Yigʻlash: chaqaloqlar va 0–8 yoshli bolalar
Chaqaloq va bolalar yigʻisi haqida
Hamma bolalar och boʻlganda, charchaganda, oʻzini noqulay sezganda, kasal yoki ogʻriq bezovta qilganida yigʻlaydi. Baʼzida ular mehrga muhtoj boʻlgani uchun yigʻlaydilar. Kichkintoylar va katta yoshdagi bolalar, shuningdek, xafa, tushkun holatda yoki gʻazablanganida ham yigʻlashi mumkin.
Ammo goho yigʻlayotgan bolaga nima kerakligini aniqlash qiyin boʻladi, ayniqsa, u hali gapirmasa.
Shuning uchun, farzandingiz yigʻlaganida, avvalo, uning kasal yoki shikastlanmaganini tekshiring. Agar ishonchingiz komil boʻlmasa, shifokor qabuliga yoziling.
Agar bola boshqa sabablarga koʻra yigʻlayotgan boʻlsa, yordam berish uchun koʻp narsa qilishingiz mumkin.
Hech qachon yigʻlayotgan bolani siltamang, urmang yoki shikastlamang. Agar bolani xafa qilishim mumkin deb oʻylasangiz, bundan toʻxtang. Yuring va chuqur nafas oling. Yordam uchun kimnidir chaqiring – bu doʻstingiz, qoʻshningiz yoki biror mutaxassis boʻlishi mumkin.
Chaqaloqlar: yigʻi
Chaqaloqlar yigʻlash qobiliyati bilan tugʻiladi. Yigʻlash – ular bilan muloqot qilishning asosiy usuli.
Har oʻn chaqaloqdan taxminan bittasi koʻp yigʻlaydi, “koʻp” – kuniga uch soatdan koʻproq. 12 oygacha boʻlgan bolalar koʻpincha tushdan keyin va kechqurun yigʻlaydilar. Bu siz uchun juda stressli boʻlishi mumkin.
Kuchli yigʻlashning bu bosqichi, ehtimol, siz oʻylagandan tezroq oʻtadi.
Yigʻlayotgan chaqaloqqa qanday munosabatda boʻlish kerak?
Birinchi qadam – chaqalogʻingizning och, charchagan yoki noqulay ahvoldaligini tekshirish. Vaqt oʻtishi bilan chaqaloqlarning yigʻlash turlari nimani anglatishini bilib olasiz.
Mana, yana bir nechta foydali strategiya:
- Kichkintoyni aravachaga joylashtiring va sayr qiling. U yigʻlashdan toʻxtamasa ham, harakatda boʻlganda yigʻini yengish osonroq boʻladi.
- Doʻstingiz yoki qarindoshingizdan chaqalogʻingiz eng koʻp yigʻlayotgan kunlarda yordam soʻrang. Yordam soʻrash har doim yaxshi.
- Agar ruhiy tushkunlikda boʻlsangiz, chaqaloqni xavfsiz joyga qoʻying va besh daqiqalik tanaffus qiling. Farzandingizning bir necha daqiqa yigʻlashiga yoʻl qoʻysangiz, unga zarar keltirmaydi va vaziyatni nazorat ostiga olishingizga yordam beradi.
Yigʻlayotgan chaqaloqqa tasalli berganingizda u dunyo xavfsiz va unda nimalar boʻlishini oldindan anglash mumkin boʻlgan joy ekanini bilib oladi. U sizga ishonadi va kamroq yigʻlaydi.
Kichkintoylar yigʻlasa
Goʻdaklar chaqaloqlar bilan bir xil sabablarga koʻra, shuningdek, umidsizlik, xijolat yoki rashk kabi yangi va qiyin his-tuygʻular bilan kurashish uchun ham yigʻlaydi.
Bolaning yigʻlashini qanday boshqarish kerak?
Agar bolangiz jismonan sogʻlom boʻlsa, quyidagi maslahatlar yordam berishi mumkin.
- Agar bolani charchagan deb oʻylasangiz, dam olish sizga yordam beradi. Yoki unga musiqa yoki ertak tinglash uchun biroz vaqt ajratishingiz mumkin.
- Agar yigʻi uyqu vaqtidan oldin roʻy bersa, bolani tinchlantirish uchun sizga yordam kerak boʻladi.
