Bolani emizishda ona va bolaning holati

Chaqaloqni qulay holatda tutishni oʻrganish bola tugʻilgandan keyingi dastlabki kun va haftalarda ayniqsa muhimdir. Hamma onalar uchun yagona toʻgʻri holat boʻlmaydi – bolani yaxshi emizish imkoniyatini beradigan, oʻzingiz uchun eng qulay boʻlgan holatni tanlang.
Body

Chaqaloqni koʻkrak oldida toʻgʻri holatda tutishni oʻrganish bola tugʻilgandan keyingi dastlabki kun va haftalarda ayniqsa muhimdir. Koʻkrakka toʻgʻri holatda tutishning hamma onalarga mos yagona usuli mavjud emas. Har bir emizikli ona oʻzi uchun qulay boʻlgan va chaqaloqni yaxshi ovqatlantirishga imkon beradigan holatni tanlashi kerak.

Bu videoda har qanday holat uchun muhim boʻlgan asosiy jihatlar, koʻplab onalar va bolalar uchun qulay boʻlgan bir nechta umumiy holatlar koʻrsatiladi. ​​​​

Koʻkrakka toʻgʻri tutish bolani koʻkrakni yaxshi ushlab olishini taʼminlaydi va yetarli miqdorda ona suti ishlab chiqarishga yordam beradi

Farzandingizni koʻkrak oldida toʻgʻri tutishning toʻrtta asosiy holati quyidagilardir:

  1. Bolaning boshi tanasi bilan bir chiziqda joylashgan hamda yon tomonga burilmagan boʻlishi kerak.
  2. Bolaning tanasi koʻkrak tomonga burilgan boʻlishi va u sizning yuzingizga qarab turishi lozim.
  3. Bola sizga yaqin joylashgan boʻlishi zarur.
  4. Siz bolaning nafaqat boʻyni va yelkasini, balki butun tanasini ikkala qoʻllaringiz bilan ushlashingiz kerak.

Bolani koʻkrak oldida toʻgʻri tutishning turli usullari mavjud

Belanchak holati (eng koʻp ishlatiladi).
Bu holatda siz qaysi koʻkrak bilan emizayotgan boʻlsangiz, bolani oʻsha tomondagi qoʻlingiz bilan ushlaysiz (oʻng koʻkrak bilan emizilsa, bola oʻng qoʻlda joylashadi). Bolaning boshi qoʻlingizning bukilgan qismiga, ogʻzi esa soʻrgʻich sathida boʻlishi, oʻzingiz ham ikki yonida tirsak qoʻyishga moʻljallangan tutqichi bor stul yoki kresloda tik holatda oʻtirishingiz kerak. Bolaning boshi va tanasi bir chiziqda joylashganiga va yon tomonga burilmaganiga ishonch hosil qiling. Qulay boʻlishi uchun tizzangizga yostiq qoʻyishingiz mumkin.

“Koʻndalang belanchak” holati (kichik bolalar uchun qulay).

Emizish vaqtida bola koʻkrakni toʻgʻri ushlab turishini taʼminlash uchun yana bir yaxshi holat bu – “koʻndalang belanchak” holati boʻlib, bunda yostiq tizzaga, bola esa yostiqning sizga qaragan tomoniga qoʻyiladi. Emizish vaqtida bolaning tanasi va boshini emizilayotgan koʻkrakka qarama-qarshi turgan qoʻlingiz bilan ushlang.

Yonbosh holatda (emizish paytida dam olish va kechasi uchun ishlatiladi).

Agar bir vaqtning oʻzida emizish va dam olishga imkon beradigan holatni qidirsangiz, yonbosh yotib emizish eng mukammal holat boʻlishi mumkin. Yostiqqa suyangan holatda yon tomonga yoting. Bolaning yuzini oʻzingizga qaratib turganingizda u yostiq ustida yotgan koʻkrak uchini ogʻziga solishi oson boʻladi. Siz bolani emizish paytida uni ushlab turish uchun orqa tomoniga sochiq yoki koʻrpa qoʻyishingiz mumkin. Bu holat kesar kesishdan keyin oʻtira olmaydigan onalar uchun ham mos keladi.

Qoʻltiq osti holati (kesar kesishdan keyin qoʻllang, agar koʻkrak soʻrgʻichlari ogʻriyotgan boʻlsa va egizak yoki kichkina bolani emizayotgan boʻlsangiz).

Qoʻltiq osti holati (qoʻl ostidagi holat ham deyiladi) kesar kesishdan keyingi va katta koʻkrakli ayollar uchun juda mos keladi. Bu holatda bolaning ogʻirligi onaning qorniga tushmaydi. Qoʻlingizni bukib, bolangizni bel sathingizda ushlang. Bolaning boshini koʻkragingizga qaratib, kaftingizni ochgan holatda ushlang. Bunda bola xuddi qoʻltiq ostida turgandek koʻrinadi. Ikkinchi qoʻlingiz bilan koʻkrakni shunday ushlangki, barmoqlaringiz soʻrgʻich ostida, bosh barmogʻingiz esa yuqorisida boʻlib, lotincha C harfini hosil qilsin. Bu holat vaqtidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarni emizish uchun ham yaxshi usul hisoblanadi.

Egizaklarni emizish holati.

Agar farzandlaringiz egizak boʻlsa, chaqaloqlarni alohida-alohida emizishingiz mumkin. Lekin ularni bir vaqtning oʻzida emizishni afzal koʻrsangiz, qoʻltiq osti holati siz uchun juda mos keladi. Bolalar ikki tomonlama qoʻl ostida boʻlishadi.