Bolalar terisini parvarish qilish vositasini qanday tanlash kerak?
Chaqaloq terisini parvarish qilishga moʻljallangan turli xil mahsulotlarning keng tanlovi koʻpincha ota-onalarni chalkashtirib yuboradi. Chaqalogʻingiz uchun aynan qaysi biri toʻgʻri kelishini tanlash oson emas.
Сhaqaloqning sogʻlom terisiga (taglik sohasidan tashqari) krem yoki losyon surtmaslik kerak. Chunki bunday qilsangiz, terining tashqi muhitga tabiiy moslashishi buziladi.
Taglik sohasi uchun kremlar suv asosida tayyorlangan, allergensiz, yumshatuvchi va terida namlikni ushlab turadigan boʻlishi kerak. Choʻmiltirish uchun sovun oʻrniga maxsus vositalar – bolaning terisini qichitmaydigan, teridagi gidrolipidli himoya qatlamini yuvib yubormaydigan yumshoq gellar, qattiq sovunlar tavsiya etiladi.
Bolalar terisi uchun moʻljallangan yumshoq tozalagichlar – “sovunsiz” sovunlardir, ular yumshoq, ammo terini oddiy sovun kabi tozalaydi. Yumshoq yuvish vositalari qattiq (qoʻl va yuzni yuvish uchun) yoki suyuq (tanani yuvish uchun) boʻladi; shuningdek, ular bakteriyalarning koʻpayishiga toʻsqinlik qiladigan terining tabiiy himoya plyonkasini saqlaydi, teriga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, teridagi teshikchalarni yopib qoʻymaydi va badanni qichitmaydi.
Bundan tashqari, terini artish uchun chaqaloqlarga moʻljallangan mitsellyar suvdan foydalanishingiz mumkin; u chaqaloqlar va katta yoshdagi bolalarning nozik terisini, shuningdek, yuzi, koʻzlari, qoʻllari, teridagi ajinlari va taglik sohasini ehtiyotkorlik bilan tozalashda ishlatiladi. Bu vosita yangi tugʻilgan chaqaloqlar va katta yoshdagi bolalarning terisini yumshatadi, teriga yaxshi taʼsir qiladi va koʻzlarga zarar yetkazmaydi. Uning tarkibida chaqaloq terisini qichitadigan turli xil kimyoviy moddalar mavjud emas. U teriga paxta bilan surtiladi va toza suvda yuviladi. Mitsellyar suvning barcha komponentlari 98% tabiiydir.
Bolalarni choʻmiltirish vositalaridan haftasiga 2–3 martadan koʻp foydalanmaslik kerak, ular “iloji boricha tezroq va imkon qadar kamroq” tamoyili asosida ishlatilishi zarur.