Bola bilan kuchli hissiy aloqani rivojlantirish (6–9 oylik)
Bu davrda chaqaloq guvranadi va turli tovushlardan faol foydalanadi, yangi tovushlar chiqarib, ularni oʻrganadi, ovozingizga taqlid qiladi. Bundan tashqari, chaqaloq sizning muhim ekaningizni, unga sizning yaqinligingiz, siz bilan aloqa, birgalikdagi faoliyatlar zarurligini koʻrsatish uchun motorika koʻnikmalaridan foydalanishga harakat qiladi: u sizga intiladi, “yetishga” urinadi, ortingizdan emaklaydi. Bu yoshda, odatda sakkizinchi oyda, chaqaloq begonalar bilan muloqotda bezovtalikni namoyon qiladi va notanish odam bilan qolganda qattiq norozilik bildirishi mumkin. “Begonalardan qoʻrqish” bolaning hissiy rivojlanishidagi eng muhim bosqich boʻlib, bola siz bilan boʻlgan munosabatni juda muhim va boshqalardan afzal qabul qilishining yana bir koʻrsatkichidir.
Bu yoshda orangizdagi hissiy aloqani mustahkamlash uchun quyidagicha yoʻl tuting:
- har doim chaqaloq sizga qarab harakat qilganda yoki sizga yetishga uringanda javob qaytaring. Agar uni darhol koʻtarib yoki erkalay olmasangiz, unga tabassum qiling va muloyim ohangda gapiring (Masalan, “Quchoqlamoqchimisan? Hozir, kiyimlarni kir mashinasiga solib qoʻyay” deb aytishingiz mumkin);
- chaqaloq nimani boshdan kechirayotganini, nima qilayotganini, nimani his qilayotganini soʻz bilan tasvirlab bering. Chaqaloq ularning maʼnosini tushunishi uchun bu soʻzlarni takrorlang (masalan, choʻmilish paytida: “Sen choʻmilyapsan-a? Senga choʻmilish yoqadimi?”). Yangi soʻzlar – narsa va hodisalarning nomlari bilan tanishish soʻz boyligini kengaytiradi va chaqaloqqa atrof olamni faol anglashga yordam beradi. Kichkintoyingiz nimani his qilayotganini yoki nima qilayotganini tushunish tajribasi orangizdagi hissiy aloqani mustahkamlaydi;
- chaqaloq chiqaradigan tovushlarni takrorlang. Bular koʻpincha boʻgʻinlar boʻladi (masalan, ma-ma-ma; ba-ba va boshqalar). Uning “soʻzlarini” takrorlab, chaqaloqni siz bilan gaplashishni davom ettirishga undaysiz va shu orqali uning muloqot qobiliyatini yaxshilaysiz. Qabul qilish va ragʻbatlantirish tajribasi oʻzaro aloqangizni mustahkamlaydi;
- chaqaloq bilan “aji-kuku” oʻynang. Yuzingizni qoʻllaringiz bilan yashiring, keyin uni jilmaygan holda bolaga yana koʻrsating. Bu bola sizni koʻrmasa ham, borligingizni tushunishga koʻmaklashadi.