrgating

4–5 yoshida bolalarni suzishga oʻrgating, lekin ularning turli xil ekanini yodda tuting va suzishga majburlamang; buning oʻrniga, u suzishga qarshilik koʻrsatmasligi uchun tayyor boʻlganda suzish mashgʻulotlarini boshlashingiz kerak.

Esingizda boʻlsin – bola suzishni biladi deb, uni qarovsiz qoldirmang. Siz suzish koʻnikmalarini va asosiy jonlantirish muolajalarini (yurakni massaj qilish va sunʼiy nafas berish) oʻzlashtirishingiz kerak.