3–6 yoshli bolalar bilan muzeylarga borish
Muzeylarga tashrif nega bolalar uchun foydali?
Muzeyga borish siz va farzandingiz uchun qiziqarli boʻlishi mumkin.
Koʻpgina muzeylarda kichik yoshdagi bolalarga moʻljallangan koʻrgazmalar ham mavjud, unda eksponatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va taʼriflar qiziqarli va interaktiv shaklda beriladi. Ayrim muzeylarda esa bolalar uchun maxsus joylar ham bor, u yerda kichkintoylar oʻynashlari yoki nimadir mashgʻulot bilan shugʻullanishlari mumkin.
Muzeylarga birgalikdagi tashriflaringiz mobaynida farzandingiz ilm, sanʼat, tarix yoki madaniyat toʻgʻrisida koʻp narsalarni bilib olishi mumkin. Va buning uchun koʻp kuch sarflashning hojati ham boʻlmaydi.
Bolalar bilan muzeyga borish uchun nimalar kerak?
Sizga borish mumkin boʻlgan muzey kerak xolos!
Internetdan uyingizga yaqinroq muzeyni toping. Bolalar uchun toʻgʻri keladigan va farzandingizga qiziqarli boʻladiganlarini tanlang. Ixtisoslashtirilgan muzeylarni ham qidirib koʻrishingiz mumkin, masalan, ilm, tarix yoki harbiy-havo kuchlariga bagʻishlanganlarini.
Eng muhimi – siz va farzandingizga bu qiziq boʻlsin!
Kichkintoy uchun muzeyga borish butun kunni band qilishi, atrofdagi kafelar esa qimmat va gavjum boʻlishi mumkin. Oʻzingiz bilan yengil tamaddi uchun yegulik va suv oling. Faqat muzey xodimlari yoki joylashuv xaritasi orqali qayerda tamaddi qilish mumkinligini aniqlashtirib oling.
Bolalar bilan muzeyga tashrifdan qanday zavqlanish mumkin?
Muzeyga tashrifdan siz va farzandingiz maksimal darajada zavqlanishingiz uchun baʼzi tavsiyalar:
– muzeyga borishdan oldin u haqda bolangizga aytib bering. U yerda koʻrishingiz mumkin boʻlgan narsalaringiz va tashrif qoidalari toʻgʻrisida gapiring – masalan, “Biz koʻradigan ayrim rasmlar juda ham noyob, shuning uchun ham ularga teginish mumkin emas”;
– kirishda maʼlumotlar stolidan muzey tuzilmasi tushirilgan bukletni oling va uni farzandingizga koʻrsating. Birinchi navbatda qayerga borishni hal qilishni unga qoʻyib bering;
– biror-bir eksponat kichkintoyingizda qiziqish uygʻotgan boʻlsa, uning bu qiziqishini savollar bergan holda qoʻllab-quvvatlang, masalan: “Nima deb oʻylaysan, unga bunday katta tishlar nima uchun kerak?”;
– bolangizga moslashing. Muzeylar bolalarni nihoyatda taʼsirlantirishi mumkin. Uning charchab qolganini sezsangiz, tanaffus qiling, tamaddi qiling yoki uyga ertaroq keting. Hammasini bir kunda koʻrishga urinmang.
Odatda muzeylarda har bir eksponat toʻgʻrisida turli xil maʼlumotlar koʻp boʻladi. Bolangizga nima koʻrganini tushuntirishingiz kerak boʻlganda ular asqatishi mumkin, lekin unga hamma narsani oʻqib berishingiz yoki hamma narsani eslab qolishga undashingiz shart emas. Farzandingiz juda koʻp maʼlumot oqimidan zerikmasagina biror narsani eslab qolish ehtimoli koʻproq boʻladi.
Bolaning yoshidan kelib chiqqan holda muzeyga borishga yondashuvni oʻzgartirish
Kichik yoshdagi bola eksponatlarni payqamasadan ularning yonidan tezda oʻtib ketishi mumkin. Balki, ayrim narsalarni keragiday bajarmasligi ham mumkin, bunga misol qilib bolaning interaktiv displeyni shunchaki yonib turgan effektlari uchungina koʻp marotaba bosishini aytishimiz mumkin. Bunday paytda sabrli boʻling, muzeyga bolangiz koʻzi bilan qarashga harakat qiling.
Muzeylar – kattaroq yoshdagi bolalar oʻzlarini qiziqtirgan narsalar toʻgʻrisida koʻproq bilishlari uchun imkoniyat berishning yaxshi usulidir (masalan, poyezdlar, dinozavrlar haqida).
Koʻpgina muzeylarda virtual ekskursiyalar mavjud. Siz uyingizda oʻtirgan holda dunyoning istalgan burchagidagi muzeylarga “tashrif buyurishingiz” va bolangizga qiziq boʻlgan ekspozitsiyalarni oʻrganishingiz mumkin.