Sogʻlom munosabatlar: ota-onalar va juftliklar

Ota-onalik bilan boʻgʻliq ayrim hodisalar sabab sizlar er-xotin sifatida yanada chuqurroq munosabatlarni his qilishingiz mumkin. Chaqaloq va bolalarga gʻamxoʻrlik qilish munosabatlaringizda yangi keskinliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Ochiq muloqot sogʻlom munosabatlarni oʻrnatishga yordam beradi.
Body

Ota-ona boʻlganingizda: munosabatlar qanday oʻzgarishi mumkin

Aksariyat juftliklar ota-ona boʻlganda munosabatlar oʻzgarishidan xavotirga tushadi.

Koʻp oilalar uchun chaqaloq tugʻilishi oʻzaro munosabatlarni ijobiy tomonga oʻzgartiradi. Masalan, siz va turmush oʻrtogʻingiz muloqotning yangi, oʻzgacha tomonlarini his qilishingiz mumkin. Ammo, shu bilan birga, ota-ona boʻlishingizdan oldin kuzatilmagan ayrim ziddiyatlar ham yuzaga chiqishi mumkin.

Chaqalogʻingizga gʻamxoʻrlik qilayotganingizda uyqu, muloqot va suhbatlar kamligi, birga boʻlish uchun vaqt tigʻizligi – bularning bari munosabatlaringizga taʼsir qilishi mumkin.

Bu oʻzgarishlar va keskinliklar nimadandir noroziligingizni yoki sizningcha nimadir notoʻgʻri ekanini anglatishi mumkin. Bundan tashqari, muammolar yuzaga kelavergani sayin ularni hal qilishga kuch-quvvatingiz yetmasligi mumkin.

Barchasini ochiqchasiga aytish yoʻldan adashmaslikka va bu oʻzgarishlar bilan kelishishda ikkalangizga ham yordam beradi. Shu bilan birga, ochiqchasiga suhbatlar turmush oʻrtogʻingiz, doʻstlaringiz va qarindoshlaringiz bilan sogʻlom munosabatlarni yaratishi va mustahkamlashi mumkin.

Sogʻlom munosabatlar: ota-onalar uchun maslahatlar

Bir-biringizni tinglang

Tinglash – eng muhim muloqot qobiliyatingizdir. Bu siz va turmush oʻrtogʻingizga sizni eshitishayotgani, tushunishayotgani va qoʻllab-quvvatlashayotganini his qilishingizda yordam beradi.

Tinglay olish narsa va hodisalarni turmush oʻrtogʻingiz nuqtayi nazaridan tushunishga va uning his-tuygʻularini his qilishga yordam beradi. Agar juftingiz sizni tinglashini istasangiz, muammolarni uning nuqtayi nazaridan eshitishga ham tayyor boʻlishingiz kerak.

Turmush oʻrtogʻingiz gaplashmoqchi boʻlganida qilayotgan ishingizni toʻxtatib, diqqatingizni uning gaplari va harakatlariga qaratib, uni chindan ham tinglayotganingizni koʻrsatishingiz mumkin.

“Siz nima deb oʻylaysiz...” kabi savollarni berish orqali juftingizni suhbatga undash muhimdir. Bunday savollar muammolarni batafsilroq muhokama qilishga turtki berishi mumkin. Shuningdek, uning gaplarini toʻgʻri tushunganingizni tekshirish uchun turmush oʻrtogʻingizning aytganlarini oʻz soʻzlaringiz bilan takrorlab, aniqlashtirishingiz mumkin.

Esda tuting, agar yana nima desam ekan deb oʻylayotgan boʻlsangiz, demak, umuman tinglamabsiz. Buning oʻrniga juftingizning nima deyayotganiga eʼtiborni qaratishga harakat qiling. Nimadir muhim narsani unutib qoʻyishdan qoʻrqsangiz, eslatma sifatida hatto yozib olishingiz ham mumkin.

His-tuygʻularingiz haqida juftingizga ayting

Turmush oʻrtogʻingiz fikrlarni oʻqiy olmaydi! Koʻngilsizliklaringiz, qoʻrquvlaringiz, baxtingiz va quvonchlaringiz haqida gapirsangiz, juftingiz nimalarni boshdan kechirayotganingizni tushunishi osonroq boʻladi.

Tanqidga oʻxshab ketadigan “siz” soʻzlaridan koʻra “men” soʻzlarini tinglash osonroqdir. Shuning uchun, “Siz bizga vaqt ajratmay qoʻydingiz” emas, balki “Kamroq birga boʻlsak, oʻzimni biroz yolgʻiz his qilaman” deyishingiz yaxshiroqdir.

Taglik almashtirayotganda biror masalani muhokama qilish qiyin boʻlishi mumkin. Aynan suhbatlashish uchun vaqt ajratish sizga yordam berishi aniq, bunga oʻzingiz ham amin boʻlasiz.

Oʻzgarishlarni qabul qiling

Munosabatlaringizga muvaffaqiyatsizlik emas, balki yangi bosqich sifatida qarashingiz mumkin. Yangi bosqich ikkalangiz uchun nimani anglatishi va uni qanday qilib uddalashingiz haqida gaplashsangiz, nur ustiga nur boʻladi.

