Yaxshi xulqni ragʻbatlantirish: 15 ta maslahat

Farzandingizni oʻzingiz xohlagan tarzda tutishga undash uchun amaliy maslahatlarimizdan foydalaning.
Body

Farzandingizning yaxshi xulq-atvorini qanday ragʻbatlantirish kerak?

Ijobiy va konstruktiv yondashuv koʻpincha bolaning xatti-harakatlarini boshqarishning eng yaxshi usuli hisoblanadi. Bu shuni anglatadiki, bola oʻzini yaxshi tutganida unga eʼtibor berish kerak va u sizga yoqmagan narsani qilsa bu ishning yaxshi emasligini anlatadigan usullardan foydalanish lozim.

Ijobiy yondashuvni amalda qoʻllash boʻyicha bir necha amaliy maslahatlar.

Bola yaxshi xulq-atvorga ega boʻlishi uchun maslahatlar

1. Oʻrnak boʻling.

Farzandingizga yoʻl-yoʻriq berish uchun oʻz xatti-harakatlaringizdan foydalaning. Farzandingiz sizni kuzatadi va nima qilayotganingiz koʻpincha aytgan gapingizdan koʻra taʼsirliroqdir. Misol uchun, agar siz bolangiz “iltimos” deyishini istasangiz, oldin oʻzingiz ayting. Agar siz bolangiz baland ovozda gapirishini xohlamasangiz, oʻzingiz ohista gapiring.

2. Farzandingizga oʻzingizni qanday his qilayotganingizni bildiring.

Farzandingizning xatti-harakati sizga qanday taʼsir qilayotgani haqida ochiq aytsangiz, bu bolangizga oʻz his-tuygʻularini koʻrishiga yordam beradi. Agar siz jumlalarni “men” bilan boshlasangiz bu bolangizga hamma narsani sizning nuqtai nazaringizdan koʻrish imkoniyatini beradi. Masalan: “Men shovqin boʻlayotgani uchun kitob oʻqiy olmay asabiylashyapman”.

3. Farzandingiz “yaxshi” boʻlgan paytdan foydalaning.

Farzandingiz siz xohlagan tarzda oʻzini tutsa, unga ijobiy fikr bildiring. Masalan: “Yasha,  sen juda yaxshi oʻynayapsan. Bu menga juda yoqyapti”. Bu ijobiy fikrni tavsiflovchi maqtov deb ataladi. Chunki u bolalarga nimani yaxshi qilayotganlarini aniq aytib beradi. Har bir salbiy izoh uchun oltita ijobiy izoh berishga harakat qiling. Shuni yodda tuting, agar bolalarda eʼtibor yoʻqligi yoki salbiy eʼtibor oʻrtasida tanlov boʻlsa, ular koʻpincha salbiy eʼtiborni boʻlsa ham tanlaydilar.

4. Farzandingiz darajasiga tushing.

Agar siz bolangizga yaqinlashsangiz u nimani his qilayotgani yoki nimani oʻylayotganini topishingiz mumkin. Yaqin boʻlish, shuningdek, uning xatti-harakati haqida siz aytayotgan narsalarga eʼtibor qaratishga yordam beradi. Agar siz bolangizga yaqin boʻlib, eʼtibor qaratgan boʻlsangiz uni siz bilan “hisoblashish”ga majbur qilishingiz shart emas. Bu oʻz-oʻzidan amalga oshadi.

5. Faol tinglang.

Faol tinglash uchun siz bolangiz gapirayotganida boshingizni qimirlatib, bolangiz nimani his qilayotganini takrorlashingiz mumkin. Masalan: “Koʻrinib turibdi, sen kubchadan qurgan imorating qulaganidan xafasan. Lekin menimcha undan ham yaxshirogʻini yasay olasan”. Agar shunday desangiz bu yosh bolalarga tajanglik va umidsizlik kabi his-tuygʻularni yengishga undaydi. Bundan tashqari, ular hurmat va tasalli topadilar. U hatto ehtimoliy gʻazablarni tarqatib yuborishi mumkin.

6. Vaʼdalarni bajaring.

Vaʼdalarni bajarganingizda farzandingiz sizga ishonishni, hurmat qilishni oʻrganadi. U yaxshi narsani vaʼda qilganingizda siz uni qoʻyib tashlab qoʻymasligingizni, biron taʼqiq buzilishi bilan bogʻliq vaʼdani bajarganingizda esa fikringiz vf soʻzingizda sobit ekaningizni oʻrganadi. Farzandingiz oʻyinchoqlarini yigʻishtirganidan keyin sayrga chiqishga vaʼda bergan boʻlsangiz, aytilgan vaqtda qoʻlingizda bolangizning sayr uchun poyabzali boʻlsin. Agar kutubxonadan chiqyapman deb aytganingizda bola tinchlanmasa, darhol chiqib ketishga tayyor boʻling.

