Mustahkam oilaviy munosabatlar: ularni qanday qurish kerak?

Yaxshi oilaviy munosabatlar bolalaringiz oʻzlarining himoyalangan va sevimli ekanliklarini his qilishlariga yordam beradi. Bundan siz ham oʻzingizni yaxshi his etasiz. Vaqtni mazmunli oʻtkazish, oʻzaro muloqot, jamoa boʻlib ishlash va minnatdorchilik izhor qilish orqali oilangizda yaxshi munosabatlar oʻrnatishingiz mumkin.
Body

Nima uchun oilaviy munosabatlar muhim?

Barqaror oilaviy munosabatlar oʻz holicha yoqimli – inoq va mehribon oilaning shunchaki bir qismi boʻlish ham yoqimlidir.

Ammo mustahkam oilaviy munosabatlar koʻplab boshqa sabablarga koʻra ham muhimdir. Ular:

  • bolalar xavfsizlikda ekanlari va ularni sevishingizni his qilishadi, bu esa ularning miyalari rivojlanishiga yordam beradi;
  • bolalarning ovqatlanishi, uxlashi, oʻqish-oʻrganishi va xulq-atvori bilan bogʻliq qiyinchiliklarni yengishga yordam berishi mumkin;
  • oilangiz muammolarini bartaraf etish va nizolarni hal qilishni osonlashtiradi;
  • farzandlaringizning mustaqilligi tobora rivojlanayotgani sababli u fikrlardagi farqni hurmat qilishni oʻrganadi;
  • bolalar kelgusida oʻzlarining sogʻlom munosabatlarini qura olishlari uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni beradi.

Shuning uchun ham siz farzandlaringiz va boshqa oila aʼzolaringiz bilan munosabatlarga doimo eʼtiborli boʻlishingiz va bu jarayonni qanday qilib yaxshilash mumkinligi toʻgʻrisida oʻylashingiz kerak.

Ota yoki ona sifatida farzandlaringiz uchun qoʻlingizdan kelgan barcha ishni qilasiz. Ish, doʻstlar, uy yumushlari va boshqalarga vaqt ajratasiz. Hatto eng band ota-onalar ham oilani yanada mustahkamlashlari uchun koʻplab oddiy, sodda narsalar mavjud. Ular oilaviy munosabatlarni rivojlantirishingizga xizmat qiladi.

Oiladagi yaxshi munosabatlar mustahkam oilalarning muhim negizidir. Mustahkam oilalar sevgi, xavfsizlik, muloqot, oʻzaro aloqa, shuningdek, bir nechta qoida va tartiblar asosida shakllanadi.

Birgalikda maroqli vaqt oʻtkazish va oilaviy munosabatlar

Oila bilan istalgan joyda samarali vaqt oʻtkazish mumkin. Bu yerda gap vaqtdan nechogʻli samarali foydalanish haqida ketyapti. Bu borada bir nechta usullar foyda beradi:

  • Suhbatlashish va chaqchaqlashish uchun har kun vaqt ajrating. Oilaviy ovqatlanish yoki sayr qilib kelish kun davomida birga boʻlmagan vaqtlaringiz oʻrnini bemalol toʻldirishi mumkin.
  • Shaxsiy munosabatlarni mustahkamlash uchun har bir oila aʼzosi bilan birma-bir suhbatlashing. Bu ishni siz har bir bola yotishidan besh daqiqa oldin amalga oshirishingiz mumkin.
  • Turmush oʻrtogʻingizga ham vaqt ajrating. Ota va ona birga vaqt oʻtkazishi oʻzaro munosabatlar uchun qanchalik muhimligini farzandlaringizga tushuntiring.
  • Oilangiz uchun doimiy qiziqarli mashgʻulotlar tashkillashtiring. Bu mahalliy stadiondagi oilaviy futbol oʻyini yoki har haftalik kechqurungi stol oʻyinlari boʻlishi mumkin.
  • Muhim voqea-hodisalar, masalan, tugʻilgan kun va shu kabilarga oid qarorlarni birgalikda qabul qiling. Hatto kichik bolalar ham bunday qarorlarning bir qismi boʻlishi mumkin.

Xush kayfiyatli muloqot va oilaviy munosabatlar

Xush kayfiyatli muloqot – bu bir-birini tinglash uchun vaqt topish, muhokamalarsiz quloq solish hamda oʻz fikr va hislarini ifodalash uchun ochiq boʻlishdir. Xush kayfiyatli muloqot har bir oila aʼzosi uni yaxshi koʻrishlari, qadrlashlari va hurmat qilishlarini his qilishiga yordam beradi, bu esa oʻz navbatida oʻzaro munosabatlaringizni mustahkamlaydi.

