12–18 oylik bolalarga kitob oʻqib berish
12–18 oylik bola bilan kitob oʻqish nima uchun muhim?
Agar siz har kuni ertak aytsangiz, gapirsangiz va qoʻshiq kuylasangiz, bu kichkintoyingizning rivojlanishiga har tomonlama yordam beradi.
Farzandingizga kitob oʻqib berishni oʻzingiz istaganingizcha erta boshlashingiz mumkin – qancha erta boʻlsa, shuncha yaxshi. Kichkintoylar va bolalar bilan biralikda kitob oʻqish hamda oʻqish va yozish koʻnikmalarini rivojlantirish haqidagi maqolalarimizda nimadan boshlash kerakligi haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Farzandingiz bilan kitob oʻqing
12–18 oylik davr farzandingiz hayotida nutqni rivojlantirish uchun muhim davr hisoblanadi. Uning soʻzlarni aytish va tushunish qobiliyati juda tez rivojlanadi. Quyidagi gʻoyalar siz va farzandingizga kitoblar bilan vaqtni qanday qilib mazmunli oʻtkazish, ertaklar toʻqish, suhbatlashish va qoʻshiq aytish, shuningdek, birgalikda maxsus vaqtni taqsimlash boʻyicha yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi.
Siz va farzandingizga oʻqishdan maksimal darajada foydalanishga yordam beradigan baʼzi tavsiyalar:
– har kuni uyqudan oldin kitob oʻqing, kechki ovqatdan keyin yoki yotishdan oldin biror oilaviy voqeani aytib bering;
– bola kitobni tanlab, uni ushlab tursin, siz esa varaqlashga yordam bering;
– kitobdagi qofiyalarning ritmiga mos tarzda bolangizni tizzangizda tebrating yoki yelkasiga yengilgina urib turing;
– farzandingizning sevimli kitobiga boʻlgan muhabbati yanada kuchaysin. Buning uchun oʻsha kitobni muntazam ravishda oʻqib turing, shu bilan birga, yangi yoki boshqa kitoblarni ham taklif qiling.
Yoshidan qatʼi nazar, aksariyat yosh bolalarga mos keladigan, oʻqish boʻyicha bir nechta umumiy tavsiyalar:
– oʻqishni kundalik mashgʻulotga aylantiring va har kuni kamida bitta kitob oʻqishga harakat qiling. Bunga oʻqish uchun maxsus joy yaratish ham kirishi mumkin – masalan, siz va farzandingiz uchun yetarlicha katta va qulay boʻladigan va kitoblar toʻplami yoki kitob javoni yonida turadigan kursi;
– barcha gadjetlarni oʻchiring va farzandingiz sizning ovozingizni eshitishi va kitobga eʼtiborini qaratishi uchun oʻqishga tinch joy toping;
– bolangiz yuzingizni va kitobni koʻrishi uchun oʻqish paytida uni oʻzingizga yaqin tuting yoki tizzangizga oʻtqazing;
– shoshilmang, bolangizga rasmlarga qarash uchun vaqt bering;
– kulgili tovushlar yarating va turli qahramonlar uchun turli ovozlardan foydalaning – oʻynang va zavqlaning!
12–18 oylik bolaga nima oʻqib bersa boʻladi?
Yosh bolalarga yaxshi qofiya, ritm va takrorlashlari bor kitoblar yoqadi – bu qofiya va takrorlashlar ularning oʻrganishiga yordam beradi. Yangi kitoblarni tanlashda farzandingizning qiziqishlarini inobatga oling. Birga oʻqiyotgan kitobingiz unga qiziq boʻlganda, u yangi narsalarni oʻrganadi.
Farzandingiz taxminan 12 oylik boʻlganida quyida keltirilgan turdagi kitoblarni qidirib koʻrishingiz mumkin, lekin bolangizning qiziqishlarini hisobga oling:
– oziq-ovqat, transport, hayvonlar va boshqa kichkintoylar haqidagi kitoblar;
– ushlashga qulay boʻlgan qattiq karton kitoblar;
– oddiy buyumlarning rasmlari yoki illyustratsiyalari boʻlgan kitoblar;
– turli xil material va matolarning kollajlari yoki toʻqimalari bor kitoblar.
Koronavirus bilan bogʻliq cheklovlarni inobatga olgan holda, iloji boʻlsa, mahalliy kutubxonaga tashrif buyuring. U yerda siz farzandingizga toʻgʻri keladigan bepul kitoblarni topishingiz mumkin.