Bolaning rivojlanishi: birinchi besh yil
Bolaning erta rivojlanishi haqida
Rivojlanish – farzandingizning jismoniy oʻsishidagi oʻzgarishlarni, shuningdek, uning hayoti uchun zarur boʻlgan ijtimoiy, hissiy, xulq-atvor, fikrlash va muloqot koʻnikmalarini egallashini ifodalovchi atama. Bu sohalarning barchasi oʻzaro bogʻliq, ularning har biri boshqasi bilan bogʻliq boʻladi va taʼsir koʻrsatadi.
Hayotning birinchi besh yilligida bolaning miyasi uning hayotining boshqa davrlariga qaraganda tez va faol rivojlanadi. Farzandingizning dastlabki tajribalari – uning munosabatlari va u koʻrgan, eshitgan, tegingan, hidini va taʼmini his qilgan narsalar – uning miyasini rivojlantirib, millionlab aloqalarni yaratadi. Bu butun hayot davomida taʼlim, salomatlik va xulq-atvor uchun poydevor boʻladi. Uch yoshga toʻlgan bolalarda gender oʻziga xoslik hissi paydo boʻladi, bu esa oʻsib-ulgʻaygan sayin yanada kuchayadi. Ota-onalar erta bolalik davrida gender ijtimoiylashuvda hal qiluvchi rol oʻynaydilar.
Chaqaloqlar oʻrganishga tayyor boʻlib tugʻiladilar va ularning miyasi ishlash orqali rivojlanadi. Farzandingizga oʻynash va oʻrganishning koʻplab usullarini, oʻrganayotganlarini amalda qoʻllash imkoniyatlarini beradigan, turli xil mashgʻulotlar bilan rivojlantiruvchi va gʻamxoʻr muhit kerak.
Munosabatlar: bola rivojlanishining asosi
Bolalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar ularning rivojlanishining barcha sohalari va bosqichlariga taʼsir qiladi.
Chunki munosabatlar tajribaga asoslanadi. Darhaqiqat, munosabatlar farzandingiz muhitidagi eng muhim tajribalardir, chunki ular atrofidagi olam haqida koʻproq maʼlumot beradi. Ular bolaning dunyoqarashini ham shakllantiradi.
Oʻzaro munosabatlar orqali farzandingiz dunyo xavflimi yo xavfsizmi, uni yaxshi koʻrishadimi yo yoʻqmi, uni kim yaxshi koʻradi, yigʻlaganida, kulganida yoki yuzini bujmaytirib, qiliq qilganida nima boʻlishini va boshqalarni bilib oladi.
Farzandingiz boshqa odamlar oʻrtasidagi munosabatlarni, masalan, sizning turmush oʻrtogʻingizga qanday munosabatda boʻlishingiz va turmush oʻrtogʻingiz sizga qanday munosabatda boʻlishini kuzatish orqali oʻrganadi. Bu taʼlim farzandingizning muloqotini, xulq-atvorini, ijtimoiy va boshqa koʻnikmalarini rivojlantirish uchun asosdir.
Farzandingizning eng muhim munosabati siz bilan oʻrnatiladi. Boshqa oila aʼzolari, vasiylari, shu jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotidagi tarbiyachilari va boshqa bolalar bilan munosabatlar ham juda muhimdir.
Mehr-muhabbatli munosabatlar sizga va farzandingizga har kuni bir-biringiz haqingizda koʻproq maʼlumot olishga yordam beradi. Farzandingiz oʻsishi va rivojlanishi bilan uning ehtiyojlari oʻzgaradi. Siz unga nima kerakligi va bu ehtiyojlarni qanday qondirish haqida koʻproq bilib olasiz.
Oʻyin: bolaning rivojlanishi qanday kechadi?
Dastlabki yillarda farzandingizning taʼlim va rivojlanishining asosiy usuli – bu oʻyin.
Oʻyin farzandingizga zavq bagʻishlab, unga kashf qilish, kuzatish, tajriba oʻtkazish, muammolarni hal qilish va xatolaridan saboq olish imkoniyatini beradi. Buning uchun u sizning qoʻllab-quvvatlashingiz va ragʻbatingizga muhtoj boʻladi. Ammo bolangizga yordamlashish va oʻzini sinab koʻrishiga ruxsat berish oʻrtasidagi muvozanatni topishga harakat qilish kerak. U baʼzida xato qilishi mumkin. Dunyoning qanday ishlashini oʻzi bilishi farzandingizning bilim olishida katta ahamiyatga ega.
Siz bilan oʻynash, gaplashish, tinglash va muloqot qilish uchun koʻp vaqt sarflanishi farzandingizga hayot uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni oʻrganishga yordam beradi. Bu koʻnikmalarga muloqot, fikrlash, muammolarni hal qilish, boshqa odamlar va bolalar bilan harakatlanish va birga boʻlish kiradi. Ota-onalar va vasiylar bolaning jinsidan qatʼi nazar, toʻliq oʻyin faoliyati bilan shugʻullanishlari kerak, chunki bu bolaning yaxlit koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.
Oʻyin – bu munosabatlar oʻrnatish uchun ajoyib vositadir. Farzandingiz bilan oʻynash orqali unga siz uchun muhimligini bildirishingiz mumkin. Bu orqali farzandingiz kim ekanini va hayotda egallagan oʻrnini bilib oladi.
Bolaning rivojlanishiga taʼsir qiluvchi boshqa omillar
Farzandingizning oʻsib-ulgʻayishi va rivojlanishiga uning genlari hamda sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik, sogʻlik va siz yashaydigan hudud kabi boshqa omillar ham katta taʼsir koʻrsatadi.
