Suhbatlashamiz va oʻynaymiz: goʻdaklar

3-18 oylik davrda kichkintoyingizning nutqi shiddat bilan rivojlanadi. Oddiy, yoqimli muloqot, o‘yinlar uchun g‘oyalar (masalan, mutolaa va qo‘shiq aytish) kichkintoyingizning nutqi va gapirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga turtki bo‘ladi.
Body

Goʻdak nutqi va muloqotidan nimani kutish kerak?

Goʻdakning nutqi turli tezlikda rivojlanadi – baʼzilari tez oʻrganadi, boshqalariga esa biroz koʻproq vaqt talab qilinishi mumkin.

Farzandingiz gapirishni oʻrgana boshlaganida, quyidagi harakatlarni bajaradi:

  • tushunarsiz ovozlar chiqaradi, gugulaydi va bidirlaydi;
  • oddiy boʻgʻinli soʻzlarni birlashtiradi, masalan,“ba-ba”;
  • soʻzlarni takrorlaydi;
  • “yoʻq” deb koʻrsatish uchun boshini chayqaydi.

12–18 oyligida aksariyat goʻdaklar birinchi soʻzlarini aytadi. Ammo bu yoshda soʻzlarning maʼnosini siz va yaqin oila aʼzolaringizgina tushunishi mumkin! Farzandingizning soʻzlari hali unchalik toʻgʻri aytilmasa-da, u siz gapirayotganingizda xursand boʻlib gugulaydi. Shuningdek, siz farzandingizga tanish narsalarning nomlarini aytganingizda, ularni koʻrsatishni yoqtiradi.

Ikki yoshligida farzandingiz ancha yaxshi gapira boshlaydi, lekin baʼzi tovushlarni, masalan, “r”ni toʻgʻri talaffuz qilish qiyin boʻlishi mumkin. U buning oʻrniga “l” deb aytishi mumkin – masalan, “karam”ni “kalam” deb talaffuz qiladi.

Farzandingizning gapirishga urinishlarini ragʻbatlantiring. Bu oson – siz uni tinglashingiz va javob qaytarishingiz kerak. Farzandingizga hikoyalar, ertaklar, sheʼrlar oʻqib berish va qoʻshiqlar aytish, hatto kuningiz qanday oʻtishi haqida soʻzlab berish – bularning barchasi farzandingizga gapirishni hamda nutqni mashq qilishni oʻrganishga yordam beradi, shuningdek, orangizdagi aloqani mustahkamlaydi.

Kichkintoyning ona tili

Agar siz uyda oʻz ona tilingizda gaplashsangiz, bu farzandingiz uchun ajoyib boshlanish boʻladi! Sizning bu tilda gapirishingizni tinglashi keyinchalik unga ikkinchi tilni (masalan, yurtingizda koʻpchilik foydalanadigan tilni) oʻrganishda koʻmaklashadigan poydevor yaratadi. Quyida keltirilgan oʻyin gʻoyalari ham foydali boʻladi, agar siz ularni farzandingiz bilan oʻz ona tilingizda soʻzlagan holda oʻynasangiz, bu bolada madaniy jihatdan oʻz-oʻzini anglash hissini rivojlantira boshlaydi.

Muloqotni ragʻbatlantirish uchun oʻyin gʻoyalari

Bolalar qancha koʻp soʻzlarni eshitsa, shuncha koʻp soʻzlarni oʻrganishlari mumkin.

Quyida bolaning nutqi va tilini ragʻbatlantirish uchun birgalikda bajarish kerak boʻlgan baʼzi qiziqarli mashgʻulotlar keltirilgan:

  • Farzandingizga uyda qilayotgan ishlaringiz haqida, hatto ular zerikarli deb oʻylasangiz ham, gapirib bering – masalan, “Sen changdan aksirmasliging uchun opang xonalarni changyutkichda tozalayapti”.
  • Muloqotni ragʻbatlantirish uchun farzandingiz aytishga urinayotgan soʻzlarni takrorlang. Misol uchun, u “ona” desa, siz ham “ona” deb javob qaytarishingiz mumkin. Shuningdek, siz bolaning soʻzlarini takrorlashingiz va ular asosida suhbat qurishingiz mumkin. Masalan, bola “poyezd” desa, siz “Ha, bu katta qizil poezd”, deb aytishingiz mumkin.
  • Farzandingiz gapirishga harakat qilganda, uning koʻzlariga qarash va tabassum qilish bilan qiziqishingizni koʻrsating.
  • Kichkintoyingizning qiziqishlariga javob bering va ular haqida gapiring. Misol uchun, agar u oʻyinchoq poyezdi bilan oʻynashni boshlasa, siz “Tu-tu, tu-tu”,  deb uning qiziqishini oshirishingiz mumkin.
  • Kichkintoyingiz bilan birga mutolaa qiling va unga ertak soʻzlab bering.
  • Birgalikda qoʻshiqlar kuylang va bolalar sheʼrlaridan aytib bering.
  • Farzandingizni gapirishga harakat qilgani uchun maqtang. Masalan, agar u kuchukni koʻrsatib, uni nomi bilan chaqirsa, siz: “Barakalla, Aziz! Toʻgʻri! Bu kuchuk!” deng.

Tagliklarni almashtirish farzandingiz bilan yuzma-yuz suhbatlashish uchun ajoyib vaqt boʻlib, bolaning yuziga qarab gaplashishingiz, qoʻshiq aytishingiz mumkin.

Kichkintoyning nutqi haqida qaygʻurish

Agar farzandingizning nutqiy rivojlanishi sizni tashvishlantirsa, masalan, bola gugulamasa yoki sizni eshitmasa yoki boshqalar gapirganda tinglamasa, bolalar shifokoriga murojaat qiling.