7. Yaxshi xulq-atvor uchun muhit yarating.

Farzandingiz atrofidagi muhit uning xulq-atvoriga taʼsir qilishi mumkin. Shuning uchun siz bolangiz oʻzini yaxshi tutishiga yordam beradigan muhitni shakllantiring. Bolangiz oʻynashi mumkin boʻlgan juda koʻp xavfsiz narsalar bor. Unga shikast yetishi mumkin boʻlgan narsalarga yeta olmasligiga ishonch hosil qiling. Masalan, koʻzoynaklaringiz bilan oʻynash ularga juda qiziqarli. Tegmaslik juda qiyin. Shu kabi buziladigan, sinadigan, qimmatbaho buyumlarni koʻz va qoʻl yetmaydigan joylarda saqlash muammolar ehtimolini kamaytiradi.

8. Oʻz kurash qoidalaringizni tanlang.

Farzandingiz qilayotgan har qanday ish bilan shugʻullanishdan, ayniqsa, taʼqiqlashdan oldin oʻzingizga savol bering: “Bu haqiqatan ham muhimmi?” Koʻrsatmalar, iltimoslar va salbiy fikr-mulohazalarni minimallashtirish orqali siz ziddiyat va yomon his-tuygʻular ehtimolini kamaytirasiz. Qoidalar muhim, lekin faqat haqiqatan ham muhim boʻlganidan foydalaning.

9. Injiqlanishlarga qatʼiy boʻling.

Agar siz bolangiz nimagadir injiqlanganida taslim boʻlsangiz, tasodifan uni yanada koʻproq injiqlanishga oʻrgatishingiz mumkin. “Yoʻq” ehtimolni emas, qatʼiy taqiqni bildiradi. Shuning uchun bu soʻzni juda xohlamaguningizcha aytmang.

10. Narsalarni oddiy va ijobiy qiling.

Agar siz sodda tilda aniq koʻrsatmalar bersangiz bolangiz undan nima kutayotganingizni biladi. Masalan: “Yoʻlni kesib oʻtganimizda qoʻlimdan ushlab tur”. Ijobiy qoidalar odatda salbiy qoidalarga qaraganda yaxshiroq. Chunki ular bolangizning xulq-atvorini ijobiy tomonga yoʻnaltiradi. Masalan: “Darvozani yopib yur” deyish “Darvozani ochiq qoldirma” deyishdan yaxshiroq.

11. Bolalarga oqibatlar uchun ham javobgarlikni oʻrgating.

Farzandingiz ulgʻaygani sayin siz unga oʻz xatti-harakati uchun koʻproq masʼuliyat yuklay olasiz. Unga bu xatti-harakatlarning tabiiy oqibatlarini boshdan kechirish imkoniyatini berishingiz mumkin. Siz har doim ham jazolovchi yoki javobgarlik yuklovchi boʻlishingiz shart emas. Masalan, uxlash uchun narsalarni hozirlash bolangizning vazifasi boʻlsa va u oʻzining sevimli yostigʻini unutib qoʻygan boʻlsa, u tun boʻyi yostigʻisiz uxlashga majbur.

Boshqa paytlarda siz qabul qilinmaydigan yoki xavfli xatti-harakatlarning oqibatlarini koʻrsatishingiz kerak. Bu vaqtlarda buning oqibatlarini tushuntirganingizga va bolangiz bunga oldindan rozi boʻlganiga ishonch hosil qilgan yaxshi.

12. Bir marta ayting va davom eting.

Agar siz bolangizga nima qilish yoki nima qilmaslikni tez-tez aytib tursangiz, oxir-oqibat u sizni eshitmay qoʻyadi. Agar siz unga hamkorlik qilish uchun oxirgi imkoniyatni bermoqchi boʻlsangiz, unga hamkorlik qilmaslikning oqibatlarini eslatib qoʻying.

13. Shunday qiling-ki, farzandingiz oʻzining kerakli ekanini his etsin.

Farzandingizga oddiy ishlar yoki u qila oladigan amallarni buyuring. Bu unga oʻzining kerakli va muhimligini his qildiradi. Agar siz bolangizga uy ishlarini bajarish uchun yetarli topshiriqlar bersangiz u buni bajarishdan mamnun boʻladi va yana ishni davom ettirishga urinadi. Agar siz uni xatti-harakatlari uchun maqtasangiz, bu uning oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi.

14. Qiyin vaziyatlarga tayyor turing.

Shunday paytlar boʻladiki, bolaga qarash va moʻljaldagi ishlarni bajarish oson boʻlmaydi. Agar siz bu qiyin vaziyatlar haqida oldindan oʻylab qoʻysangiz farzandingizning murakkab ehtiyojlarini hal qilishingiz mumkin. Biror ish aytishdan besh daqiqa uni oldin ogohlantiring. Uning hamkorligi nima uchun zarurligini tushuntiring. Shunda kutilgan natijaga erishasiz.

15. Hazil tuygʻusini saqlang.

Bu koʻpincha bolalarning kundalik hayotini osonlashtirishga yordam beradi. Siz bunda qoʻshiqlar, hazil va kulgidan foydalanishingiz mumkin. Masalan, siz polga yoyib tashlangan oʻyinchoqlarga oʻch boʻlgan “maxluq” rolini oʻynang. Lekin ehtiyot boʻling: yosh bolalar ota-onasining “masxara qilishlari”dan oson “shikast”lanishadi.