Bolaga oʻqib berish va bola bilan oʻqish
Hikoyalar bolaga oʻzi boshdan kechirgan narsani tushunish yoki tahlil qilish, qahramonlarning xatti-harakatlarini, shuningdek, bu xatti-harakatlarning sabab va oqibatlarini tushunish imkonini beradi. Ular bolaga mantiqiy aloqalarni aks ettirish va oʻrnatish, gapirish, tasavvur qilish – hikoyaning yoʻnalishini yoki oxirini oʻzgartirish kabilarga imkoniyat yaratadi.
Oʻqish haqida gapirganda, biz koʻpincha uyqudan oldingi odat haqida oʻylaymiz. Katta odamlar kitobni olib, ovoz chiqarib oʻqiydi. Bola bu faoliyatda qatnashishi yoki qatnashmasligi mumkin va bu asosan bolani tinchlantirish uchun moʻljallangan. Ota-onaning yoqimli ovozi, bu mashgʻulotdagi yaqinlik, muloyimlik, albatta, bola bilan yaqin boʻlishga yordam beradi.
Bola bilan oʻqish – bu boshqa narsa
Bu boladan sergaklikni, mutolaada faol qatnashishga tayyor boʻlishni, uni boshlashni va boshqarishni talab qiladi.
Bola bilan oʻqish kunduzi, bola bu faoliyatni tanlaganida va uni oʻrganishga tayyor boʻlganida oʻtkazilishi kerak. Kitobni bolaning oʻzi tanlaydi va har qanday oʻyinda boʻlgani kabi, bolaga oʻqish faoliyatini oʻzi boshqarishiga imkon berish zarur. Bolaning ishtirok etish usullarini qadrlash, tan olish va kuchaytirish, qiziqishini oshirish, eʼtiborini jalb qilib turish, soʻzlar va tasvirlar vositasidagi oʻyinlar orqali haqiqiy izlanish va oʻrganishni taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Farzandingiz bilan istalgan vaqtda va istalgan joyda oʻqishingiz mumkin
Sayr yoki bolalar koʻrigidan oʻtish uchun borilganda kitob olib boring. Kitoblarni bolaga ilk kunlardanoq taqdim eting – ularni qoʻli yetadigan joyga qoʻying, har bir xonada kitob boʻlsin. Yodda tuting, bola bilan 15 daqiqa oʻqish – “tilni oziqlantirish” miqdori, bu farzandingizning tajribasi va rivojlanishiga taʼsir qiladi!