Agar bu yangi bosqichda birga vaqt oʻtkazish qiyin boʻlyapti deb oʻylasangiz, boshqacha yondashib koʻring – masalan, biror vaqtni belgilang.

Mojaroni boshqaring

Oʻzgarishlarga duch kelganingiz sari fikrlarda farqlar paydo boʻladi – bu haqda gaplashish bir-biringizning nuqtayi nazaringizni tushunishga yordam beradi. Oʻzgacha fikrda boʻlish ham oddiy holdir.

Oʻz fikringizni tushuntirayotganda turli nuqtayi nazarlarni qabul qilishingiz diqqatlikni yengillashtirishga yordam beradi. Juftingiz nimani nazarda tutayotganini bilish uchun tinglash borasida yuqorida keltirilgan maslahatlardan foydalanishingiz mumkin. Bu vaziyatni yomonlashtirishi mumkin boʻlgan qarshi hujumdan yaxshiroqdir.

Birgalikda qaror qabul qilganingizda, ikkalangiz uchun ham maʼqulini tanlang, ayniqsa, bola tarbiyasiga oid qarorlarda. Ota-onaning ishlari bir maromda boʻlishi juda muhim. Kun tartibi, intizom va uxlash vaqti kabi narsalarni kelishib olish jamoaviylikni talab qiladi.

Endi siz ota-onasiz: birga boʻling

Kun qanday oʻtgani haqida soʻrash kabi oddiy narsalar juftingiz bilan oʻzaro munosabatlarga ijobiy taʼsir etishi mumkin (“Nima yaxshi narsa yuz berdi?”, “Nima sizni tashvishga soldi, nimada qiynaldingiz?”).

Turmush oʻrtogʻingizga gʻamxoʻrligingizni koʻrsatadigan oddiy harakatlarning ham oʻz oʻrni bor. Bunday harakatlar bir piyola choy yoki charchaganida uxlash taklifi koʻrinishida boʻlishi mumkin.

Juftingiz uchun vaqt ajrating

Juftlik sifatida birgalikda vaqt oʻtkazish ikkovingiz uchun ham gaplashib olish, munosabatlarni tiklash va mustahkamlash, bir-biringizning diydoringizga toʻyish imkonini berishi mumkin.

Tayyor boʻlgach, quyidagilarni qilishingiz mumkin:

  • enaga yollab, oʻzingiz istagan paytda biror joyga, masalan, kunduzi yoki kechqurun ovqatlanish, sayr yoki kinoga borishingiz mumkin;
  • uyda oʻzgacha bir mashgʻulot bilan birgalikda shugʻullanish uchun vaqt toping. Masalan, maxsus kechki ovqat tashkil qilish yoki bolalar uxlashga yotganlaridan soʻng biror qiziqarli kino tomosha qilish;
  • ota-ona boʻlishdan oldin qanday mashgʻulot sizga yoqqanini eslab koʻring va uni ayni damda biroz boshqacharoq boʻlsa ham, qanday qilib yana amalga oshirishingiz mumkinligi toʻgʻrisida oʻylab koʻring.

Agar bunday ishlarni oldindan rejalashtirsangiz, ularning amalga oshish ehtimoli yuqori boʻladi. Shu bilan birga, bu sizga orziqib kutish hissini beradi.

Jinsiy hayot

Xoh ishoning, xoh ishonmang, koʻpchilik er-xotinlarda jinsiy aloqa oxir-oqibat yana tiklanadi. Oʻzaro muloqotga yetarlicha vaqt ajratishingiz, vaqtni birgalikda koʻproq oʻtkazishingiz sizga yaqinlik hissini beradi, bu esa jinsiy hayotingizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Agar oʻzingizni juda charchagandek his qilsangiz yoki jinsiy aloqaga eʼtibor qarata olmasangiz, juftingiz bilan oʻz hislaringiz toʻgʻrisida gaplashing. Birgalikda vaqt oʻtkazish kabi jinsiy aloqa ham baʼzan rejalashtirishni talab qilishi mumkin.

Oʻzaro munosabatlarni tartibga solish

Oʻzaro munosabatlarni hayotingizdagi oʻzgarishlar haqida roʻy-rost gapirish orqali tartibga solishingiz mumkin. Masalan, oilaviy hayotdagi yangi “rol”laringiz haqida nima deb oʻylashingiz va bu “rol”larni qanday qabul qilishingiz haqidagi suhbatlashsangiz boʻladi.

Farzandli boʻlish koʻpincha bolaligingizdagi muammolarni yuzaga chiqaradi. Bu masalalarni birgalikda muhokama qilish ikkalangizga ota-ona sifatida qilayotgan ishlaringiz va gaplaringiz qanday taʼsir qilishi mumkinligini tushunishingizga yordam beradi.

Agar vaziyat murakkablashsa, yordam soʻrashga toʻgʻri keldi. Shifokoringiz bilan gaplashishingiz yoki psixologga murojaat qilishingiz mumkin.