Bolalar uchun faoliyatni oʻzgartirish: bolalarga mashgʻulotni oʻzgartirishida yordam beramiz

Asosiy fikrlar: bolalarga bir faoliyatdan ikkinchisiga oʻtish qiyin boʻlishi mumkin. Ayniqsa ular biror narsadan zavqlansa va toʻxtashni xohlamasa. Ishlab chiqilgan tartiblar har kuni sodir boʻladigan oʻzgarishlarga yordam berishi mumkin. Bolalar oʻzgarish kelayotganini bilganlarida yaxshiroq qabul qilishlari kerak. Bu, shuningdek, bolalarga yetarlicha ogohlantirish berishga, faoliyatni oʻzgartirishga vaqt ajratishga, tanlov taklif qilishga va yomon xulq-atvorga qarshi turishga yordam beradi.
Body

Faoliyatni oʻzgartirish nima?

Faoliyatni oʻzgartirish bolangiz bitta mashgʻulotni toʻxtatib, boshqa ishni boshlashi kerak boʻlganda yuzaga keladi. Faoliyatni oʻzgartirishga quyidagilar misol boʻla oladi:

  • uydan chiqishga tayyorlanish;
  • uxlashdan oldin oʻyinchoqlarni yigʻib qoʻyish;
  • televizor yoki kompyuterni oʻchirish;
  • hammomdan chiqish.

Farzandingiz ehtimol kuniga bir necha marta faoliyatni oʻzgartirishiga toʻgʻri kelar. Ammo faoliyatni oʻzgartirishi qiyin boʻlar. Ayniqsa, agar farzandingiz qilayotgan ishidan mamnun boʻlsa va toʻxtashni xohlamasa.

 

Faoliyatni oʻzgartirishni rejalashtirish: maslahatlar

Oilaning taxmin qilinadigan kun tartibi har kuni yuzaga keladigan oʻzgarishlarga moslashuvchan boʻlishi foydali. Chunki bolalar oʻzgarishni yaxshiroq qabul qilishadi.

Faoliyatni oʻzgartirishni rejalashtirish boʻyicha baʼzi maslahatlar:

  • Kun boshlanishidan yoki uydan chiqishdan oldin rejani bolangizga tushuntiring. Nimani kutish kerakligini bilish bolalarga, ayniqsa kattaroq yoshdagi bolalarga haqiqiy umid beradi.
  • Har kuni oila aʼzolari nima qilayotganini koʻrsatadigan oilaviy taqvimdan foydalaning. Yosh bolalar uchun rasmli taqvimdan foydalanish ular uchun qiziqarliroq boʻladi.
  • Farzandingizga kundalik rejimga oʻtishda yordam berish uchun yangi koʻnikma yo bilim kerakmi, deb oʻylab koʻring. Masalan, siz bolangizga uydan tezda chiqishi osonlashishi uchun poyabzalining bogʻichini bogʻlashni oʻrgatishingiz kerakdir. Yoki bolangizga har kuni ertalab sumkasini yigʻishga yordam beradigan yozma yoki vizual roʻyxat yordam berar.

Vaqtni toʻgʻri taqsimlash: maslahatlar

Faoliyatni oʻzgartirish har bir bola kunining bir qismidir. Vaqtni toʻgʻri taqsimlash bolangizning bir narsadan ikkinchisiga oʻtishini osonlashtirishi mumkin:

  • Vaqtni tanlang. Iloji boʻlsa, bolangiz faoliyatidagi tabiiy tanaffus paytida bir narsani toʻxtatib, boshqasini boshlang. Masalan, tushlik tayyorligini aytishdan oldin, bolangiz jumboqni tugatguncha kuting. Agar siz bolangiz nima qilayotganiga diqqatli boʻlsangiz, bu ikkingizga ham foydali boʻladi.
  • Farzandingizni har qanday faoliyat oʻzgarishi haqida ogohlantiring. Masalan: “Oʻynab olishing uchun yana besh daqiqa bor. Keyin uyga qaytish vaqti boʻladi” yoki “Argʻimchoqda yana bir marta uchamiz, keyin uyga ketamiz” singari.
  • Agar bolangiz oʻtish jarayonida qiynalsa mashgʻulotlar orasida koʻproq vaqt ajratishga harakat qiling. Bu bolangizga oʻzgarishlar kiritish va moslashish uchun qoʻshimcha imkon beradi.

