Bolalarda oʻzini oʻzi boshqarish koʻnikmalari
Oʻzini oʻzi boshqarish quyidagi koʻnikmalarni oʻz ichiga oladi:
- hayajon va umidsizlik hislarini tanish va tartibga solish;
- qiziqarli yoki bezovta qiluvchi hodisadan keyin tinchlanish;
- vazifaga eʼtibor qaratish;
- diqqatni boshqa vazifaga qaratish;
- ehtiyojlarni keyinga surish va impulslarni nazorat qilish;
- boshqa odamlar bilan muloqotda foyda beradigan xatti-harakatlarni oʻrganish.
Oʻz-oʻzini boshqarish koʻnikmalari muhim:
- oʻrganish uchun (masalan, pedagog va vazifaga eʼtibor qaratish);
- boshqalar bilan munosabatlarni boshqarish uchun (masalan, muloqot birgalikdagi oʻyin va mashgʻulotlarda navbat bilan qatnashish va his-tuygʻularni maqbul tarzda ifoda etish mahoratiga bogʻliq);
- maqbul yoʻl tutish uchun (impulslarimizni nazorat qilish va baʼzi ehtiyojlarimizni keyinga surish);
- mustaqil boʻlish uchun (qaror qabul qilish va xatti-harakatlarimizni boshqarish);
- stress va kuchli salbiy his-tuygʻular bilan muvaffaqiyatli kurashish uchun.
Oʻz-oʻzini boshqarish dastlabki kunlardan boshlab rivojlanadi: chaqaloqlar tinchlanish uchun bosh barmogʻini soʻradi yoki siz bilan suhbatda tanaffus kerak boʻlganda boshqa tomonlarga qaraydi. Ushbu koʻnikma bolaning 2 yoshidan keyin balogʻat yoshigacha jadal rivojlanadi. Shunday qilib, 3 yoshgacha boʻlgan bolalar ovqatga boʻlgan ehtiyojini biroz keyinga surishi mumkin, lekin ular hali ham oʻyin maydonchasida oʻzlariga yoqadigan oʻyinchoqni tortib oladi yoki norozilik va umidsizlikni ifodalaganda jazavaga tushadi.
3–6 yoshli bolalar oʻz tengdoshlari bilan oʻynashda tobora koʻproq mahoratga ega boʻladi – ular oʻz xohish-istaklari va gʻoyalarini boshqalarning xohish-istaklari bilan muvozanatlashtira oladi. Bundan tashqari, ular baʼzi xulq-atvor qoidalariga rioya qilishga koʻproq moyil boʻladi – masalan, kinoteatrda pichirlab gapiradi. Shu bilan birga, ular oʻz vazifalariga toʻliq eʼtibor qaratishga yoki gʻazab va hasad kabi kuchli his-tuygʻularni boshqarishga hali ham qiynaladi. Maktabga borishni boshlaganda ular boshqalarning nuqtayi nazarini tushunish va oʻz fikrlarini asoslashda tobora koʻproq mahoratga ega boʻladi; janjallashmasdan norozilik bildirishni oʻrganadi.
Oʻz-oʻzini tartibga solish qoʻllab-quvvatlovchi va ragʻbatlantiruvchi munosabatlarda rivojlanadi; shuning uchun:
- bola bilan u oʻzini qanday his qilayotgani haqida gaplashing va his-tuygʻular bilan bogʻliq xatti-harakatlarni tahlil qiling (masalan, nima uchun u gʻazablandi va oʻzini qanday tutdi, boshqa nima qilishi mumkin edi?);
- agar bola kuchli his-tuygʻular (odatda qoʻrquv yoki gʻazab) bilan kurashsa, unga his-tuygʻularini nomlashga koʻmaklashing. Agar suhbat bola tinchlanganda boʻlib oʻtsa, bu yordam beradi;
- bolangizga tinchlanishning yaxshi usulini topishda yordam bering va u kuchli his-tuygʻular bilan kurashayotganda unga tinchlanishga koʻmaklashing;
- bolaga oʻrnak koʻrsating, biror narsadan xafa boʻlganingizda yoki asabiylashganingizda nima qilishingizni ayting;
- ijobiy eʼtibordan foydalaning va har doim bolaning oʻzini oʻzi boshqarishdagi muvaffaqiyatini maqtang va taʼkidlang (navbatda turganing yaxshi boʻldi, oʻyinchoqni soʻraganing va oʻyin tugashini kutganing menga yoqdi...);
- kutadigan natijalaringizni bolaning mahoratiga moslashtirishga harakat qiling; shu tariqa bolaga oʻzi duch keladigan muammolarga yechim topishda yordam berasiz;
- juda sabrli boʻling, yosh bolalar uchun his – tuygʻular oqimini tushunish va ularga dosh berish juda qiyin.
Qachon tashvishlanish kerak?
Oʻzini oʻzi boshqarish bilan bogʻliq baʼzi xatti-harakatlar mutaxassisdan maslahat olishni talab qilishi mumkin. Agar:
- bolangiz jazavaga tushsa va kuchli his-tuygʻular bilan kurashishda tengdoshlariga nisbatan koʻproq qiynalsa;
- u qanchalik katta boʻlsa, kuchli his-tuygʻular bilan kurashishi shunchalik qiyin kechsa;
- kuchli his-tuygʻularga berilib ketganda bolangizning xatti-harakati oʻziga yoki boshqalarga xavf tugʻdirsa;
- bolangizga uning xatti-harakatlari va reaksiyalarini boshqarishga yordam beradigan yaxshi strategiyani topa olmasangiz;
- farzandingiz juda odamovi boʻlib qolsa va ijtimoiy koʻnikmalarni tengdoshlariga qaraganda kamroq namoyon qilsa, albatta mutaxassisdan maslahat oling.