Oilaviy munosabatlaringizni mustahkamlash uchun xush kayfiyatli muloqot usullarini sinab koʻring:

  • Farzandingiz yoki turmush oʻrtogʻingiz siz bilan gaplashmoqchi boʻlsa, qilayotgan ishingizni toʻxtating va diqqat bilan tinglang. Ularga oʻz qarashlari yoki his-tuygʻularini ifoda etish uchun vaqt bering.
  • Murakkab narsalar (masalan, xatolarni tan olish) va har qanday his-tuygʻular, jumladan, gʻazab, quvonch, umidsizlik, qoʻrquv va tashvish haqidagi suhbatlar uchun ochiq boʻling.
  • Tasodigiy suhbatlarga tayyor boʻling. Misol uchun, kichkina bolalar koʻpincha choʻmilayotganlarida yoki uxlashga yotayotganlarida oʻz his-tuygʻulari haqida gapirishni yaxshi koʻrishadi.
  • Farzandlaringiz va turmush oʻrtogʻingizni maqtov bilan ragʻbatlantiring. Masalan, “Eslatmasam ham chiqindi chelaklarini olib ketding, ishimni ancha oson qilding. Rahmat!
  • Soʻzlar va mehr orqali qoʻllab-quvvatlang, minnatdorlik va sevgi izhor qiling. Bu juda oddiy ish boʻlishi ham mumkin. Masalan, bolalaringizga har kech yotishlaridan oldin “Men seni yaxshi koʻraman”, deng.

Xush kayfiyatli soʻzsiz (noverbal) muloqot

Muloqot har doim soʻzlar orqali boʻlavermaydi. Farzandlaringiz va turmush oʻrtogʻingiz noverbal tarzda (yaʼni soʻzsiz) ifoda etayotgan his-tuygʻularga eʼtibor berish muhimdir. Oʻzingiz yuboradigan noverbal xabarlar haqida ham esdan chiqarmaslik kerak. Misol uchun, quchoqlashlar, oʻpichlar va koʻz orqali muloqot bolajoningizga yaqin boʻlishni istayotganingiz haqida soʻzlaydi. Birga biror narsa qilayotgandagi dagʻal ovozingiz yoki xoʻmraygan nigohingiz esa bu jarayonda qatnashishni xohlamayotganingizdan darak beradi.

Jamoada ishlash va oilaviy munosabatlar

Oilangiz bir jamoa boʻlib ishlasa, har bir kishi qoʻllab-quvvatlanayotganini va oʻz hissasini qoʻshishga qodirligini his qiladi. Har kim oʻzining qayerdaligini tushunsa, jamoada ishlash osonroq boʻladi va bu ehtimolga yaqin taxminlar, “chiziq” va chegaralar oʻrnatishga yordam beradi.

Siz quyidagi usullardan foydalanib jamoaviy ishlashni ragʻbatlantirishingiz mumkin:

  • Uy ishlari bilan boʻlishing. Hatto juda yosh bolalar ham hissa qoʻshish sabab paydo boʻladigan daxldorlik tuygʻusini yaxshi koʻradi – hech boʻlmaganda baʼzan!
  • Bolalarni oilaviy tadbirlar, qoidalar va bayramlar haqida qaror qabul qilishga jalb qiling. Hammaga, jumladan, yosh bolalarga ham oʻz fikrini aytish imkoniyatini bering. Oilaviy muhokamalar bunga juda qoʻl kelishi mumkin.
  • Bolalar oʻzlari uchun baʼzi qarorlarni qabul qilishlariga ruxsat bering. Bunday qarorlar farzandlaringizning qobiliyatlari va yetukligiga hamda siz belgilagan chegaralarga bogʻliq boʻladi. Misol uchun, siz 7 yoshli bolangiz maktabga nima kiyishni tanlashiga ruxsat berishingiz mumkin, lekin uyga oʻzi qaytishiga ruxsat bermaysiz.
  • Oila aʼzolariga qanday gʻamxoʻrlik qilinishi va qanday munosabatda boʻlinishi koʻrsatilgan qoidalarini ishlab chiqing. Masalan: “Biz oʻzaro muloqotda bir-birimizga hurmat koʻrsatamiz”. Bu qoidalar har kimga bir-biri bilan yaxshi munosabatda boʻlishga va oilaviy hayotni yanada qulayroq qilishga yordam beradi.
  • Muammolarni hal qilish uchun birgalikda ishlang. Bu xotirjam tinglash va fikrlash, variantlarni koʻrib chiqish, boshqa odamlarning fikrlarini hurmat qilish, konstruktiv yechimlarni topish va murosa qilib ishlashni oʻz ichiga oladi.

Bir-biringizni va oilaviy munosabatlarni qadrlash

Bir-birini qadrlash – yaxshi oilaviy munosabatlarning negizidir. Bir necha usullardan foydalanishingiz mumkin:

  • Bir-biringizning hayotingizga qiziqish bildiring. Masalan, bir-biringizning sport tadbirlaringiz, teatr tomoshalaringiz, badiiy namoyishlaringiz va hokazolarga tashrif uchun vaqt ajrating.
  • Kun voqealari haqida gapirganda barchani suhbatga jalb qiling. Masalan, “Sevara, bugun kuning qanday oʻtdi, nima yangiliklar boʻldi?”.
  • Oilaviy hikoyalar va xotiralar bilan boʻlishing. Bu bolalarga nomaʼlum yoki unutilgan narsalarni, masalan, ona yoshligida sport boʻyicha qoʻlga kiritgan yutuqlarni yoki opa ukasi chaqaloqligida qaraganini qadrlashga yordam beradi;
  • Bir-birlaringizning farqli tomonlaringizni, isteʼdod, qobiliyatlaringizni tan oling va bir-biringizning kuchli tomonlaringizdan foydalaning.