Kichkintoyning suhbatlari va muloqotlari: nimani kutish kerak va qanday yordam berish mumkin?
Kichkintoy gapiradi: undan nimani kutish kerak?
Bolaning tili chiqa boshlagan vaqtda u oddiy soʻzlarni aytadi, soʻng qisqa jumlalarni shakllantiradi. Farzandingiz sizning topshiriqlaringiz va iltimoslaringizni tushunishni, bajarishni boshlaydi. Masalan: “Kitobingni menga olib kel” yoki “Yaxshi ish qil” kabi oddiy talablar.
Kichkintoylarda koʻpincha katta his-tuygʻularni ifodalash yoki murakkab tajribalar haqida gapirish uchun soʻzlar yetishmaydi. Sizning yordamingiz bilan farzandingiz yaxshiroq muloqot qilishi uchun soʻzlardan foydalanishni oʻrgana boshlaydi.
Kichkintoylarga gapirish va muloqot qilishni oʻrganishda koʻmaklashish
Kichkintoyingizga gapirishni oʻrgatish shart emas. U kundalik muloqot orqali oʻrganadi, ayniqsa siz bilan muloqot qilganida. Farzandingiz bilan boʻlganingizda u bilan muloqot qilganingizda, soʻzlashuvi va qiziqishlariga eʼtibor bering. Muloqot davomida farzandingizning savollariga javob bering. Unga qoʻyilgan talablarni bajarishi uchun vaqt bering. Masalan, bolangiz bilan bogʻda sayr qilgan vaqtingizda qoʻngʻiz koʻrib qolsangiz, siz: “Bolajonim, qara, yashil qoʻngʻizcha. U nima qilyapti deb oʻylaysan?” deb bolangizni muloqotga torting. Keyin bolangiz qanday javob berishini koʻring.
Bolangiz oʻz gʻoyalarini ifoda etishi uchun soʻz topishiga unga vaqt berishingiz muhim. Bu fursat unga nima deyishi mumkinligini tahlil qilish imkoniyatini beradi. Farzandingiz javob berganida siz haqiqatdan ham tinglayotganingizni bildiring. Masalan: “Qoʻngʻiz bizlar kabi sayr qilgani chiqqan deb oʻylaysanmi?” deb uning koʻziga qarab savol bering. Uning javobini kuting. Ushbu munosabat orqali farzandingiz nima deb javob berayotgani siz uchun muhimligini bildirasiz.
Bu kabi sodda va mazmunli muloqot bolangizni koʻproq gapirishga va koʻproq soʻz ishlatishga undaydi. Shuningdek, bolangizga suhbat uslubini oʻrganishga yordam beradi.
Kichkintoylarga tana tili va his-tuygʻularini soʻzlarga aylantirishga yordam berish
Goʻdagingizning hali fikr va tuygʻularini ifoda etish uchun soʻzlari boʻlmasa, koʻpincha tana tilidan foydalanadi. Masalan, bolangiz kiyimingizni tortishi, qoʻlingizni silkitishi, boshini qimirlatishi yoki xohlagan narsasiga qoʻlini choʻzishi orqali niyatini bildirishi mumkin.
Bu bolaning nutqini rivojlantirish uchun ajoyib vaqt. Bolangiz aytmoqchi boʻlgan gapni anglab, birinchi oʻzingiz takrorlashingiz orqali uning nutqi rivojlanishiga yordam berishingiz mumkin. Masalan: “Qorning ochqadi, shekilli, olma yeysanmi?” deb savol berish orqali uni muloqotga tortishingiz mumkin.
Siz bolangizning xatti-harakatlari orqali u nima demoqchi ekanini tushunishingiz va ushbu harakatlarni gap bilan takrorlashingiz orqali bola nutqini rivojlantirishga yordam berasiz. Masalan: “Boʻyoq toʻkilganini koʻrdim, koʻrsatganing uchun rahmat. Chizgan rasming buzilganidan juda xafa boʻlibsan. Xafa boʻlma” kabi gaplar orqali bolaga tasalli bering.
Tuygʻularni tushunish va ular haqida gapira olish oʻz-oʻzini tartibga solishda muhim qadamdir.
Kichkintoylar bilan gaplashish boʻyicha maslahatlar
Kichkintoyingiz bilan gaplashish va unga koʻproq soʻzlarni oʻrganishga yordam beradigan kundalik amaliy gʻoyalar:
- Birgalikda oʻqing va hikoyalar bilan oʻrtoqlashing. Soʻz namunalari, qofiyalar va rangba-rang rasmlarga ega boʻlgan hikoyalar koʻpincha bolaning qiziqishi va eʼtiborini tortadi.
- Farzandingiz bilan qoʻshiqlar kuylang, qofiyali soʻzlardan gaplar tuzing. Bu unga turli soʻz tovushlarini tushunishga yordam beradi. Agar sizga qoʻshiq va qofiyali soʻzlarni eslab qolish uchun yordam kerak boʻlsa, bizning “Baby Karaoke” ilovamizdan foydalaning.
- Kichkintoyingiz bilan oʻynayotganda nima boʻlayotganini tasvirlash uchun soʻzlardan foydalaning. Masalan: “Toʻpni menga qaytar” va “Toʻpni senga qaytardim” kabi.
- Farzandingizga soʻz va narsalar yordamida tanlash imkonini bering. Masalan, siz ikki juft poyabzal koʻtarib: “Biz tashqariga chiqyapmiz. Qizil etikni kiyasanmi yo koʻk tuflini?” deb savol berish orqali uning tanlashi va soʻzlashiga zamin yarating.
- Farzandingiz “ketdi” kabi oʻtgan zamon feʼllarni ishlatganda gapni toʻliq qaytaring. Masalan: “Ha, odam eshikdan chiqib ketdi”.
- Kichkintoyingiz “It, ket” yoki “Dada, bu yerga kel” kabi oddiy soʻz birikmalaridan foydalanganda soʻzlarni bolangizga: “Bolajonim, dadang itni haydab yuborishini xohlaysanmi?” deb uning istagini soʻzga koʻchiring. U ortingizdan chalaroq boʻlsa ham shu gapni takrorlashga urinadi.
Kichkintoylar soʻzlarni tushunishiga yordam beradigan maslahatlar
Bolalar biz aytgan gaplarimizni tushunmaganini ilgʻamasligimiz mumkin. Siz misol sifatida bitta topshiriqni 3 xil tarzda berib koʻrishingiz va tahlil qilishingiz mumkin. Masalan:
“Kubchalarni qutiga soling”, “Mana bu quti. Kubchalarni uning ichiga sol” yoki “Mana bu kubchalarni qutiga olib bor va ichiga joyla”.
- Narsalarni tasvirlash uchun bir xil soʻzlarni ishlatishga harakat qiling. Agar siz bir xil soʻzlarni takrorlasangiz bolangiz ularni tushuna boshlaydi. Masalan, siz kichkintoyingiz yotoqda nima kiyishi haqida gapirganda siz har doim “pijama” soʻzini ishlatishingiz mumkin.
- Farzandingizga koʻrsatma yoki topshiriq berish kerak boʻlsa oddiy soʻzlardan iborat boʻlgan gap orqali tushunarli qilib vazifa bering. Masalan: “Markerlarning qopqoqlarini yop va qutisiga joyla”.
Agar bolangiz boshini qimirlatmasa, imo-ishora qilmasa yoki muloqot qilish uchun soʻz ishlatmasa bolaning sogʻligʻida oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Mutaxassis bilan maslahatlashing.