Yangi tugʻilgan chaqaloqning yigʻisi

Yigʻi bu – chaqaloqning oʻz atrofidagilar bilan muloqot qilish usuli. Chaqaloqlar tez-tez va koʻp yigʻlaydi (hech boʻlmaganda ota-onalarga shunday tuyuladi) va bu doim ularning ehtiyojlari borligidan darak beradi. Bu ehtiyojlar koʻpincha oddiy boʻlib, ularni ovqatlantirish, kiyimlarini almashtirish, isitish yoki erkalash orqali qondirish mumkin.
Body

Chaqaloq oilaga kelganidan keyingi birinchi kunlar ota-onalar uchun eng qiyin kunlar boʻladi. Siz tezda bolaning ehtiyojlarini tushunishni va ularga javob berishni oʻrganasiz. Dastlab yechim topish uchun tekshirilishi kerak boʻlgan narsalar roʻyxatini tuzing va bosqichma-bosqich harakat qiling:

  • Ochlik – yigʻlashning eng koʻp uchraydigan sababi, chaqaloq qanchalik kichik boʻlsa, sut xohlayotganining ehtimoli shuncha katta boʻladi. Shuning uchun birinchi navbatda uni ovqatlantirib koʻring. Agar bolani koʻkrak bilan boqayotgan boʻlsangiz, laktatsiyani (sut ishlab chiqarilishi) yaxshilash uchun iloji boricha tez-tez emizib turing. Albatta, yigʻlayotgan chaqaloq doimo och boʻladi degani emas! Dastlab oxirgi marta qachon emizganingizni eslang; agar bolani yaqindagina ovqatlantirgan boʻlsangiz, yigʻining sababi boshqa boʻlishi mumkin.
  • Balki, bolaning tagligini almashtirish kerakdir. Baʼzi chaqaloqlar tagligi toʻlganini darrov bilintirmaydi, baʼzilari esa zudlik bilan almashtirilishini xohlaydi. Har qanday holatda ham, doim taglikka qarang, chunki uni oʻzgartirish kerak boʻlishi mumkin.
  • Bola sovqotmasligi yoki isib ketmasligi kerak. Ehtiyot boʻling, bola haddan tashqari isib ketmasin. Qoidani yodda tuting: bolaga sizdan koʻra atigi bir qavat koʻp kiyim kerak. Agar chaqaloq boshining orqa qismi issiq va nam boʻlsa, u juda isib ketayotgan boʻlishi mumkin, unga qulay sharoit yarating va xonaning haddan tashqari isib ketmaganini tekshiring. Agar chaqaloq sovqotsa, uni isitishning eng tez va eng yaxshi usuli – bagʻringizga bosish.
  • Chaqaloq onasi bilan boʻlishni xohlaydi, chunki har bir chaqaloq ona mehriga, eʼtiboriga va yaqinligiga muhtoj. Balki, chaqalogʻingiz uni quchoqlashingizni, qoʻlda koʻtarishingizni, ovozingizni eshitishni xohlar. Baʼzida yurak urishi va hidingizni his qilishi uchun uni oʻzingizga yaqin tutishingiz kifoya.
  • Goʻdaklar sanchigʻi odatda hayotning ikkinchi haftasidan keyin paydo boʻladi.
  • Shaxsiy kayfiyatingiz ham kichkintoyingizning bezovtalanishiga olib kelishi mumkin. Allaqachon kech boʻldi, balki, charchagandirsiz; ehtimol, farzandingizning bunday taʼsirchanligidan jahlingiz chiqar. Farzandingiz koʻpincha sizning kayfiyatingizga javob qaytarishini tushunsangiz, bu u bilan munosabatlarda yanada xotirjam boʻlishingizga yordam beradi.
  • Juda koʻp eʼtibor baʼzan xafa boʻlgan chaqaloqni yanada koʻproq yigʻlashga majbur qilishi mumkin. Agar uni bir-biringizga uzatsangiz, kerak boʻlmaganda tagliklarini almashtirsangiz, unga qayta-qayta ovqatlanishni taklif qilsangiz, yigʻlashini tashvishli ohangda muhokama qilsangiz, uni battar xafa qilishingiz mumkin va u bundan ham kuchliroq yigʻlaydi.

Agar chaqalogʻingiz tinimsiz yigʻlasa va uni tinchlantira olmasangiz, quyidagilarni tekshirib koʻring:

  • Burun bitishi – bolaning burnini tozalash (fiziologik eritma bilan yuvish) katta yordam berishi mumkin.
  • Quloqning yalligʻlanishi toʻsatdan va tinchlantirib boʻlmaydigan yigʻi bilan birga kuzatilishi mumkin, ammo bu yigʻlashning kamroq uchraydigan sababidir.
  • Chaqaloqning tagligi sohasida toshma bor-yoʻqligi.
  • Oʻgʻil bolalarning yorgʻogʻini va oʻgʻil yoki qiz bolalarning tos sohasini tekshiring. Siqilgan churra juda ogʻriqli boʻlgan qattiq qizil oʻsimta sifatida namoyon boʻladi. Bunday holatda shoshilinch jarrohlik aralashuvi talab etiladi. Chaqaloqlar bunday operatsiyalarni juda yaxshi oʻtkazadi, kasalxonada qisqa vaqt qoladi va tezda tuzalib ketadi.

Qachon bolani darhol shifokorga koʻrsatish kerak?

  • Bolaning doimiy yigʻlashi va bezovtalanishi nafas olishning qiyinlashishi yoki tez nafas olish, lablar oqarishi yoki koʻkarishi, qusish, diareya (ichketish) yoki axlatda qon paydo boʻlishi bilan birga kechadi.
  • Chaqaloqda xatti-harakatlarning oʻzgarishi bilan kuzatiladigan gʻayrioddiy, bir xilda yigʻlash yoki qichqirish, baland ovozda yigʻlash.
  • Agar chaqaloq qattiq yigʻlasa va siz uni ilgari yordam bergan hech bir usul orqali yupatolmasangiz yoki yigʻining sababini tushunmasangiz.

Farzandingizning yigʻisiga munosabat bildiring. Shu tariqa u siz uchun juda qadrli ekanini, atrofdagilarga ishonishi mumkinligini unga koʻrsatib berasiz. Farzandingiz erka boʻlib ketishidan qoʻrqmang. U bilan baham koʻrgan sevgingiz ortiqcha boʻlishi mumkin emas. Bu farzandingizning oʻz imkoniyatlarini toʻliq anglaydigan, oʻziga ishongan, qanoatli, turmush oʻrtogʻiga va farzandlariga mehr-muhabbat bera oladigan inson boʻlib ulgʻayishi uchun poydevor yaratadi.