Kichkintoylar va yosh bolalar bilan mutolaa qilish va ularga hikoya aytib berish
Nima uchun kichkintoylarga va yosh bolalarga kitob oʻqib berish muhim?
Farzandingizga har kuni hikoyalar aytib berish, u bilan suhbatlashish va qoʻshiq aytish uning rivojlanishiga yordam beradi.
Farzandingizga hikoyalar aytib berish bu mutolaa qilishingiz kerak degani emas. U bilan kitoblarni shunchaki koʻzdan kechirish vaqtida siz ajoyib hikoyachi boʻlishingiz mumkin, shuningdek, gapirib berayotganingizda tildan va kitoblardan qanday foydalanishni misol qilib koʻrsatishingiz mumkin. Hikoyalarni bolalar bilan birga oʻqish kattalar uchun ham foydalidir. Oʻqish vaqtida birgalikda oʻtkazgan vaqtingiz bola bilan oralaringizdagi munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi.
Kichkintoyingizga ovoz chiqarib oʻqib berishni istaganingizcha erta boshlashingiz mumkin – qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi. Farzandingizga uni qoʻlga olib koʻtarishingiz, ovozingizni eshitish, qofiyadosh soʻzlarni bir maromda qaytarib aytishingizni eshitish hamda rasmlarni koʻrish yoqadi.
Hikoya va qoʻshiqlar
Oʻqib berish farzandingizning nutqi va savodxonligini rivojlantirishga yordam beradigan yagona usul emas.
Ertaklar, qisqa sheʼrlar, qoʻshiqlar savodxonlik koʻnikmalarini erta rivojlantirish uchun eng yaxshi mashgʻulotlar hisoblanadi va bu farzandingizga juda yoqadi.
Oʻzingizning hikoyalaringizni oʻylab topishingiz yoki oilaviy hikoyalaringizni aytib berishingiz ham mumkin. Farzandingiz siz gapirib bergan hikoyalar, qoʻshiqlar va suhbatlar asosida soʻzlarni oʻrganadi va til koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Farzandingizga boshqa tillarda oʻqib berish
Siz oʻzingizga oson boʻlgan tilda oʻqishingiz, qoʻshiq aytishingiz va hikoyalar aytib berishingiz mumkin.
Agar mamlakatdagi asosiy til farzandingizning ona tili boʻlmasa, tashvishlanmang. Birinchi tilni yaxshi bilish farzandingizga ikkinchi tilni oson oʻrganishiga keyinchalik yordam beradi.
Xohlasangiz, soʻzlarni oʻqish oʻrniga kitobdagi rasmlar haqida gapirishingiz mumkin. Farzandingiz bilan birga ertak toʻqiy olasizmi? Bajarishingiz mumkun boʻlgan barcha mashgʻulot / koʻnikmalarni oʻzingizga maʼqul kelguncha bajaring.
Farzandingizga qachon oʻqib berishingiz, qoʻshiq va hikoyalar aytishingiz kerak?
Yotishdan oldin, choʻmilayotganda, tuvakda oʻtirganda, poyezdda, avtobusda, mashinada, bogʻda, bolalar aravachasida, beshikda, pediatr koʻrigi uchun navbat kutganda – har qanday holat hikoya aytib berish uchun qulay fursat hisoblanadi! Siz kitoblarni kundalik hayotingizning bir qismiga aylantirishingiz mumkin – ularni oʻzingiz bilan olib yuring va istalgan joyda oʻqing va ulardan zavqlaning.
Hikoya soʻzlashni qachon toʻxtatish kerakligini bilish ham muhim hisoblanadi. Farzandingizning hikoyaga boʻlgan munosabatiga eʼtibor bering va agar unga yoqmasa, toʻxtating. Kitob oʻqish, qoʻshiq yoki hikoya aytib berishni boshqa paytga qoldirishingiz mumkin.
Agar yoningizda kitob boʻlmasa yoki hikoya oʻylab topa olmasangiz, tashvishlanmang. Siz va farzandingiz bir-biringizga harflarni, soʻzlarni aytishingiz va rasmlarni koʻrsatishingiz uchun boshqa koʻplab usullar bor. Misol uchun, siz:
- uyda yoki supermarketda paketlar, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari qadoqlangan qutilarni koʻrsatishingiz mumkin;
- kiyimga – futbolkaga nima chizilganini soʻrashingiz, bu qanday rang ekanini koʻrsatishingiz mumkin;
- xatlar va eslatmalar – ular nima haqidaligini, kimdan kelganini aytishingiz mumkin;
- koʻchaga chiqqanda doʻkonlardagi peshtaxtalardagi, avtobus va poyezdlardagi, agar uyda boʻlsangiz, jurnal yoki kataloglardagi farzandingizning ismidagi harflarni koʻrsatishingiz mumkin;
- restoranlardagi yoki internetdagi taomnomalar – katta yoshdagi bolalarga taomnomalarni koʻrish va nima yeyishni tanlashlari qiziq.