Sogʻlom ovqatlanish
Sogʻlom ovqatlanish bolangizga oʻsishi va rivojlanishi uchun zarur boʻlgan energiya va ozuqa beradi. Bu uning taʼm sezish hissini rivojlantirishga yordam beradi. Oilada sogʻlom ovqatlanish va dastlabki yillardagi ovqatlanish odatlari bir umrlik sogʻlom ovqatlanish odatlarini shakllantirishi mumkin.
Farzandingiz sizdan oziq-ovqat tanlovi haqida bilib oladi, sogʻlom ovqatlanish odatlarining shakllanishiga yordam berishning eng yaxshi usuli – bola sogʻlom ovqat tayyorlayotganingizni, yeyayotganingizni va zavqlanayotganingizni koʻrishiga imkon berishdir.
Ota-onalar va vasiylar jinsidan qatʼi nazar, barcha bolalarning ovqatlanish talablari bir xil ekanini unutmasliklari kerak.
Jismoniy faollik
Jismoniy faollik bolani harakatga keltiradi. Bu uning motorika qobiliyatini rivojlantiradi, fikrlashga turtki beradi va oʻz dunyosini oʻrganishga yoʻl ochadi. Bu koʻnikmalar jinsidan qatʼi nazar, barcha bolalar uchun zarurdir. Farzandingizga faol oʻyin uchun tashqarida ham koʻp imkoniyatlar kerak. Agar siz faol turmush tarzi kechirsangiz, farzandingiz sizga ergashishi ehtimoli katta.
Salomatlik
Bolaning sogʻligʻi uning rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkin. Barcha bolalar qaysidir paytda kasal boʻlishadi. Masalan, yoʻtal va shamollash, quloq ogʻrigʻi yoki gastroenterit. Bunday bolalar kasalliklari odatda bola rivojlanishida uzoq muddatli muammolarga olib kelmaydi.
Ammo surunkali yoki uzoq muddatli kasalliklar farzandingizning rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkin. Bunga karlik, koʻrlik yoki autizm spektrining buzilishi, shuningdek, kist fibrozisi, saraton yoki miya falaji kabi rivojlanish va taʼlim olishdagi buzilishlar kiradi.
Agar farzandingiz surunkali kasallikka chalingan boʻlsa, shifokor, hamshira yoki boshqa tibbiyot mutaxassisi, masalan, pediatr bilan gaplashganingiz maʼqul. Sogʻliqni saqlash mutaxassislari farzandingizning holati uning rivojlanishiga qanday taʼsir qilishi va bu vaziyatda farzandingizni qanday qoʻllab-quvvatlashingiz mumkinligi haqida aytib berishi mumkin.
Ota-onalar va vasiylar shuni ham yodda tutishlari kerakki, barcha bolalar jinsidan qatʼi nazar, sifatli, tezkor va professional tibbiy yordamga muhtoj.
Mahalla va mahalliy hamjamiyat
Farzandingizning rivojlanishiga mahallangiz va mahalliy hamjamiyat taʼsir koʻrsatadi. Masalan, farzandingizning rivojlanishi doʻstlar va qoʻshnilar bilan ijobiy munosabatlarga, bolalar maydonchalari, bogʻlar, doʻkonlar va bolalar parvarish qilinuvchi maskanlar, oʻyingohlar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablar, sogʻliqni saqlash markazlari va kutubxonalar kabi mahalliy xizmatlardan foydalanishiga bogʻliq.
Har xil tezlikda rivojlanish
Bolalar har xil tezlikda oʻsadi va rivojlanadi.
Baʼzi ota-onalar farzandining qachon yurishidan, boshqalari chaqalogʻining birinchi tishlari qachon chiqishidan xavotirda. Koʻp koʻnikmalar bir xil tartibda rivojlanadi, lekin ular paydo boʻladigan yosh bir oiladagi bolalar uchun ham farq qilishi mumkin.
Agar farzandingizning rivojlanishidan tashvishda boʻlsangiz, har bir bola uchun rivojlanish turlicha ekanini yodda tutganingiz maʼqul. Masalan, bolalar yurishni boshlashlari uchun odatda yosh oraligʻi 8–18 oyni tashkil qiladi. Agar bolangiz 14 oyligida yurmasa, bu – normal holat.
Agar farzandingizning rivojlanishida haqiqatan ham muammo borligini his qilsangiz, oʻz instinktingizga ishoning. Shifokor yoki hamshiraga murojaat qiling.
Ota/ona boʻlish
Bolani ota-ona, bobo-buvi, qarindosh-urugʻ yoki boqib olgan ota-ona sifatida tarbiyalayotganingizdan qatʼi nazar, u doimo oʻrganishda. Biz hammamiz xato qilamiz va tajriba orqali oʻrganamiz. Oʻzingiz bilgan narsaga ishonch hosil qilish yaxshi. Bilmasligingizni tan olish va savollar berish ham toʻgʻri.
Jismoniy va ruhiy salomatligingiz bola tarbiyasining muhim qismidir. Ammo koʻp eʼtiborni bolaga yoki bolaga qarashga qaratgan holda koʻplab ota-onalar va qarovchilar oʻzlariga gʻamxoʻrlik qilishni unutadilar yoki vaqt yetkazolmaydilar. Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish bolani tarbiyalash uchun kerak boʻlgan – sabr, tasavvur va kuchni namoyon qilishingizga yordam beradi.