Bolalarning ijodiy oʻrganishlari va rivojlanishlari: gʻoyalar va mashgʻulotlar
Kichkintoyingizning ijodiy oʻyinini ragʻbatlantirish
Bolalar uchun ijodiy oʻyin – yaratish, tasavvur va oʻz-oʻzini ifodalashdir. Kichkintoylar sanʼatni qanday yaratishlari va unga qanday munosabatda boʻlishlarida toʻgʻri va notoʻgʻri degan qarash mavjud emas.
Farzandingizning oʻyinidan bir qadam orqaga tashlash orqali uni oʻz dunyosini oʻziga xos tarzda kashf etishga undashingiz mumkin. Bu oʻrganish va rivojlanish uchun muhim.
Kichkintoyingizga ijodiy oʻyinlar uchun erkin vaqt berish orqali ham uni bu ishga ragʻbatlantirsangiz boʻladi. Baʼzan farzandingizga besh daqiqa yetarli boʻladi, boshqa vaqt esa bir mashgʻulotdan ikkinchisiga oʻtish uchun bir kun oʻtib ketishi mumkin. Farzandingiz yetarli vaqtga ega boʻlganda, u koʻplab ijodiy gʻoyalarni oʻylab topishi mumkin.
Farzandingizni nima yaratgan boʻlishidan qatʼi nazar, uni maqtang. Bu unga oʻzidan mamnun boʻlishga yordam beradi va ijod qilishda davom etishga undaydi.
Ijodiy faoliyat: tasviriy sanʼat va hunarmandchilik
Farzandingiz kundalik buyumlar va qayta ishlangan narsalardan sanʼat va hunarmandchilik uchun foydalanishi mumkin. Farzandingizga ishni boshlashga yordam beradigan baʼzi tavsiyalar:
– qoʻgʻirchoq yoki hayvon yasash uchun oshxona qogʻozining boʻsh oʻramlari yoki kichik plastik butilkalardan foydalaning. Farzandingiz uni flomaster, stikerlar, qogʻoz parchalari, mato va boshqa bezaklar bilan bezashi mumkin;
– tabiiy materialdan foydalaning. Misol uchun, ochiq havoda sayr qilish davomida toʻkilgan barglarni yigʻing. Farzandingiz ularni chizish, qogʻozga yopishtirish yoki boʻyoqqa botirish uchun ishlatishi mumkin;
– juda katta karton quti toping va bolangiz uni rangli qalamlar, boʻyoqlar va boshqa bezaklar bilan bezasin. Bu uy, qayiq, gʻor va boshqa biror narsa vazifasini bajarishi mumkin. Kartondan deraza yoki eshiklarni kesishda farzandingizga yordam berishingiz mumkin;
– hojatxona qogʻozidan boʻshagan ikkita oʻramni birlashtirib, undan durbin yasang. Tasmani ikki tomondan yopishtiring. Shundan soʻng farzandingiz yangi durbin bilan bogʻni oʻrganishi mumkin;
– taqinchoq yasash uchun ipga kichik plastik qopqoqlar, katta yogʻoch munchoqlar yoki uzunchoq makaronlarni tizib chiqing. Bu katta yoshdagi bolalar uchun yaxshi mashgʻulot boʻlishi mumkin.
Qalamlar, stikerlar, ovqatlardan qolgan boʻsh konteynerlar, qogʻoz likopchalar, shisha idish qopqoqlari, qadoq qogʻoz parchasi, tuxum soladigan korobkalar, tasmalar kabi qayta ishlanadigan va oʻyinchoqlar yasashda asqatadigan buyumlarni bir qutiga yigʻing va shu qutini saqlab qoʻying. Faqat yiqqan barcha buyumlaringizning xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qiling, kichkintoyingiz ishlatadigan barcha narsalar uning sogʻligiga zarar yetkazmasligiga, boʻgʻilishi, nafas qisilishiga sabab boʻlmasligiga qattiq eʼtibor berish juda muhim. Kichik munchoqlar va polietilen paketlar kichkina bolalar uchun xavfli. Ularni bola qoʻli yetmaydigan joyda saqlang.
Ijodiy faoliyat: harakat va raqs
Quyida keltirilgan ijodiy oʻyin gʻoyalari kichkintoyingizga harakat va raqs orqali oʻzini namoyon qilishga yordam beradi:
– Farzandingizni harakat qilishga undaydigan musiqa qoʻying. Siz turli janrdagi musiqa yoki boshqa madaniyat musiqalarini qoʻllab koʻrishingiz mumkin.
– “Qizib olish” uchun oʻzingiz ham kichkintoyingizga sherik boʻling. Masalan, birgalikda emaklashingiz, dumalashingiz, sakrashingiz, hakkalashingiz yoki aylanishingiz mumkin. Sekin-asta chekkaga oʻting va unga raqsni oʻzi davom ettirishiga imkon bering;
– Farzandingizga raqs anjomlarini sovgʻa qiling. Bu tayoqchalarga bogʻlangan tasmalar, zarbli tovush chiqarish uchun qoshiq va quti, oʻyinchoq gitara, shaqildoq yoki qoʻlda yasalgan qoʻgʻirchoq, bolangizga yoqadigan har qanday buyum boʻlishi mumkin.
Dramatik tomoshalar uchun gʻoyalar
Kichkintoylar dramatik oʻyinlarni yaxshi koʻradi. Bola ishini boshlashi uchun eski kiyim, sumkalar, qoʻgʻirchoqlar, oʻyinchoqlar, chelaklar va toʻplar kabi oddiy anjomlardan foydalanishingiz mumkin. Kichkintoyingiz:
– uxlatish uchun “bola”ni silashi;
– oʻyinchoqning yoʻrgagini almashtirishi;
– ona, ota, oʻqituvchi, shifokor yoki yuk mashinasi haydovchisidek kiyinishi;
– doʻkonga, safar yoki ishga otlanganday narsalarini yigʻishi;
– tasavvurida poyezdni boshqarishi;
– mashina yoki sevimli oʻyinchogʻini yuvishi mumkin.
Musiqa va tovush
Musiqani boshqa dasturlarning bir qismiga aylantirsa boʻladi. Shuningdek, musiqa, drama va raqsni ham uygʻunlashtirishingiz mumkin.
Ishni boshlash uchun bir nechta gʻoyalar:
– Bolani vannada choʻmiltirayotganda, tagligini almashtirayotganda, mashinada sayohat qilayotganda oddiy bolalar sheʼrlari yoki maʼnosiz, toʻqima qoʻshiqlarni ayting.
– Bolani siz bilan kuylashga undang, lekin siz bilan bir ovozda kuylashini kutmang. Kichkintoyingiz davom ettirishi uchun siz qoʻshiq yoki sheʼrning birinchi qatorini aytib, toʻxtab turishingiz mumkin.
– Farzandingizga qoʻlda yasalgan yoki sotib olingan musiqa asboblarini oʻynash, shovqin solish yoki musiqa oʻylab topishiga ruxsat bering. Foydalanayotgan musiqa asboblaringizni oʻz nomlari bilan atang, ulardan chiqayotgan tovushlardagi farq hamda qanday chalinishi toʻgʻrisida gapirib bering.
– Sodda, takroriy, ritmik harakatlarni oʻz ichiga oluvchi anʼanaviy bolalar sheʼrlari va qoʻshiqlarini ijro etib koʻring.
– Plastik idish va yogʻoch qoshiqdan baraban yasang yoki yaxshilab mahkamlanadigan plastik idish ichiga guruch solib, shiqildoq yasang. Musiqani yoqing va uning ohangiga mos ravishda asboblaringizni silkiting yoki daranglating.