Kichkintoylar va yosh bolalar bilan birga kitoblarni qanday oʻqish boʻyicha tavsiyalar
- Kun tartibini tuzing va har kuni kamida bitta kitob oʻqishga harakat qiling. Kitob oʻqishni eshitayotgan bolalar keyinchalik oʻzlari bajonidil mutolaa qiladi. Oʻqish uchun ikkalangizga ham qulay boʻlgan joyni toping.
- Telefoningizni oʻchiring va oʻqish uchun tinch joyni tanlang.
- Oʻqish paytida yuzingizni va kitobni koʻrishi uchun bolangizni oʻzingizga yaqin ushlang yoki tizzangizga oʻtqazing.
- Kulgili tovushlardan foydalaning – erkalating va zavq oling!
- Kitob oʻqishni “oʻzaro faol” tarzda oʻtkazing – oʻqishdan toʻxtang va “Keyin nima boʻladi deb oʻylaysan?” yoki “Mushukni koʻryapsanmi? Kimning uyida mushuk bor?” kabi savollar berib, bolani qiziqtiring.
- Farzandingizni rasmlarga qarab tanish, soʻz va iboralarni takrorlash orqali jarayonga jalb qiling.
- Kichkintoyingiz yoshi kattaroq boʻlganda kitoblarni tanlashga ruxsat bering va uning sevimli kitoblarini qayta-qayta oʻqishga tayyor boʻling!
Agar kattaroq farzandlaringiz boʻlsa, ular uka-singillariga kitob oʻqib berishlari yoki barchangiz birga mutolaa qilishingiz mumkin. Navbat bilan savol berish va javoblarni tinglash – bularning barchasi bolangiz oʻqishni oʻrgana boshlayotganida yordam beradigan muhim koʻnikmalardir.
Hatto bir necha daqiqa oʻqish ham samara beradi – har doim ham kitobni oxirigacha oʻqishingiz shart emas.
Farzandingiz bilan qanday kitoblarni oʻqishingiz kerak?
Kitoblar shunaqangi koʻpki, nimadan boshlashni aniqlash qiyin boʻladi.
Qoidaga koʻra, kichik yoshdagi bolalarga koʻpincha aniq qofiyaga ega, bir maromda takrorlanadigan soʻzlari bor kitoblar yoqadi.
Farzandingizga mos kattalikdagi va uning doimiy oʻzgaradigan qiziqishlariga mos keladigan kitoblarni tanlang.
Farzandingizga nima mos kelishini quyidagi maqolalarni oʻqib bilib olishingiz mumkin:
- tugʻilgandan boshlab kichkintoylarga kitob oʻqib berish;
- 12 oylikdan boshlab kichkintoylarga kitob oʻqib berish;
- yosh bolalarga kitob oʻqib berish;
- maktabgacha yoshdagi bolalarga kitob oʻqib berish.
Agar siz yangi kitob yoki jurnallarni koʻp oʻqishni, shuningdek, koʻp pul sarflamaslikni istasangiz, xuddi shu yoshdagi farzandlari boʻlgan doʻstlaringiz bilan kitob almashishni yoʻlga qoʻyishingiz mumkin.
Mahalliy kutubxonadan foydalanish
Siz yashayotgan joyda kutubxonadan bepul foydalanish imkoni boʻlsa, oʻzingiz va farzandingiz uchun juda koʻp kitoblarni topishingiz mumkin. Agar kitoblarni ijaraga olsangiz, bu sizda har doim bolangizga oʻqish uchun yangi kitoblar boʻlishini taʼminlaydi.
Agar farzandingizni kutubxonaga olib borib unga kitoblarni oʻzi tanlashiga ruxsat bersangiz, bu uning uchun qiziqarli mashgʻulotga aylanishi mumkin.
Koʻpgina kutubxonalarda yosh kitobxonlar uchun uchrashuvlar va yosh bolalar uchun tadbirlar oʻtkaziladi.