Yosh onalar va otalar: sogʻlom turmush tarzini tanlash

Sizni chaqaloqli boʻlganingiz bilan tabriklaymiz! Garchi yangi tugʻilgan chaqaloqqa eʼtibor qaratayotgan boʻlsangiz-da, sogʻlom turmush tarzini tanlash va bu orqali oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish ham muhimdir. Bu bolangizga gʻamxoʻrlik qilish uchun oʻzingizni yaxshi holatda saqlashga yordam beradi.
Body

Emizish davrida sogʻlom ovqatlanish

Yangi tugʻilgan chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilish koʻp vaqt va kuch talab qiladi. 

Bu esa bozorlik qilish va taom tayyorlash uchun vaqtingiz kam boʻlishini anglatadi. Ammo toʻgʻri ovqatlanish energiyangizni saqlab turishda juda muhim oʻringa ega.

Sogʻlom boʻlish uchun siz har kuni beshta asosiy guruhga mansub turli xil mahsulotlarni isteʼmol qilishingiz kerak:

  • sabzavotlar – erkaklar uchun kuniga 6, ayollar uchun – 5 porsiya;
  • meva – erkaklar va ayollar uchun kuniga 2 porsiya;
  • donli ovqatlar – erkaklar va ayollar uchun kuniga 6 porsiya;
  • oqsil – erkaklar uchun kuniga 3 porsiya va ayollar uchun – 2½ porsiya;
  • yogʻi kam sut mahsulotlari – erkaklar va ayollar uchun kuniga 2½ porsiya.

Koʻp miqdorda suv ichish ham muhimdir – kuniga sakkiz piyola tavsiya etiladi. Baʼzida sharbat yoki alkogolsiz ichimlik ichish mumkin, lekin ularning tarkibida shakar koʻp, shuning uchun suv eng afzal tanlovdir.

Agar emizayotgan boʻlsangiz, tanangizga qoʻshimcha oziq moddalar kerak boʻladi, uni sogʻlom ovqatlanishdan olishingiz mumkin.

Yosh ota-onalar uchun sogʻlom ovqatlanish boʻyicha maslahatlar

Quyida tez, oson va sogʻlom ovqatlanish usullari boʻyicha bir nechta maslahatlar keltirilgan:

  • Yuvilgan va maydalangan sabzavotlarni sovitkichda saqlang.
  • Ovqatlarni oldindan tayyorlang va muzlatib qoʻying – masalan, toblamalar (zapekanka) va shoʻrvalar.
  • Yangi sabzavotlar boʻlmaganida muzlatilgan sabzavotlardan foydalaning.
  • Savatni meva bilan toʻldirib qoʻying.
  • Kun davomida sogʻlom tamaddi qilish uchun yogurt, yongʻoq va meva qoqilari tayyor turishini taʼminlang.
  • Issiq yoki sovuq holda isteʼmol qilinadigan taomlarni tayyorlang. Siz ularni sayr payti ishlatish uchun konteynerlarga solib qoʻyishingiz mumkin.
  • Doʻstlaringiz va qarindoshlaringiz tushlik yoki kechki ovqatga taklif qilsa, qabul qiling.

Yosh ota-onalar uchun jismoniy faollik

Horib-tolgansiz, nima boʻlishidan qatʼi nazar, dam olishni xohlab turibsiz. Shunday vaziyatda ham  jismoniy mashqlarni bajarish shaxt-shijoatingizni oshirishi va oʻzingizni yaxshi his qilishga yordam berishi mumkin. Kuniga 30 daqiqa harakatlanish muhimdir.

Bunga moslashish uchun vaqt topish qiyin boʻlishi mumkin, lekin siz uni kundalik yumushlarning bir qismiga aylantirishga harakat qiling. Misol uchun, bolani aravachada aylantiring, kechki ovqatga biror nima olish uchun doʻkonga boring. Bu holda uydan chiqasiz va faol hayot tarzi bilan shugʻullanishga erishasiz.

Jismoniy mashqlar qilish uchun sport zaliga borish shart emas. Uyingizdan turib bajarishingiz mumkin boʻlgan bir nechta mashqlarni oʻrganing, sayrga yoki yugurishga boring. Shunda sport zaliga borish uchun ketadigan vaqtingiz haqida qaygʻurmaysiz.

Baʼzi ayollar homiladorlik paytida orttirgan vaznini qanday yoʻqotishni oʻylab tashvishga tushadi. Bola tugʻilgandan keyin tanangiz tiklanishi uchun vaqt oʻtishi juda muhimdir. Sogʻlom ovqatlanish va yengil jismoniy mashqlar oqilona yondashuv hisoblanadi.

Spirtli ichimliklar, chekish va dori-darmonlar

Bolani xavfsiz parvarish qilish

Siz yoki turmush oʻrtogʻingiz qabul qilayotgan dori-darmonlar, jumladan, oʻsimlik damlamasi yoki tabletkalar chaqaloqni parvarish qilishni qiyinlashtiradigan nojoʻya taʼsirlarga ega boʻlmasligi kerak. Bu borada shifokoringiz bilan maslahatlashing. Dorilar turli taʼsirlarga ega, masalan, avtomobilni haydashda muvozanat yoki reflekslarga taʼsir qiluvchi uyquchanlikka olib kelishi mumkin.

Yangi tugʻilgan chaqaloqqa gʻamxoʻrlik qilayotganingizda uyqu chaqiradigan yoki muvozanatga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan dori-darmonlarni qabul qilsangiz, bolaga kim qarashini rejalashtirishingiz kerak boʻladi.

Spirtli ichimliklar va chekish

Agar emizikli boʻlsangiz, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilmang.

Chekish chaqalogʻingizni toʻsatdan oʻlim xavfi (SUDI)ga yaqinlashtiradi, shu jumladan, bolalarda toʻsatdan oʻlim sindromi (SIDS) va uyquda oʻlim topish xavfini oshiradi. Siz va farzandingiz uchun chekishdan uzoq muhitda boʻlish yaxshiroqdir.

Kofein uyqu sifatiga taʼsir qilishi mumkin, shuning uchun uni kechqurun qabul qilmaslikka harakat qiling.

Siz isteʼmol qiladigan yoki chekadigan mahsulotlar chaqaloqqa ona suti orqali oʻtadi va miyasining rivojlanishiga taʼsir qilishi mumkin. Agar emizikli boʻlsangiz, spirtli ichimliklar ichmang, chekmang va giyohvand moddalar isteʼmol qilmang.