Chaqaloqlar bilan tugʻilganidan boshlab mutolaa qilish
Nega chaqalogʻingiz bilan oʻqish muhim?
Hikoyalar bilan boʻlishish, gapirish va qoʻshiq aytish bolangizning rivojlanishiga koʻp jihatdan yordam beradi.
Bu mashgʻulotlarni har kuni bajarish chaqalogʻingizga tovushlar, soʻzlar, nutq bilan tanishishga va kitoblarning qadr-qimmatini tushunishga, ulardan zavq olishga yordam beradi. Bu unga keyinchalik oʻqishni oson oʻrganishga koʻmaklashadi. Mutolaa farzandingiz bilan yaqin munosabat oʻrnatishingiz va birgalikda vaqt oʻtkazishingiz uchun ajoyib vaqt.
Kichkintoyingiz oʻsib ulgʻaygan sayin ertaklar oʻqish uning tasavvurini kuchaytiradi va atrof olamni oʻrganishga yordam beradi.
Siz chaqalogʻingizga ovoz chiqarib oʻqib nerishni xohlaganingizcha erta boshlashingiz mumkin – qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi. Bolalar bilan mutolaa qilish va savodxonlikni rivojlantirish haqidagi maqolalarimizda ishni nimadan boshlash kerakligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot topasiz.
Kichkintoy bilan kitob oʻqish
Hatto yosh bolalar ham siz bilan kitob oʻqishdan zavqlanishi va foyda olishi mumkin. Masalan, siz:
- sekin oʻqing va soʻzlarni oʻqib boʻlganingizdan soʻng har bir sahifada toʻxtang – bu bolaga soʻzlar va rasmlarning shakliga eʼtibor qaratish imkonini beradi;
- soʻzlarni oʻqish oʻrniga farzandingiz sahifada koʻrib turgan tanish va yangi narsalarni koʻrsating va nomini ayting;
- oʻqiyotganda ovozingizning ohangini oʻzgartiring – mutolaa ikkingiz uchun ham qiziqarli boʻlsin;
- uyda oʻqishga moʻljallangan joy tashkillang – masalan, siz va bola uchun yetarlicha katta va qulay stul (masalan, emizish stuli), yonida kitob qutisi yoki kitob javoni.
- Mutolaani kundalik mashgʻulotga aylantiring va bolangiz bilan kuniga kamida bitta kitob oʻqishga harakat qiling. Kitob oʻqish kun oxirida dam olishning eng yaxshi usuli boʻlishi mumkin.
- Qurilmalaringizni oʻchiring va bola sizning ovozingizni eshitishi uchun boʻsh joy toping.
- Kulgili tovushlar chiqarib oʻynang va zavqlaning!
- Farzandingiz sahifalarda nima borligini koʻrishi uchun kitobni unga yaqinroq ushlang. Oʻqiyotganingizda bolani tizzangizga oʻtqizishingiz yoki yuzingizni koʻrishi uchun uning oldida oʻtirishingiz mumkin.
Kichkintoy bilan nimalarni oʻqish kerak?
Umuman olganda, bolalarga yaxshi qofiyali, ritmli va takrorlashlari bor kitoblar yoqadi. Takrorlash va qofiyalar ularga oʻrganishni osonlashtiradi.
Chaqaloq tugʻilgandan keyin siz quyidagilarni qidirishingiz mumkin:
- yorqin rangdagi kitoblar yoki oq-qora rasmlar kabi oddiy, katta va yuqori kontrastli rasmlar – bu bolalar uchun qiziqarli va eʼtiborni tortadi;
- farzandingiz kitobni eshitishi, koʻrishi va his qilishi uchun har xil teksturali kitoblar;
- chaqaloqlar va yuzlar tasvirlangan kitoblar;
- chaqalogʻingiz ogʻziga solishi yoki vannaga olib kirishi mumkin boʻlgan yumshoq, suvga chidamli plastik va matodan tayyorlangan kitoblar.
Yodda saqlang, agar sizda kitob boʻlmasa, bolangizga ertaklar aytib bering, oʻzingiz yoqtirgan qoʻshiqlarni kuylang, oilaviy rasmlarga qarab, ular haqida gapiring – sizlarni birlashtiradigan har qanday mashgʻulotni bajarish mumkin!