Ko'krakni bo'shatish va ona sutini ifoda etish
Tugʻuruqdan soʻng koʻkrak oz, ammo chaqaloq uchun yetarli miqdorda sut bilan toʻla boshlaydi. Agar chaqaloq koʻkrakka toʻgʻri tutilsa, koʻkrakni samarali emsa, talab va taklifning ideal sharoitlari yaratiladi (sut miqdori chaqaloqning ehtiyojiga mos keladi). Bunday holda sutni sogʻish kerak boʻlmaydi. Baʼzan koʻkrak dagʻal, tarang va ogʻriqli boʻlishi mumkin. Hamma chaqaloqlar soʻrish va yutish refleksi bilan tugʻiladi, lekin baʼzi chaqaloqlar tugʻilgandan soʻng darhol samarali emadi, baʼzilari esa yordamga muhtoj.
Sogʻish talab etiladi:
- agar bola erta tugʻilgan, kam vazn yoki sariqlik tufayli birinchi kunlarda koʻkrakni yetarlicha emmasa;
- siz va chaqalogʻingiz kasallik tufayli ajralganda;
- sut yoʻllari tiqilib qolganda, koʻkrak uchlari shikastlangan va koʻkrak yalligʻlanganda;
- koʻproq sut ishlab chiqarishni kuchaytirganingizda;
- uzoq vaqt uyda boʻlmaslikni rejalashtirganda yoki ishga qaytganda, bunda parvarishlovchi odam chaqaloqqa sutingizni bera oladi;
- sutingizni ona sutini toʻplashga topshirmoqchi boʻlganingizda;
Ehtiyojga qarab bolangizga sogʻilgan sutni berishingiz, muzlatkichda saqlasangiz, bolaga olib borishingiz (agar chaqaloq kasalxonada boʻlsa yoki siz boshqa sabablarga koʻra ajralgan boʻlsangiz) mumkin. Koʻkrak sutini saqlash boʻyicha tavsiyalarga amal qiling!
Sutni qoʻl yordamida sogʻish
Tayyorgarlik koʻrish uchun:
- Qoʻlingizni sovun va suv bilan yuving.
- Massaj sut chiqarish refleksini ragʻbatlantiradi va ajralib chiqishini osonlashtiradi. Koʻkrakni yengil massaj qiling: koʻkrak asosidan boshlang va soʻrgʻich tomon harakatlaning. Bunda koʻkrakning pastki qismini unutmang. Hech bir qismi eʼtibordan chetda qolmasligi uchun bir necha marta takrorlang. Massaj yengil boʻlishi kerak, yengil bosim bilan yoki barmoq uchlari bilan sekin uring (pianino tugmalaridagi kabi).
- Massajdan oldingi iliq kompresslar ham sut ajralishini osonlashtirishi mumkin.
- Sut uchun idishni (yaxshisi, piyola) koʻkrak ostiga, tizzalar orasiga yoki past stolga qoʻying, shunda ikkala qoʻlingiz boʻsh boʻladi.
- Hoʻl barmoqlardagi tomchilarini tozalash uchun sochiq tayyorlang.
Sogʻish:
- Agar koʻkrak katta yoki ogʻir boʻlsa, uni boshqa qoʻlingiz bilan ushlab turishingiz mumkin.
- Bosh barmogʻingizni va boshqa barmoqlaringizni bir-biriga qarama-qarshi joylashtiring, koʻkrak soʻrgʻichidan uzoqda ushlang.
- Bosh barmogʻingiz va birinchi ikki barmogʻingiz bilan avval ichkariga, koʻkrak oʻrtasiga bosing; sogʻish ogʻriq keltirmasligi kerak.
- Keyin boshmaldogʻingiz va boshqa barmoqlaringizni birlashtirishni xohlagandek, bir maromda harakatlar va ohistalik bilan siqib qoʻying. Shunday qilib, siz sut yoʻllarini siqasiz va sut oqa boshlaydi.
- Sut birinchi navbatda tomchilab, soʻng sut chiqarish refleksi ishlaganda tizillab chiqadi.
- Bosh barmogʻingiz va koʻrsatkich barmogʻingizni areola atrofida aylantirish sizga koʻkrakning barcha qismlaridan sut berish imkonini beradi.
- Koʻkrakni oqim kamayib ketguncha 3–5 minut davomida boʻshating, keyin boshqa koʻkrakka oʻting. Butun muolajani yana bir bor takrorlang, shunda koʻkrakni boʻshatish jami 20–30 minut davom etadi.
- Koʻkrakni boʻshatish charchatishi mumkin; tanaffus qiling va suv iching.
- Terini qoʻpol ishqalab, soʻrgʻichni siqishdan saqlaning; bu shish paydo boʻlishiga olib keladi va sut ajralishiga qarshilik koʻrsatadi.
Sogʻish asbobi yordamida
- Sogʻishdan bir necha minut oldin koʻkragingizga iliq kompress qoʻying.
- Har ikkala koʻkrakni yengil massaj qiling.
- Ikkala koʻkrakdan biroz sut sogʻing.
- Sogʻish asbobi gardishini va silikon massaj qopchasini koʻkrakka mahkam bosing.
- Asta-sekin asbob dastagini pastga suring, bir necha sekund ushlab turing, soʻng xuddi bola emgandagi kabi maromda qoʻyib yuboring.
Qoʻlda ishlaydigan asboblardan tashqari turli xil elektr asboblar mavjud. Ular qoʻlda ishlaydigan sogʻish asboblariga oʻxshaydi. Elektr asboblar jarayonni ancha osonlashtiradi, chunki nasos siz uchun ishlaydi. Kamchiligi ham yoʻq emas – ularning narxi baland. Baʼzi onalarga koʻkragini qoʻl bilan sogʻish oson, baʼzilarga esa sogʻish asbobidan foydalanish. Agar sogʻish asbobi sotib olmoqchi boʻlsangiz, tanlov borasida mutaxassislarga murojaat qiling. Bunday asbob sizga oʻzi kerakmi yoki yoʻqligini yaxshilab hisob-kitob qilib oling.
Sut miqdori
Baʼzi ayollar sogʻishni osonlik bilan bajaradilar, baʼzilariga esa toʻgʻri texnikani oʻrganish uchun vaqt kerak. Sogʻiladigan sut miqdori bolaning yoshi, oxirgi emizish vaqti, koʻkrakni boʻshatish soniga bogʻliq. Agar ozgina sut sogʻib olsangiz yoki umuman olmasangiz, buni toʻgʻri bajarayotganingizga ishonch hosil qilish uchun mutaxassisdan yordam soʻrang.
Agar yaxshi sharoit yaratib, oʻzingizni qulay his qilsangiz, sutni sogʻib tashlash jarayoni oson va muvaffaqiyatli boʻladi. Bir stakan suv tayyorlang. Eng muhimi, yetarli vaqt ajrating, ayniqsa, bu borada tajribasiz boʻlsangiz.