Xulq-atvorni yaxshilash uchun eʼtibordan foydalanish
Farzandga eʼtibor va uning xatti-harakati
Sizning eʼtiboringiz bolangiz uchun katta mukofotdir. Farzandingiz oʻzini gʻayrioddiy tutsa va sizning eʼtiboringizni jalb qilsa, u yana oʻzini shunday tutishi ehtimoli katta boʻladi.
Agar siz bolangizning yaxshi xulq-atvoriga eʼtibor qaratsangiz, bu bolangizga sizga yoqadigan xatti-harakatni takrorlashga qiziqish uygʻotadi. Demak, siz eʼtiborni kerakli xatti-harakatni mukofotlash uchun ishlatishingiz lozim.
Yaxshi xulq-atvorga eʼtibor berishni boshlaganingizda bolangiz oʻzini yaxshi tutayotganini koʻra boshlaysiz. Farzandingiz sizning ijobiy eʼtiboringizga tobora koʻproq javob bersa, siz uning xatti-harakatlarini boshqarishingiz osonlashadi.
Ijobiy eʼtibor – bolangizdan zavqlanish va munosabatlaringizda iliqlikni koʻrsatish degani. Bu bolangizga oʻzini xavfsiz va sevimli his qilishiga yordam beradi. Uning umumiy rivojlanishi uchun ham muhimdir.
Xulq-atvorni yaxshilash uchun eʼtiborni qoʻllash
Xulq-atvorga qaratilgan ijobiy eʼtibor bolaning mehrli oʻsishiga sabab boʻladi. Bu shunday eʼtiborki, siz bolangiz nima qilayotgani kuzatishingiz va qarashlaringizdanoq u toʻgʻri ish qilayotganiga amin boʻlishi, siz esa mamnun ekaningizni bildirishingiz kerak.
Bunday eʼtiborning koʻplab usullari mavjud:
- Maqtov. Masalan: “Yaxshi ish qilding, Kamol”.
- Ragʻbatlantirish. Masalan: “Harakat qil, Laziza”.
- Jismoniy mehr yoki imo-ishoralar. Masalan, bagʻriga bosish, telefonda gaplashsangiz bolangiz jim oʻynaganda bosh barmogʻingizni koʻtarib “zoʻr” ishorasini qilish.
- Diqqat bilan tinglash. Masalan, bolangiz biror narsa aytganda qiziqish bildirish.
Agar siz bu ishlarni tez-tez qilsangiz, bunday eʼtibor eng yaxshi samara beradi. Sababi, siz bolangizdan ijobiy narsalar qidirishni odat qilasiz. Bundan tashqari, farzandingiz qanday xatti-harakatlardan zavqlanishingiz, nimani koʻproq bilmoqchi ekaningiz haqida eslatmalar oladi.
Siz har qanday joyda – supermarketda, ovqatlanayotganda, idishlarni yuvayotganda, maktabga piyoda ketayotganda, jamoat transportida bolangizning yaxshi xulq-atvoriga eʼtibor qaratishingiz mumkin. Yaxshi xulq-atvorni maqtash, ayniqsa, bolangiz oʻrganishi qiyin boʻlgan xatti-harakatlar uchun juda muhimdir. Siz intilishni ham, xatti-harakatni ham maqtashingiz mumkin. Masalan, bolangiz telefonda gaplashayotganda xalaqit bermaslikni eslab qolishda qiynalishi mumkin. Bunday holda siz: “Yaxshi, Diyora. Bilaman, men gaplashayotganda kutish sen uchun qiyin. Shunday boʻlsa-da, gaplashib olishimga imkon berganing uchun xursand boʻldim” desangiz, u keyingi safar buni eslaydi. Umuman olganda, bolangizni har safar maqtang.
Farzandingiz doim siz xohlagan tarzda oʻzini tuta olmaydi. Demak, oʻzingiz xohlagan xatti-harakatiga koʻproq eʼtibor qaratish, siz istamagan xatti-harakatiga kamroq eʼtibor berish lozim. Farzandingizga uning xatti-harakati yaxshi emasligini koʻrsatish uchun rejalashtirilgan eʼtiborsizlik va oqibatlardan foydalanishingiz mumkin.
Bolaga eʼtibor qaratish: bu ishni qanday qilib kundalik hayotning bir qismiga aylantirish mumkin?
Farzandingizga qancha koʻp ijobiy eʼtibor bersangiz, u bilan munosabatlaringiz shuncha yaxshi boʻladi. Siz bilan yaxshi munosabati bolangizning xulq-atvorini ham yaxshilaydi.
Sizning munosabatingiz va bolangizning xatti-harakatlariga yordam beradigan bir nechta umumiy qoidalar bor:
- Farzandingizga moslashish uchun vaqt ajrating. Uni keyingi darsga shoshiltirish oʻrniga bolangizni hayratga soladigan narsalar – guldagi gulbarglar, piyodalar yoʻlidan oʻtayotgan chumolilar, supermarketdagi sousli shishalar haqida biroz suhbatlashing. Kutubxonada u tanlagan kitoblarga yoki parkdagi maymun panjaralarida qanday koʻnikmalarga ega boʻlishiga eʼtibor bering. Agar siz uni qiziqtirgan narsalarga qiziqsangiz u qadrli ekanini his qiladi.
- Farzandingizga ergashing. Ha, baʼzan farzandingiz bilan vaqt oʻtkazganingizda, iloji boʻlsa, bolangizga oʻyin yoki mashgʻulotlarni tanlashiga ruxsat berganingiz maʼqul. Bu unga manfaatlari siz uchun ham muhimligini anglatadi. Unga ishonch beradi.
- Yaqinlashing. Siz polga oʻtirishingiz, oʻt ustida tiz choʻkishingiz yoki bolangiz oʻrindigʻining yonida choʻkkalashingiz mumkin. Muhimi, farzandingiz bilan yuzma-yuz turing va xona boʻylab kuzatib turishdan koʻra, uning yonida turing, koʻzlariga qarang, qoʻllaringizni oching va tabassum qiling.
- Farzandingiz nima qilayotganini oʻziga sharhlang. Misol uchun: “Men sening qizil yuk mashinani yoqtirganingni koʻryapman” yoki “Sen qiziq narsaga qarayapsan” deb aytishingiz bolangiz eʼtiboringizda ekanini unga bildiradi. Unga shu oddiy eʼtibor orqali siz uning ishonchi va dadilligini oshirasiz, oʻzaro munosabatlaringizni mustahkamlaysiz.