Ona COVID-19 infeksiyasi bilan zararlanganda emizish boʻyicha tavsiyalar
Emizish / koʻkrak suti bilan oziqlantirish chaqaloqlar, goʻdaklar va bolalar oʻlimini kamaytirishi va immunitetga bir umrlik taʼsir koʻrsatishi isbotlangan. Epidemiyalar va barcha tabiiy ofatlar paytida bu yangi tugʻilgan chaqaloqlar va goʻdaklarni oziqlantirish uchun eng muhim tabiiy manba hisoblanadi.
Maʼlum gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda COVID-19 kasalligining yengil klinikasi bilan kasallangan onaga chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilish va uni emizishni davom ettirish tavsiya etiladi:
- Har 2 soatda xonani 10 daqiqa shamollating.
- U tegadigan yuzalarni muntazam tozalang va dezinfeksiya qiling.
- Bolaga gʻamxoʻrlik qilish va emizish paytida burun va ogʻizga toza niqob taqish kerak. Niqobni har 2 soatda va nam boʻlishi bilan almashtirish kerak. Niqobni yechayotganda yuzga yopishib turgan qismiga tegish mumkin emas. Ishlatilgan niqob tashlab yuborilishi va qayta ishlatilmasligi kerak. Niqobni taqqandan keyin qoʻllarni yuvish zarur.
- Bola bilan aloqada boʻlishdan oldin doim qoʻllarni 20 soniya davomida sovunlab yuvish kerak.
- Emizishdan oldin va keyin koʻkrakni yuvishning hojati yoʻq. Muntazam ravishda dush qabul qilish va tungi koʻylakni tez-tez almashtirish orqali tana gigiyenasiga rioya qilish kifoya. Agar yoʻtalganingizda koʻkragingizdan ajralma chiqsa, ularni sovun va suv bilan yuving.
Agar kasallik yuqqan onada shamollash belgilari boʻlmasa va chaqaloq bilan bir xonada boʻlsa, karavotlar bir-biridan 2 m uzoqlikda joylashishi va ularning orasi toʻsib qoʻyilishi kerak.
Agar ona yoʻtalsa yoki aksirayotgan boʻlsa, chaqaloq bilan bir xonada yotmaslik tavsiya etiladi. Tugʻuruqdan keyingi boʻlimga kirayotganda bolaning homiysi himoya niqobini taqishi kerak.
Infeksiyalangan ona qogʻoz salfetkaga yoʻtalishi yoki aksirishi va uni darhol qopqoqli axlat qutisiga tashlashi kerak. Shundan soʻng qoʻllarni 20 soniya davomida sovun va suv bilan yuvish kerak.
Agar ona chaqaloqni koʻkrak suti bilan boqish uchun oʻzini yetarli darajada yaxshi his qilmasa (darmonsizlik, yengil shamollash belgilari, 38,5 °C gacha isitma boʻlsa), unga sutini sogʻishga yordam berish kerak. Umumiy ahvoli yaxshilanganidan keyin u emizishni davom ettirishi mumkin. Sutni sogʻishda ona belgilangan gigiyena qoidalariga rioya qilishi zarur.
Burun va ogʻizga toza niqob taqish kerak.
Har bir sogʻishdan oldin qoʻllarni 20 soniya davomida sovunlab yuvish kerak.
Yuvilgan va sterilizatsiya qilingan koʻkrak pompasi (sut sogʻish moslamasi) bilan sogʻish qoʻlda sogʻishdan koʻra afzalroqdir, chunki sutga infeksiya tushish ehtimoli kamroq boʻladi.
Agar onaning umumiy ahvoli yomon boʻlsa, oilaning sogʻlom aʼzosi chaqaloqni parvarish qilish masʼuliyatini oʻz zimmasiga olishi va uni sunʼiy sut bilan oziqlantirishi kerak. Ona sogʻayganidan keyin emizishni davom ettirishi lozim, uning koʻkragidan sut ajralishini (laktatsiyani) tiklashga yordam berish kerak.