Chaqaloqning keng tarqalgan xatti-harakatlaridan biri: yigʻlash
Kichkintoy oʻsib borgani sari yigʻisi ham oʻzgaradi. Chaqaloqlar oʻrtacha hisobda kuniga uch soatgacha yigʻlaydi, 10 ta chaqaloqdan 1 tasi bundan koʻproq yigʻlashi mumkin. 6–8 haftaligida chaqaloqlar eng koʻp yigʻlaydi, ular ulgʻaygani sayin yigʻi miqdori kamayishi kerak. Olti oylikdan kichik chaqaloqlar tushdan keyin va kechqurun ayniqsa koʻp yigʻlaydi. Bunday yigʻlash odatda chaqaloq hayotining beshinchi oyiga kelib kamayishi mumkin. Chaqaloq oʻsib-ulgʻaygani sari yigʻisi asosan u sizga aytmoqchi boʻlgan narsa bilan bogʻliq boʻladi.
Bola yigʻlaganda nima qilish kerak? Siz bera oladigan birinchi yordam – uning ochqagani, charchagani yoki bezovtaligini tekshirish. Keyin uni ovutish oson boʻladi: uni ovqatlantirasiz, uxlatasiz yoki tagligini almashtirasiz. Bundan tashqari, quyidagilarni bajarishingiz ham mumkin:
- Bolani sekin allalang. Nafis harakatlar va onaning yaqinligi tinchlantiruvchi taʼsirga ega boʻlishi mumkin.
- Kichkintoyingiz bilan sayr qiling (hatto juda charchagan boʻlsangiz ham).
- Uni choʻmiltiring yoki mehr bilan massaj qiling. Bolani silash va massaj qilish orangizdagi aloqalarni mustahkamlashi mumkin. Oilangiz vrachidan qanday massaj qilishni soʻrab oling.
- Kichkintoyingiz bilan muloyimlik bilan suhbatlashing, unga qoʻshiq aytib bering yoki allalaganda sokin musiqa qoʻying. Baʼzan soch quritkich, changyutkich kabi uskunalarning shovqini ham chaqaloqni tinchlantirishi mumkin.
- Taʼsir omillarini, masalan, chiroqlar yorugʻligini kamaytirish orqali bolani tinchlantiring.
Bolaning yigʻisi ota-onalarni qattiq bezovta qilishi mumkin, ular qoʻrquv, gʻazab yoki stressni boshdan kechirishi mumkin. Qisqa vaqtga boʻlsa ham, sayr qilish, kitob oʻqish, sport bilan shugʻullanish yoki choʻmilish uchun vaqt topishga harakat qiling. Kichkintoyingiz yigʻlayotgan boʻlsa va uni ovutolmasangiz, uni xavfsiz joyga qoʻyib, xonadan chiqib keting. Bolani hech qachon silkitmang – bu miyaning chayqalishiga olib kelishi mumkin.
Yordam soʻrang va his-tuygʻularingiz haqida ochiq gapiring. Garchi qoʻlidan kelgan hamma narsani qilayotgan boʻlsa-da, chaqaloqlar uzoq va qattiq yigʻlasa, koʻp ota-onalar charchaydi va asabiylashadi. Shuning uchun maslahat soʻrang va nimani boshdan kechirayotganingiz va qanday munosabatda boʻlayotganingiz haqida gapiring.