Bolangizning sizni tashvishga solishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlari: uyatchanlik

Chaqaloqlar va yosh bolalarning uyatchanligi odatiy holdir. Chaqaloqlar ota-onasiga “yopishib” olishi, har xil ijtimoiy vaziyatlarda yigʻlab yuborishi, aloqadan qochib koʻzlarini yumishi va odamlardan yuzini yashirishi mumkin.
Body

Bolalar ota-onasining orqasiga yashirinishi, tengdoshlari yoki kattalar bilan oʻynashdan qochishi yoki notanish odamlar gapirganda javob qaytarishni rad etishi mumkin.

Bola asosan odam bilan vaqt oʻtkazganda yoki oʻzini topgan vaziyat bilan tanishganda “moslashadi”. Baʼzida uyatchanlik butunlay yoʻqolmaydi, lekin boshqalar bilan muloqot qilishda bola tobora xotirjam boʻlib, oʻziga ishonchi oshib boradi.

Nima qilishingiz mumkin?

  • bolangizga oʻzini qulay his qilishi uchun vaqt bering. Aloqada boʻlishni talab qilmang (jismoniy – uni koʻtarish, oʻpish, quchoqlash, qoʻlini siqish yoki ogʻzaki – savollarga javob berish);
  • bolaga uning his-tuygʻulari ijobiy ekanini ayting, ularni nomlang va birgalikda bolaning oʻzini qulay his qilish yoʻlini topishingizni tushuntiring (masalan, “Koʻrinib turibdi, sen biroz choʻchiyapsan, chunki bu bolalarni tanimaysan. Kel, oldin birga boramiz va u yerda nima borligini koʻramiz”);
  • yangi muhit yoki oʻzaro munosabatni talab qiladigan vaziyatlarda (masalan, oʻyin maydonchalari, oʻyin xonalari) chaqaloq yoki yosh bola bilan birga boʻling. Bu vaqt mobaynida bola oʻyingohni, oʻyinchoqlarni oʻrganishiga yordam bering. Bola javob qaytarganda, odamga qaraganda, yangi narsani sinab koʻrganda yoki kimdir bilan aloqa oʻrnatganda yoki oʻynaganda har doim uning “jasur” xatti-harakatlarini maqtang;
  • xotirjam va vazmin boʻling – bolani rad qilmang, lekin ortiqcha tasalli bermang. Vaziyatni odatdagidek koʻrsatishga harakat qiling, shu bilan birga, bola oʻzini noqulay his qilayotganini va unga yordam berish yoʻlini topayotganingizni koʻrsating. Bolaga oʻrnak boʻling, shunda u sizning reaksiyangizni, tuzatishlaringizni va xatti-harakatlaringizni kuzatib oʻrganishi mumkin (masalan, kimdir sizga murojaat qilganida javob bering);
  • “Bolangizning tarafini oling”. Agar kimdir uni uyatchan deb atasa, buni bolaning oldida toʻgʻrilab qoʻying: “Moslashishi va hamma bilan tanishishi uchun unga biroz vaqt kerak. Oʻzini qulay his qilganda u oʻyinga qoʻshiladi”, deb ayting. Bu bolada oʻziga ishonch uygʻotadi va uning his-tuygʻularini tushunishingizni, uni qabul qilishingizni va u bu vaziyatdan chiqa olishiga ishonishingizni koʻrsatib beradi.

Uyatchanlik qachon muammoga aylanadi? U baʼzan tashvishga, haddan tashqari tashvishga aylanishi mumkin. Agar bolada uyatchanlik aniqlansa va u ishingizga xalaqit bersa (bola baʼzi joylarga borolmaydi, aloqa oʻrnatishni talab qiladigan holatlardan qochadi, oʻyin maydonchalarida, oʻyin xonalarida qoʻrqadi yoki bezovtalanadi) va hech qanday oʻzgarish boʻlmasa, malakali mutaxassislardan maslahat oling.