Koʻkrak suti bilan talabga koʻra boqish – bolaning ehtiyojlariga javob berish
Talabga koʻra oziqlantirish bu – ota-ona chaqaloqning belgilarini payqab, shunga mos ravishda javob beradigan munosabatlardir. Bu bolaning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlaydigan ishonchli munosabatlarni shakllantirishga yordam beradi.
Bolani belgilangan jadval boʻyicha emas, balki talabga koʻra emizganingizda, laktatsiya (sut kelishi) tezroq amalga oshadi va sut koʻproq ishlab chiqariladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqda sariqlik, koʻkrak dagʻallashishi va mastit xavfi kamayadi. Bunday yondashuv emizishning muvaffaqiyatli kechishini taʼminlaydi: bolangizni dastlabki olti oyda hech qanday qoʻshimchalarsiz koʻkrak suti bilan boqish va boshqa oziq-ovqatlarni kiritgandan soʻng, hech boʻlmaganda birinchi yil oxirigacha emizishda davom etishga sabab boʻladi.
Bola ochqaganining belgilari:
U bezovtalana boshlaydi, ogʻzini ochadi, goʻyo biror narsani qidirgandek, boshini yon tomonga aylantiradi; bu bolaning sizga “Men ochman, meni ovqatlantiring” deganidir.
Buning ortidan qoʻllarini ogʻziga soladi, harakatlari yanada jadallashadi; buning maʼnosi “Men juda ochqadim” deganidir.
Bola koʻndirib boʻlmaydigan darajada yigʻlay boshlashini kutmang; bu belgi “Meni tinchlantiring, keyin ovqatlantiring” degan maʼnoni anglatadi.
Yangi tugʻilgan chaqaloqning “meʼyoriy” harakati nima?
Bu savolga oddiy javob yoʻq, chunki har bir bola oʻziga xos boʻladi. Tugʻuruqxonada tibbiyot xodimlarining yordami va qoʻllab-quvvatlashi bilan siz farzandingiz bilan tanishasiz, uning harakatlarini va ularga javob berishni oʻrganasiz.
- Yangi tugʻilgan chaqaloq dastlabki yetti kun ichida taxminan har uch soatda emishni xohlaydi, lekin bundan koʻproq emishi ham mumkin.
- Baʼzida bola bir necha soat davomida bir necha marotaba emizishni soʻraydi, ona esa buni sutning yetishmasligi yoki boshqa muammo deb tushunishi mumkin.
- Sut kelganda odatda 24 soat ichida kamida 10–12 marotaba emiziladi.
- Baʼzi emizishlar orasidagi oraliq uzoqroq boʻlishi mumkin.
- Kechasi emizish (ayniqsa, boshida) sut ishlab chiqarilishini tezlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Kimdir sizga tez-tez emizish soʻrgʻichlarning yorilishiga olib kelishi ehtimoli borligini aytishi mumkin. Soʻrgʻichlarning ogʻrishi va shikastlanishi tez-tez va uzoq emizishdan emas, balki bolaning koʻkrakka notoʻgʻri tutilishi natijasida kelib chiqadi. Agar bola koʻkrakka toʻgʻri tutilgan boʻlsa, uzoq yoki tez-tez emishidan qatʼi nazar, hech qanday qiyinchilik boʻlmaydi.
Har doim ham qachon va qancha emish kerakligini bola hal qilishi kerak emas
- Agar emizish juda uzoq (aksar hollarda 40 minutdan koʻproq davom etadi) yoki juda qisqa (aksar hollarda 10 minutdan kamroq davom etadi) yoki juda tez (24 soatda 12 martadan koʻp) boʻlsa, bolaning koʻkrakka toʻgʻri tutilganligini, jiddiy vazn yoʻqotish yoki sogʻligida muammo bor-yoʻqligini tekshirib koʻring.
- Agar chaqaloq muddatidan oldin tugʻilganligi, kamvaznligi yoki sariqlik tufayli uyquchan yoki zaif boʻlsa, baʼzida uni kuchga toʻlgunga qadar sogʻilgan ona sutini piyoladan berib boqishga undash kerak boʻladi.
- Agar koʻkragingiz dagʻallashgan va ogʻriyotgan boʻlsa, soʻrgʻichni yumshatish va bolaning ogʻziga solishni osonlashtirish uchun sutni qoʻl yoki sut sogʻish uskunasi yordamida ozroq sogʻing. Yangi tugʻilgan chaqaloqni tez-tez emizish uchun uygʻoting, kuniga kamida 10–12 marta emizing, bu farzandingiz uchun ham, siz uchun ham foydali boʻladi.
Uxlayotgan bolani emizish uchun qanday uygʻotish kerak?
- Bolaning qoʻllari va oyoqlarini erkin harakatlantirishi uchun oching va boʻshashtiring.
- Goʻdakni yotgan holatda emas, tik yoki yarim oʻtirgan holatda emizing.
- Bolani muloyimlik bilan silab, u bilan suhbatlashing.
- Agar bola hali ham uxlayotgan boʻlsa, yarim soat kutib turing va qaytadan urinib koʻring.
- Yonoqlarini chimchilash yoki bolaning oyoqlariga urish kabi ogʻriqli harakatlardan saqlaning.