Tugʻuruqdan keyingi depressiya va turmush oʻrtogʻingiz: qanday yordam berish mumkin?
Tugʻuruqdan keyingi depressiya: belgilarini qanday aniqlash mumkin?
Bolaning tugʻilishi quvonchli va hayajonli hodisa boʻlsa-da, tugʻuruqdan keyin koʻpincha kayfiyatning koʻtarilishi va pasayishi hissi paydo boʻladi. Masalan, siz va turmush oʻrtogʻingiz yangi tugʻilgan chaqalogʻingizga gʻamxoʻrlik qilishni oʻrganayotgan paytda stress va tushkunlikni his qilishingiz mumkin. Chunki bu davrda uyqusizlikka duch kelasiz, oʻzingizga kam vaqt ajratishga majbur boʻlasiz.
Ammo tugʻuruqdan keyingi depressiya bu shunchaki stress yoki charchoq emas, u uzoq davom etadi va ruhiy salomatlik uchun jiddiy muammo boʻlishi mumkin.
Shuning uchun turmush oʻrtogʻingizdagi tugʻuruqdan keyingi depressiya belgilariga eʼtiborli boʻlish juda muhimdir. Ushbu belgilar turmush oʻrtogʻingizning his-tuygʻulari va fikrlashlari, xulq-atvori, turmushi va umumiy jismoniy holatidagi oʻzgarishlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Agar turmush oʻrtogʻingizning kayfiyati yomonlashsa va yoqtiradigan narsalariga qiziqishni yoʻqotgan boʻlsa, buni juda jiddiy qabul qilishingiz kerak.
Turmush oʻrtogʻingiz bilan tez-tez suhbatlashish va u oʻzini qanday his etayotganini soʻrash ikkalangizga har qanday oʻzgarishlardan xabardor boʻlishga yordam beradi.
Agar turmush oʻrtogʻingizdagi hissiy oʻzgarishlar ikki haftadan koʻproq davom etsa va kundalik hayot tarziga kirsa, unga malakali maslahat olishida yordam berishingiz kerak.
Agar kimningdir hayoti bevosita xavf ostida deb hisoblasangiz, darhol professional yordamga murojaat qiling.
Tugʻuruqdan keyingi depressiyada professional yordam olish
Tugʻuruqdan keyingi depressiya professional yordamsiz uzoq vaqtgacha oʻtib ketmasligi mumkin. Erta professional yordam turmush oʻrtogʻingiz tezroq tiklanishiga yordam beradi.
Turmush oʻrtogʻingiz va oilangizga tugʻuruqdan keyingi depressiya bilan kurashishda yordam beradigan koʻplab insonlar va xizmatlar bor. Masalan, shifokor, hamshira va mahalliy poliklinika. Baʼzi ayollar yordam soʻrashni xohlamasligi mumkin, chunki ular boshqa odamlar nima deb oʻylashidan tashvishlanadilar. Ular hamma narsa nazorat qilinayotgandek koʻrinishini xohlashlari ham mumkin. Bularning barchasi meʼyordagi reaksiyalardir. Turmush oʻrtogʻingizni doimo qoʻllab-quvvatlashingiz va yonida boʻlishingizga ishontiring.
Tugʻuruqdan keyingi depressiyaga uchragan turmush oʻrtogʻingizga hissiy yordam berish
Homiladorlik va tugʻish bilan bogʻliq jismoniy va amaliy oʻzgarishlarni boshdan kechirayotgan yosh onalar koʻpincha hissiy tanglikka duch keladi. Siz turmush oʻrtogʻingizni tinglashingiz va barcha noqulayliklar yaxshilanishiga ishontirish orqali katta yordam berishingiz mumkin.
Yangi chaqaloqni parvarish qilish masʼuliyatli ishdir. Bu juda koʻp kuch talab qiladi va charchatadi. Shuning uchun turmush oʻrtogʻingiz bilan uning his-tuygʻulari haqida gaplashish va u bajarayotgan ulkan ishni qadrlashingizni bildirish juda muhimdir. U charchagan boʻlishi mumkin, siz buni anglashingiz kerak. Masalan: “Farzandimizga gʻamxoʻrlik qilganingiz uchun rahmat. Bilaman, bu qiyin, juda charchatadi. Siz bajarayotgan yumushlarning barchasini qadrlayman”, deyishingiz mumkin.
Turmush oʻrtogʻingiz va tibbiyot xodimi davolash uchun qanday muolajalar eng mos kelishini oʻrganayotganda baʼzan muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ham mumkin. Siz ushbu muvaffaqiyatsizliklar jarayonning bir qismi ekaniga ishontirishingiz va ularni yengib chiqishda ayolingizni qoʻllab-quvvatlashingizni aytishingiz mumkin.
