Kitobxonlik faoliyati: 3–6 yoshdagi bolalar

Farzandingiz bilan kutubxonaga borish kitob va oʻqishga boʻlgan muhabbatni oshirishi mumkin. Farzandingiz koʻplab kitoblarni vaqtinchaga bepul olishi mumkin. Kutubxonalarda bolalar uchun suhbatlar va boshqa tadbirlarga ham vaqt ajratish koʻzda tutilgan.
Body

Kutubxonalar: nega ular bolalar uchun muhim?

Bola bilan birga jamoat kutubxonasiga borish – kitob va oʻqishga boʻlgan muhabbatni ragʻbatlantirishning ajoyib usuli hisoblanadi.

Uyingizga yaqin kutubxonadan bolalar kitoblarini oʻqib turish uchun bepul olishingiz mumkin. Kutubxonalarda odatda audiokitoblar, ikki tildagi kitoblar, elektron kitob va jurnallar mavjud. Shunday ekan, sizda farzandingizning oʻqishi uchun koʻpgina kitoblar va boshqa narsalar boʻlishi mumkin va bu sizga hech qanchaga tushmaydi.

Bolangizga kutubxonadan oʻz kitoblarini tanlash qiziqarli boʻladi. Kutubxona xodimlari siz va farzandingiz uchun kitoblarni tavsiya qilishi mumkin.

Kutubxonalar, shuningdek, bolalar uchun tadbirlar va maktab bayramlari dasturlarini taklif etadi.

Kutubxonaga borish uchun nima kerak?

Shunchaki uyingizga eng yaqin kutubxona qayerda ekanligini bilishingiz kerak! Bu haqda maʼlumotlar xizmatiga qoʻngʻiroq qilib yoki internet tarmogʻi orqali bilib olishingiz mumkin.

Agar siz chekka qishloq yoki togʻli hududda yashasangiz, hokimiyatdan hududiy axborot-kutubxona markazlarining mavjudligini soʻrab bilsangiz boʻladi.

Agar uyingiz atrofida bir nechta kutubxona boʻlsa, tanishlaringizdan qaysi kutubxonada bolalar uchun kitoblar tanlash imkoniyati koʻproq ekanligini surishtirishingiz mumkin. Chunki ayrim kutubxonalar boshqalarga qaraganda koʻproq yosh bolalar auditoriyasiga moʻljallangan boʻlishi mumkin.

Kutubxonaga aʼzo boʻlganingizdan keyin u yerdagi xodimlar farzandingiz nechta kitob olishi va ularni qachon qaytarishingiz mumkinligini aytib berishadi.

Kutubxonaga tashrifdan maksimal darajada foydalanish

borishdan oldin bolangiz bilan kutubxona haqida gaplashing. Masalan, “Kutubxona – biz vaqtinchaga bir nechta kitobni olishimiz mumkin boʻlgan joy. Ularni oʻqib boʻlgach, boshqalar ham foydalanishi uchun ularni qaytarib beramiz. Kutubxonalar – tinch joylar. Biz u yerda yugura olmaymiz, baqira olmaymiz”.

– uyda ham kutubxonadagiday “sokin ovoz”ni mashq qiling;

– kutubxonadagi bolalar boʻlimiga oʻtib, farzandingizga u yerdagi kitoblarni koʻrib chiqishni taklif qiling. Tanlab olishi uchun unga bir muddat vaqt bering;

– farzandingiz qaysi kitoblarga qiziqayotganiga eʼtibor bering va u tomosha qilayotgan kitoblar haqida gapiring. Masalan, “Bu qiziqarli kitobga oʻxshaydi – seningcha, u nima haqida boʻlishi mumkin?”;

– farzandingiz bilan birga oʻtirib, bir nechta kitoblarga koʻz yugurtiring. Qaysi birini olib ketishni va qaysi birini yana javonga qaytarishni birgalikda hal qiling.

Turli xil kitoblarni tanlash – oʻrganishning bir qismidir. Farzandingiz tanlagan kitoblar mazmunan murakkabligi yoki u oʻylaganchalik qiziq emasligining ahamiyati yoʻq. Siz ularni qaytarib berishingiz va keyingi safar boshqa mazmundagi kitoblarni olishingiz mumkin.

Turli yoshdagi bolalarning kutubxonaga koʻnikishlari

Aksariyat kutubxonalarda hikoya vaqti oʻtkaziladi, kutubxona xodimi yoki biror koʻngilli  kitob tanlab, uni kichik yoshdagi bolalarga oʻqib beradi. Bunday tadbir davomida biroz shovqin va suhbatlar boʻlishi tabiiy holdir, shunday boʻlsa-da, ular kichik yoshdagi bolalar uchun foydalidir.

Kattaroq yoshdagi bolalarga oʻz qiziqishlari doirasida kitoblar qidirish yoqishi mumkin – masalan, kuchukchalar, balet, vulqonlar haqida. Siz bolangizga mavzu yoki muallif boʻyicha kitobni topishda katalogdan qanday foydalanishni koʻrsatishingiz mumkin.