Savodxonlikni oʻstirish
Savodxonlikni oʻstirish
Savodxonlikni oʻstirish bolaning umumiy rivojlanishidagi muhim qismdir. Bu maktabda yaxshi oʻqish, boshqalar bilan muloqot qilish, mustaqillikni rivojlantirish, pulni boshqarish va ishlash uchun asosdir.
Ammo farzandingiz oʻqish va yozishni oʻrganishdan oldin savodxonlik uchun asos yaratishi – gapirish, tinglash, tushunish, tomosha qilish va chizish qobiliyatini rivojlantirishi kerak. Farzandingiz bilan samimiy suhbatlar quring, qiziqarli soʻzlarni ishlating va ovoz chiqarib kitob oʻqib bering. Bu orqali ogʻzaki nutq uchun boy asos yaratasiz.
Farzandingiz katta boʻlgani sari sahifadagi harflar va ogʻzaki tovushlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganishi kerak. Buning uchun unga quyidagilar asosida katta tajriba zarur:
- rasmlar va narsalar – ularni soʻzlar yordamida qanday taʼriflash mumkinligini;
- harflar va soʻzlar – ularning shakllari, tovushlari va nomlarini;
- tovushlar – soʻzlar qanday qofiyalanishi mumkinligini, bolalar katta boʻlganlari sari soʻzlar harflar bilan boshlanishi va tugashini, boʻgʻinlar shaklida boʻlaklarga boʻlinishini, turli tovushlarni aralashtirish natijasida hosil boʻlishini va hokazolarni oʻrganishi lozim.
Siz farzandingizga savodxonlikni ertaroq rivojlantirish uchun barcha sohalarida yordam bera olasiz:
- farzandingiz bilan muloqot qilish;
- birga oʻqish;
- farzandingiz bilan birga qofiya va tovushlar yordamida oʻyin oʻynash.
Ajoyib tomoni, siz bu jarayonni ikkalangiz uchun ham qiziqarli tarzda oʻtkazishingiz mumkin.
Bolalar maktabga borgunga qadar orttirgan til tajribalari kuchli miya aloqalarini hosil qiladi. Bu aloqalar til, fikrlash va tushunish uchun ishlatiladi. Gapirish, qoʻshiq aytish va oʻqish kabi faoliyatlarsiz miya bu muhim aloqalarni rivojlantirmaydi.
Muloqot: uning savodxonlikni rivojlantirishdagi ahamiyati
Kichkintoyingiz bilan oʻzaro muloqot farzandingiz katta boʻlgani sari gapirish, tinglash va tushunish qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam beradi.
Siz nima qila olasiz?
- Kichkintoyingiz chiqaradigan tovushlarga taqlid qiling. Bolalar guvranishdan foydalanishi – normal holat. Bu bolalarga yoqadi va ularga til qanday tuzilganini tushunishga yordam beradi.
- Farzandingiz bilan qoʻshiq kuylang.
- Farzandingiz bilan har kuni birga bajaradigan va birgalikda koʻrgan narsalaringiz haqida gaplashing. Masalan, “Kel, kir yuvamiz”, “Anavi qizil qushni qara” yoki “Oh, oh, tushlik ovqatimiz biram mazaliki!” deb ayting.
- Tuygʻular haqida, farzandingiz xursand yoki xafa ekani toʻgʻrisida suhbatlashing.
- Farzandingizga voqealarni soʻzlab bering. Masalan, yoshligingizda sodir boʻlgan voqealarni soʻzlab berishingiz yoki oilangizning oʻtmishi haqida aytib berishingiz mumkin. Navbatma-navbat gapirib, birgalikda hikoya yaratishingiz ham mumkin.
- Farzandingizni tinglang. Agar u savol bersa, javob berishdan oldin u oʻzi javob topishi uchun imkoniyat bering. Misol uchun, agar farzandingiz: “U yerda nima bor?” deb soʻrasa, “Nima deb oʻylaysan, bu nima?” deb uning oʻzidan soʻrang.
Oʻqish: uning savodxonlikni rivojlantirishdagi ahamiyati
Farzandingiz bilan tez-tez kitob oʻqing. Aslida mutolaanini tugʻilishdan boshlagan yaxshi, lekin boshlash uchun hech qachon kech emas.
Siz nima qila olasiz?
- Kichik yoshdagi bolalar uchun qaytarma muqovali, rangdor sahifali kitob, teginib oʻqiladigan kitob, qofiyali yoki takrorlanadigan soʻzlar asosida yozilgan kitobni tanlang.
- Birgalikda oʻqishni yoqimli interaktiv tajribaga aylantiring: “O, keyin nima boʻladi?” “Toʻpli qizni koʻryapsanmi? Senda ham toʻp bor!”
- Farzandingizni kitobni ushlab turishga va sahifalarni varaqlashga undang. Bu unga kitob maʼlum bir tarzda yuqoriga koʻtarilishi kerakligini va sahifalar har doim bir tomonga varoqlanishini tushunishga yordam beradi.
- Maktabgacha yoshdagi kattaroq bolalar bilan shugʻullanganda baʼzan barmogʻingizni soʻzlar ostiga qoʻying va har bir soʻzni koʻrsatib turing.
- Rasmlarni koʻrsating va farzandingiz koʻrsatgan rasmlar haqida gapiring.
- Kitobdagi hayvonlar yoki boshqa narsalarning ovozini chiqaring – zavq oling!
- Kutubxonaga aʼzo boʻling. U yerda ijaraga olishingiz mumkin boʻlgan juda koʻp kitoblar bor.
Qofiya: uning savodxonlikni rivojlantirishdagi ahamiyati
Qofiya – bolalarga soʻzning jaranglashi va yozilishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrgatishning ajoyib usuli.
Siz nima qila olasiz?
- Qofiyaga asoslangan oʻyinlarni oʻynang. Qofiyali oʻyinlar bolalarga bir xil tovushlar bilan tugaydigan soʻzlarni tushunishga yordam beradi, masalan, “qoʻgʻirchoq, oʻyinchoq, ovunchoq”. Siz bunday oʻyinlarni xohlagan vaqtda – mashinada, xarid qilish paytida yoki dasturxon atrofida oʻynashingiz mumkin.
- Soʻzlarning jarangi va ritmini oʻz ichiga olgan oʻyinlarni oʻynang. Siz “Ari mandan nari” va “Gʻani gʻildirakni gʻildiratdi” kabi tez aytishlarni sinab koʻrishingiz mumkin.
- “Shlyapa kiygan mushuk”, “Ona gʻoz ertaklari” kabi qofiyali kitoblarni oʻqing.
Nutq va savodxonlikni ertaroq rivojlantirishga qaratilgan boshqa mashgʻulotlar haqida oʻqimoqchi yoki farzandingizda erta yoshdagi savodxonlik bilan bogʻliq muammolar paydo boʻlishi mumkinligidan xavotirda boʻlsangiz, shifokoringiz yoki farzandingizning maktabgacha taʼlim tashkilotidagi mutaxassis, masalan, tarbiyachisi bilan gaplashib olganingiz maʼqul.