Tugʻuruqdan keyingi depressiyada turmush oʻrtogʻingizga amalda yordam berish
Barcha yosh ota-onalar amaliy yordam va qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, ayniqsa, tugʻuruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirayotgan ota-onalar.
Bu davrda turmush oʻrtogʻingizga yordam berish uchun juda koʻp ishlar qilishingiz mumkin:
- Farzandingizga gʻamxoʻrlik qilishda qatnashing, agar imkoni boʻlsa, parvarishda qoʻshimcha maʼsuliyatni oʻz zimmangizga oling. Bu turmush oʻrtogʻingiz oʻzi uchun koʻproq vaqt ajratishiga sharoit yaratishi mumkin.
- Oʻz zimmangizga uy yumushlarini koʻproq oling. Agar uy yumushlarini bemalol uddalay olsangiz, demak, turmush oʻrtogʻingiz bu borada tashvishlanishiga hojat yoʻq.
- Turmush oʻrtogʻingiz bilan birga boʻling. Birgalikda va oilada vaqt oʻtkazish uning tiklanishiga yordam beradi. Birgalikda ovqat pishirishingiz yoki sayr qilishingiz mumkin.
- Agar yonida boʻlolmasangiz, buni boshqalardan iltimos qiling. U turmush oʻrtogʻingiz uchun yoqimli va yaqin kishi, masalan, qarindoshi yoki yaqin dugonasi boʻlishi kerak.
- Oila va doʻstlarning yordamini qabul qiling. Oilangiz hozir qoʻshimcha yordamga muhtojligini yaqinlarga aytishingiz va yordam berish uchun nima qilishlari mumkinligini taklif qilishingiz mumkin. Odamlar koʻpincha aniq bir koʻmak soʻralishini qadrlashadi.
- Turmush oʻrtogʻingizga tashkilotchilik ishlarida yordam bering. Misol uchun, siz u uchun uchrashuvlar belgilashingiz, uchrashuvlarga u bilan birga borishingiz, bolalarga qarab turishingiz va hokazo masalalarda koʻmaklashishingiz mumkin.
- Izlaning. Tugʻuruqdan keyingi depressiya haqida qanchalik koʻp maʼlumotga ega boʻlsangiz, turmush oʻrtogʻingizni shunchalik yaxshi qoʻllab-quvvatlaysiz. Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun sogʻliqni saqlash mutaxassisi bilan bogʻlaning.
- Turmush oʻrtogʻingiz tiklanishda muvaffaqiyat qozonayotganiga eʼtibor bering. Agar u uydan tez-tez chiqib ketayotganini sezsangiz, uning uchun biror nima qiling, masalan, u dugonasi bilan qahva ichishga ketganida yoki uxlaganida chaqaloqqa qarab turing.
Turmush oʻrtogʻingiz yordamingizni qabul qilgani yoki yuk boʻlgani uchun oʻzini aybdor his qilishi mumkin. Bunday holatlarda turmush oʻrtogʻingizning salomatligi, bardamligi siz va oilangiz uchun muhimligiga uni muloyimlik bilan ishontiring.
Turmush oʻrtogʻingiz tugʻuruqdan keyingi depressiyaga uchraganda oʻzingiz haqingizda ham qaygʻuring
Turmush oʻrtogʻingizning salomatligiga eʼtibor qaratishingiz muhim, ammo oʻzingiz uchun ham vaqt ajratishingiz kerak. Ruhiy va jismoniy jihatdan sogʻlom boʻlsangiz, turmush oʻrtogʻingizni koʻngildagidek qoʻllab-quvvatlay olasiz.
Masalan, jismoniy faol boʻlishingiz, chaqaloqni aravachada sayr qildirib kelishingiz mumkin. Bu turmush oʻrtogʻingizga biroz tanaffus hadya etadi, balki, u uchun juda zarur boʻlgan toʻyib uxlash imkoniyatini ham beradi.
Sogʻlom ovqatlanish sizga ham, turmush oʻrtogʻingizga ham energiya toʻplashda yordam beradi. Bu energiya bir-biringizga gʻamxoʻrlik qilish va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash uchun juda zarur.
Depressiyaga uchragan turmush oʻrtogʻingizni qoʻllab-quvvatlash oʻzaro munosabatingizga va sizning xotirjamligingizga taʼsir qiladi. His-tuygʻularingizni oila aʼzolaringiz, doʻstlaringiz yoki sogʻliqni saqlash mutaxassisi bilan baham koʻrish ham foyda berishi mumkin.
Erkaklar ham tugʻuruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirishlari ehtimoli bor. Ushbu maqoladagi strategiyalar tugʻuruqdan keyingi depressiyaga tushgan erkaklarga ham, ayollarga ham yordam berishi mumkin. Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish bu xavfni kamaytirishga koʻmaklashadi. Ayoolari tugʻganidan soʻng erkaklarda uchraydigan depressiya haqida koʻproq oʻqib-oʻrganing.