Faoliyatni oʻzgartirishni tanlash imkoni

Har doim bolangizga bir ishni toʻxtatib, boshqasini boshlash imkonini bera olmaysiz. Ammo baʼzida siz unga boshqa narsalarni tanlash huquqini berishingiz mumkin. Mana baʼzi gʻoyalar:

  • Farzandingizga faoliyatni oʻzgartirishning bir qismi boʻlgan narsalarni tanlash imkoniyatini bering. Masalan: “Biz mashinaga bir daqiqada borishimiz kerak. Oʻzing bilan bitta oʻyinchoqni olib ketishing mumkin. Qaysi birini tanlaysan?” yo boʻlmasa “Buni oʻzing qilmoqchimisan yoki birgalikda qilamizmi?” kabi.
  • Variantlarni cheklang. Masalan, bolangiz ikki xil futbolka orasidan birini tanlashiga ruxsat bering, lekin uning shkafidagi hamma buyumni emas! Agar u tanlamasa, siz tanlashingiz mumkin.
  • Agar haqiqatan tanlov oʻrinsiz boʻlsa unda bolalarga faoliyat turini tanlash imkonini bermang. Masalan: “Oʻyinchoqlaringni hozir yigʻib olmoqchimisan?” demang, balki: “Oʻyinchoqlaringni hoziroq yigʻishni boshla”, deb ayting.

 

Faoliyatni oʻzgartirishni yanada ijobiy qilish

Faoliyatni oʻzgartirishning ijobiy tomonlarini koʻrsatib, bolaning eʼtiborini oʻzgarishlardan oʻzi yoqtirgan yoki xursand boʻlgan narsaga qaratish mumkin:

  • Faoliyatni oʻzgartirishda qiziqarli usulni qoʻllash mumkin. Masalan: “Mashinagacha askar kabi yurib bora olasanmi?” yoki “Uygacha “Men aygʻoqchilik qilyapman” oʻyinini oʻynasak, nima deysan?”
  • Farzandingiz xohlamagan narsani u yoqtirgan narsa bilan bogʻlang. Masalan: “Avval oʻyinchoqlarni yigʻishtiramiz, keyin tamaddi qilamiz”.
  • Faoliyatni oʻzgartirgandan keyin bolangiz orziqib kutishi mumkin boʻlgan yaxshi narsalarni koʻrsating. Masalan: “Agar hozir ketsak, tushlikka qadar poyezdlaringni oʻynashga vaqtimiz boʻladi”.
  • Farzandingizni faoliyatni oʻzgartirishni yaxshi uddalagani uchun maqtang. Ikkalangiz ham bir jamoa boʻlib ishlasangiz, qanchalik yaxshi boʻlishini taʼkidlang.

Faoliyatni oʻzgartirish bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish

Farzandingizning bir faoliyatning toʻxtashidan hafsalasi pir boʻlsa, bu yaxshi. Siz uning umidsizligi, his-tuygʻulari haqida gapirishiga undashingiz mumkin. Masalan, “Boshqa oʻyin oʻynashga vaqting yoʻqligidan norozidirsan?”.

Ammo agar bolangiz gʻazablansa ehtiyot boʻling. Bu harakatga tasodifan unga vaqt ajratib, mukofot bermang. Siz tushunuvchi boʻlishingiz mumkin, lekin ayni paytda aniq va qatʼiy. Farzandingiz siz soʻragan narsani bajarishini astoydil talab qiling.