- Agar bola gʻazablansa yoki qattiq asabiylashsa, tinchlanish uchun uni xavfsiz joyga olib boring.
- Agar farzandingiz asabiylashsa, birgalikda yechim topishga harakat qiling. Masalan, “Sen tushkunsan, chunki oʻyinchogʻing qulab tushib ketdi. Kel, birga urinib koʻramiz”. Tuygʻuni nomlash bolangiz uchun uning his-tuygʻularini tushunishingizni bildiradi. Bu, shuningdek, oʻz-oʻzini boshqarishni oʻrganishga yordam beradi.
- Agar kichkintoyingiz injiqlanayotgan boʻlsa, joyni oʻzgartiring, masalan, koʻchada yuring, unga koʻpikli vanna qabul qildiring yoki bolalar musiqasini qoʻyib, birga raqs tushing. Bu qanchalik zavq berishini koʻrib, oʻzingiz ham hayron boʻlishingiz mumkin.
Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar yigʻlasa
Farzandingiz gapira boshlagach, nima uchun xafa boʻlgani va unga nima kerakligini soʻz bilan aytish osonroq boʻladi. Ehtimol, bola bilan uning his-tuygʻulari haqida gaplashish osonroq boʻladi.
Maktabgacha yoki maktab yoshidagi bolaning yigʻlashini qanday boshqarish kerak?
Agar farzandingiz jismonan sogʻlom boʻlsa, quyidagi gʻoyalarni qoʻllab koʻring.
- Farzandingizga tinchlanish imkoniyatini bering, keyin nima uni bunchalik xafa qilganini soʻrang. Oʻz hislarini unga qaytarib, tinglayotganingizni koʻrsating. Masalan, “Said, sen bilan oʻynamaganimga xafa boʻlyapsan-a?”
- Bolakayga vaziyatdan chiqishning boshqa usullarini taklif qiling. Masalan, “Undan koʻra Jamshiddan oʻyinga qoʻshilishini soʻrasang-chi?”
- Bolangiz baʼzida yigʻlash yaxshiligini tushunishiga ishonch hosil qiling – masalan, qaygʻuli voqea sodir boʻlganida yoki u shikastlanganda. Masalan, “Axir men ham boshimni urib olganimda yigʻlardim”.
Agar farzandingiz yigʻlab, koʻp vaqtini qaygʻuda oʻtkazsa, shifokoringizdan maslahat soʻrang. Doʻstlar va qoʻshnilar ham yordam berishi mumkin.
Yigʻlash ham bolalar, ham kattalar uchun muhim yoʻqotish yoki qaygʻu bilan kurashishning sogʻlom usuli boʻlishi mumkin. Farzandingiz sizga bu tuygʻularini aytganda tinglashga harakat qiling. Shunda unga tasalli berib, hislari yaxshi ekaniga ishontira olasiz.
Yigʻlash: sening his-tuygʻularing
Chaqaloq va bolalarda yigʻlash – ota-onalar professional yordam soʻrashining eng keng tarqalgan sabablaridan biridir.
Agar bola koʻp yigʻlasa, tushkunlashib qolasiz yoki hatto ogʻir ruhiy kayfiyatda (depressiya holatida) boʻlasiz. Agar oʻzingizni shunday his qilsangiz yoki bolani ranjitib qoʻyish haqida oʻylayotgan boʻlsangiz, darhol yordam soʻrang.
Oʻz hududingizdagi MTT tarbiyachilari, psixologi yoki oilaviy poliklinikadagi mutaxassislarga murojaat qilishingiz mumkin.
Baʼzida boshqa odam bir muddat boshqargani ham yordam beradi. Iloji boʻlsa, sherigingizni, doʻst yoki qarindoshingizni yordamga chaqiring.
Ota-onalik juda qiyin, ayniqsa, agar koʻp yigʻlaydigan bolangiz boʻlsa. Vaqt ajratish va yordam soʻrash – oʻzingiz va farzandingiz uchun qila oladigan yaxshiligingizdir.
Farzandlar oldida yigʻlash
Sizning his-tuygʻularingizni koʻrish bolangizga kattalar ham hissiyotli odam ekanligini oʻrgatadi.
Ammo siz koʻp yoki sababini bilmay yigʻlayotgan boʻlsangiz, shifokoringizdan depressiya borasida yordam soʻrashingiz kerak.