Laktatsiyani (sut ishlab chiqilishini) saqlash

Barcha yangi tugʻilgan chaqaloqlarni ona suti bilan boqish muhim. Juda kam uchraydigan tugʻma modda almashinuvi kasalliklarigina istisnoli holat yuzaga keltirishi mumkin. Ona suti eng yaxshi ozuqa ekani isbotlangan va betob chaqaloqlar hamda koʻkrak yoshidagi barcha bolalarni ovqatlantirishda birinchi oʻringa qoʻyilgan.
Body

Maxsus va jadal davolash boʻlimlarida yangi tugʻilgan chaqaloqlarda muvofiqlashtirilgan emish-yutish-nafas refleksi (odatda bu homiladorlikning 34-haftasida roʻy beradi) boʻlsa, mustaqil nafas olishsa va ahvollari ogʻir boʻlmasa, ular koʻkrak sutini ema oladilar.

Homiladorlikning 34-haftasigacha boʻlgan davrda muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlar, mustaqil nafas ololmayotgan bolalar yoki kasalligi tufayli ahvollari ogʻirlashgan bolalar ema olmaydilar. Bitmagan tanglay, yurak nuqsonlari, nevrologik yoki irsiy kasalliklar, masalan, Daun sindromi kabi boshqa nuqsonlari boʻlgan bolalar emish bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Bunday hollarda bolani ona suti bilan uning holatiga qarab oziqlantirish mumkin.

Agar chaqalogʻingizdan (vaqtidan oldin tugʻilgan chaqaloq, intensiv terapiya boʻlimiga joylashtirilgan yoki boshqa muassasaga oʻtkaziladigan betob yangi tugʻilgan chaqaloq) olti-sakkiz soatdan koʻp vaqtga ajratilgan boʻlsangiz, koʻkragingizni sogʻishni boshlashingiz kerak. Shu tarzda siz sut ishlab chiqarilishini ragʻbatlantirasiz va chaqalogʻingizga eng yaxshi ozuqa berish imkonini yaratasiz.

Sutingiz bolangiz uchun eng yaxshi ozuqadir. Muddatidan oldin tugʻilgan yoki kasal bolangizdan ajralganingizda u uchun hech narsa qila olmaydiganga oʻxshaysiz. Aslida bolangizga bera oladiganingiz bor – u sutingizdir.

Koʻkrak sutini qoʻllar bilan sogʻish boʻyicha maslahatlar

  • Koʻkrakni 24 soat ichida 6–8 marta muntazam ravishda boʻshatib turishingiz kerak, bu sogʻlom, muddatida tugʻilgan chaqaloqning onasi koʻkrak stimulyatsiyasini oʻtkazishiga taqlid qilishdir.
  • Qoʻllar bilan sogʻish muolajasi 20 minut davom etishi kerak; ikki muolaja orasidagi vaqt 5 soatdan oshmasligi va siz kechasi kamida bir marta ushbu muolajani bajarishingiz shart.
  • Dastlabki bir necha marta sogʻilganda sut miqdori kam boʻlishi mumkin, lekin asta-sekin sutning miqdori amaliyot bilan orta boradi.
  • Siz qulay va boʻshashgan holatda boʻlganingizda, chaqalogʻingizni oʻylaganingizda, surati yoki oʻyinchogʻini ushlaganingizda, uni kuzatganingizda, u bilan birga boʻlganingizda, koʻkragingizni mayinlik bilan uqalaganingizda va isitganingizda, bosh va koʻrsatkich barmogʻingiz bilan koʻkrak soʻrgʻichini siypalab ragʻbatlantirishda sut ajralish refleksini (oksitotsin refleksini) uygʻotishingiz mumkin.
  • Sutni yigʻish va saqlash uchun idish va qoʻl gigiyenasiga eʼtibor qaratish muhimdir.
  • Emizish kabi qoʻllar yordamida sogʻish ham oʻrganishni talab qiladigan koʻnikmadir. Siz tugʻuruqxona yoki jadal davolash boʻlimi xodimlaridan kerakli maslahat va yordamni olasiz; yordam soʻrashdan qoʻrqmang.

Boshida qoʻllar yordamida sogʻish tavsiya etiladi. Sutni yigʻishdan tashqari qoʻllar yordamida sogʻish koʻkrak bezidagi dagʻallik tufayli yuzaga kelgan bezovtalik tuygʻusini yengillashtirishga yordam beradi, dagʻallashgan koʻkrak soʻrgʻichining shishlarini kamaytiradi, bu esa chaqaloqqa koʻkrakni tutib olishga yordam beradi. Natijada tiqilib qolgan sut yoʻllarining ochilishiga erishiladi. Bunday hollarda qoʻllar yordamida sogʻish ancha kam vaqt talab etadi.

Sutni qoʻl yoki elektr soʻrgʻichlar yordamida sogʻish uning yigʻilishini sezilarli darajada osonlashtirishi mumkin, ayniqsa, bola uzoq vaqt emizilmasa yoki ona va bola boshqa sabablarga koʻra ajratilgan (onaning kasalligi yoki ishga erta qaytishi) boʻlsa, yanada samaraliroq natija beradi. Yangi avlod elektr soʻrgʻichlari onalarning turli xil ehtiyojlariga moslashtirilgan; kamchiligi narxining yuqori ekanidir. Bu moslamalar ishlab chiqaruvchining koʻrsatmalariga muvofiq saqlanishi va tozalanishi shart.

Laktatsiyani saqlash, ayniqsa, ona va bola uzoq vaqt davomida ajratilgan boʻlsa, ona uchun qiyin va zerikarli boʻlishi mumkin. Agar buning uddasidan chiqa olmasangiz, bolangizning ehtiyojlariga moslashtirilgan maxsus aralashmalar mavjudligini yodda tuting. Oziqlantirishdan tashqari, bolangizga koʻrsatadigan mehrli, qoʻllab-quvvatlovchi munosabatingiz va muhabbatingiz uning mukammal oʻsishi va rivojlanishida muhim oʻrin tutadi.