Nizolarni boshqarish (ota-onalar uchun)

Ziddiyat juftliklar oʻrtasidagi munosabatlarning tabiiy qismidir, ayniqsa, bolalar tarbiyasida muammolarga duch kelganingizda ziddiyatlar ham kelib chiqadi. Mojarolarni birgalikda hal qilar ekansiz, sogʻlom munosabatlar qurasiz va farzandlaringizga muhim hayotiy koʻnikmalarni oʻrgatasiz.
Body

Nizo nima?

Nizo siz va juftingiz oʻrtasidagi kichik kelishmovchilik, janjal va jismoniy zoʻravonlikdir. Nizo, shuningdek, noqulay sukunat, gʻazab va dushmanlik shaklida boʻlishi mumkin.

Baʼzan turmush oʻrtogʻingiz bilan ziddiyatni tezda hal qilish mumkin. Baʼzan esa yechim topish qiyin kechadi.

Oʻzaro munosabatlarda ziddiyatning yuzaga kelishi normaldir. Muhimi siz ularni qanday yengib oʻtishingizdir.

Nizolarni hal qilish oilalar uchun nega muhim?

Nizolarni konstruktiv boshqarish siz uchun, munosabatlaringiz va farzandlaringiz uchun foydalidir.

Siz va munosabatlaringiz uchun yaxshi

Juftingiz bilan oʻz kelishmovchiliklaringizni muhokama qilib, unga yechim izlar ekansiz, ikkalangiz ham oʻzingizni ijobiyroq, baxtliroq va oʻziga ishonganroq his qilasiz. Munosabatlaringiz ham mustahkamlanishi mumkin.

Farzandlaringiz uchun yaxshi

Mojarolar – hayotning bir qismidir. Farzandlaringiz nizolarni hal qilishda birgalikda qanday ishlayotganingizni koʻrib borsa, bu ularga muzokaralar olib borish va muammolarni samarali hal qilish kabi qimmatli hayotiy koʻnikmalarni oʻrganishga yordam beradi. Qarashlaringizdagi farqlarga optimistik munosabatda boʻlishingiz ham farzandlaringizga taskin hissini berishi mumkin.

Tez-tez sodir boʻladigan, davomli, gʻazabli yoki zoʻravonlikka olib boradigan mojarolar bolalarning qisqa va uzoq muddatli kelajaklariga ham yomon taʼsir koʻrsatadi. Mojarolarni boshqarish ustida ishlash orqali siz farzandlaringizni nizolarning salbiy taʼsiridan himoya qilasiz.

Nizolarni boshqarish

Buni oʻzingiz uchun qoida qilib oling

  • bolalar oldida janjal qilishdan saqlaning;
  • qizgʻin muhokamalar yopiq eshiklar ortida qolgani maʼqul;
  • bolalar siz bilan birga boʻlmaganda (ular uxlaganlaridan keyin, maktabda yoki bobo-buvilarini koʻrishga ketganlarida) muammolarni muhokama qilishga vaqt ajrating.

Qanchalik konstruktiv ekaningizni bolalar koʻrishsin

  • navbat bilan gapiring va tinglang;
  • xushmuomala va hurmatli boʻling;
  • juftingizning his-tuygʻularini yoki nuqtayi nazarini tushunishga harakat qiling. Uning qarashlariga qoʻshilishingiz shart emas, lekin turmush oʻrtogʻingiz nimaga asoslanayotganini tushunishga harakat qilishingiz mumkin;
  • oʻz his-tuygʻularingizni juftingiz bilan baham koʻring;
  • turmush oʻrtogʻingiz vaziyatni boshqarishni siz kabi qattiq xohlaydi deb faraz qiling;
  • muammoni hal qilish boʻyicha koʻplab yechimlarni toping.

Farzandlaringiz ular muammo emasliklarini bilishsin

  • farzandlarga muammo nimada ekanini aytish kerak deb oʻylamang. Baʼzi muammolarni faqat kattalar bilsa kifoya;
  • farzandlaringizga siz va turmush oʻrtogʻingiz oʻrtasidagi janjal yoki mojaro ular tufayli emasligini, kattalar buni hal qila olishlarini ayting;
  • bolalarga muammoga yechim topishga harakat qilayotganingizni bildiring;
  • juftingizni farzandlari bilan baxtli va ijobiy vaqt oʻtkazishga undang.

Farzandlaringiz bilan munosabatlaringizning ijobiyligiga eʼtibor qarating

  • farzandlaringiz bilan maroqli mashgʻulotlar oʻtkazish uchun vaqt ajrating;
  • farzandlaringizga pozitiv eʼtibor bering, ular siz xohlaganday yoʻl tutishganlarida koʻp maqtang va qoʻllab-quvvatlang;
  • farzandlaringizni quchoqlang va ularni yaxshi koʻrishingizni ayting – muloyim boʻling;
  • bolalar bilan ularni qiziqtirgan narsalar, ular nima qilishlari va his qilishlari haqida gaplashing;
  • imkoni boʻldi deguncha qilayotgan ishingizni toʻxtatib, farzandlaringizga yordam bering, ularni tinglang yoki ular bilan gaplashing.

Agar oilaviy zoʻravonlikka duch kelgan boʻlsangiz, ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qiling va yordam soʻrang, oʻzingiz va farzandlaringiz xavfsizligini taʼminlash uchun kerak boʻlgan hamma narsani qiling.

Ota-ona mojarolari bolalarga qanday taʼsir qiladi?

Ota-onalar koʻp janjallashar va oʻzaro kelishmovchiliklarni hal qilmas ekan, bu narsa bolalarga yomon taʼsir qilaveradi. Ota-onalar qanchalik koʻp bahslashsa, bu taʼsir ortib boraveradi. Jiddiy va tez-tez uchraydigan toʻqnashuvlar hissiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar paydo boʻlishining xavfini oshiradi.

Misol uchun, yosh bolalar mojaroga jazavaga tushib yoki yomon xulq-atvor bilan munosabat bildirishlari mumkin. Maktab yoshidagi bolalar koʻproq itoatsizlikka moyil boʻlishi va maktabda muammolarga duch kelishlari mumkin. Katta yoshdagi bolalarda depressiya, doimiy xavotir hissi, oʻzini past baholash yoki oʻziga ishonchsizlik kabi muammolar paydo boʻladi.

Bola huzurida unga nisbatan qilingan qoʻpol munosabat, zoʻravonlik, tahdid yoki tortishuvlar bola uchun ayniqsa zarardir. Er-xotinlar oʻrtasidagi jismoniy zoʻravonlik bolalarga yanada koʻproq ziyon yetkazishi mumkin. Jismoniy zoʻravonlikka guvoh boʻlgan bolalar ulgʻaygan yoshda shaxsiy va ijtimoiy muammolarga koʻproq duch kelishadi.