Ayollarda perinatal (homiladorlikda va tugʻuruqdan keyingi) depressiya
Perinatal depressiya: bu nima?
Perinatal depressiya ikki shaklga ega – homiladorlik paytida yuzaga keladigan va tugʻuruqdan keyin paydo boʻladigan depressiya. Ikkalasi ham ikki haftadan koʻproq davom etadigan jiddiy, salbiy hissiy oʻzgarishlar boʻlib, kundalik hayotingizda xohlagan yoki moʻljallagan narsalaringizni bajarishga toʻsqinlik qiladi.
Ular bir xil alomatlarga ega va bir xil davolanadi. Ularning orasidagi yagona farq paydo boʻlish vaqtidir. Har qanday holatda depressiyaning har ikkala shakli homiladorlik paytida va bola tugʻilishi bilan darhol yuz berishi mumkin boʻlgan hissiy oʻzgarishlarning oʻzi bilangina cheklanmaydi. Misol uchun, homilador ayollar bu vaqt ichida katta jismoniy va amaliy oʻzgarishlarni boshdan kechirganlari uchun juda hissiy taʼsirchan boʻlishlari mumkin. Yosh onalar esa tugʻuruqdan bir necha kun oʻtgach, yengil depressiyani boshdan kechirishlari ehtimoli bor.
Hissiy oʻzgarishlarning ikkala shakli ham uzoq davom etmaydi. Siz perinatal depressiya deb ataladigan homiladorlik vaqtidagi va tugʻuruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirishingiz mumkin. Agar siz yoki turmush oʻrtogʻingiz depressiya alomatlarini boshdan kechirayotgan boʻlsa, sizlarga professional yordam, oilani esa qoʻllab-quvvatlash zarur boʻladi. Depressiyaning belgilari va alomatlarini imkon qadar erta aniqlash muhimdir.
Perinatal depressiya belgilari
Perinatal depressiya hammada har xil kechishi mumkin. Agar siz yomon yoki asabiy kayfiyatda boʻlsangiz yoki odatda sizga yoqadigan narsalarga qiziqishni yoʻqotgan boʻlsangiz, bunga jiddiy eʼtibor qaratishingiz kerak. Bundan tashqari, his-tuygʻularingiz va fikrlaringiz, xulqingiz va ijtimoiy hayotingizdagi oʻzgarishlarni, shuningdek, quyida keltirilgan umumiy jismoniy holatni koʻrishingiz mumkin. Ikki haftadan koʻproq vaqt davomida quyidagi oʻzgarishlardan birortasini his qilsangiz, professional yordam soʻrashingiz muhimdir. Bundan tashqari, oʻtmishda ruhiy kasallik boʻlgan boʻlsa, shifokorga bu haqida xabar berishingiz lozim. Ilgari boshdan kechirilgan ruhiy kasalliklar homiladorlik vaqtida qaytalanishi mumkin.
Hissiy oʻzgarishlar
Siz quyidagilarni aniqlashingiz mumkin:
- yaxshi kayfiyatda boʻlishingiz uzoq davom etmaydi;
- tez-tez yigʻlaysiz yoki xafa boʻlasiz;
- oʻzingizga ishonchingiz komil emas;
- gʻazablangan yoki qoʻrquvga botgansiz;
- yakkalanish yoki chaqaloq bilan yolgʻiz qolishdan qoʻrqasiz;
- fikrlaringizda oʻzgarishlar bor.
Xayolingizga quyidagi fikrlar keladi:
- hamma narsa notoʻgʻri ketayotgandek;
- hammasiga siz aybdorsiz, oʻzingizni foydasiz yoki muvaffaqiyatsiz sanaysiz;
- bolangiz boshqa birov bilan boʻlgani yaxshi;
- “Men buni qila olmayman” yoki “Men buni eplay olmayman” deb oʻylaysiz;
- agar aniq fikrlash va qaror qabul qilish qobiliyatini yoʻqotsangiz, diqqatingiz pasayadi;
- farzandim meni sevmaydi deb oʻylaysiz;
- oʻzingizga yoki farzandingizga zarar yetkazishni oʻylaysiz.
Xulq-atvordagi va ijtimoiy oʻzgarishlar
Quyidagilar kuzatilishi mumkin:
- odatda sizga yoqqan mashgʻulotlarga qiziqishingizni yoʻqotasiz;
- harakat qilishingiz qiyinlashadi;
- kundalik yumushlarni (ovqat pishirish, xarid qilishni) bajarish qiyin kechadi;
- doʻstlar va oila aʼzolaridan uzoqlashasiz;
- oʻrin-joyingizga beparvo boʻlasiz.
Jismoniy oʻzgarishlar
Quyidagilar kuzatilishi mumkin:
- uyqu muammolari – uyqusizlik yoki koʻp uxlash;
- ishtahaning oʻzgarishi – kam ovqatlanasiz yoki juda koʻp ovqatlanasiz;
- quvvatingizning pasayishi.
Tugʻuruqdan keyingi dastlabki haftalarda koʻpchilik ayollar depressiyaning dastlabki belgilarini boshdan kechiradi. Agar oʻzingiz yoki turmush oʻrtogʻingizda “oʻzini odatdagidan boshqacha tutish kuzatilyapti”, degan fikrga kelsangiz, iloji boricha tezroq shifokoringiz bilan gaplashing.
Agar oʻzingiz yoki oila aʼzolaringizga zarar yetkazish fikri paydo boʻlsa, zudlik bilan yordam olish uchun shifokoringizga murojaat qiling.
Perinatal depressiyada yordam olish
Agar oʻzingizda perinatal depressiya mavjud deb hisoblasangiz, mutaxassis yordamini erta olish juda muhimdir. Shifokor sizga yordam beradigan mutaxassislarga yoʻllanma berishi mumkin. Kerakli yordamni olish kasallik belgilarni yengishga yordam beradi va tez orada oʻzingizni yaxshi his qilasiz.
Baʼzi ayollar yordam soʻrash farzandimdan ajralishga olib keladi deb oʻylaydi. Ammo tibbiyot xodimlari farzandingiz bilan muloqot qilishingizga va tiklanishingizga yordam berishga tayyor. Bu oʻzingiz xohlagandek ota-ona boʻlish uchun muhimdir.
Perinatal depressiyani davolash
Agar sizda perinatal depressiyaning belgilari boʻlsa, uni davolashning koʻplab usullari bor. Shifokoringiz sharoitingiz va yoshingizga, shuningdek, ruhiy tushkunlik turi va ogʻirligiga mos keladigan davolash rejasini siz bilan muhokama qiladi. Koʻpchilik insonlarda dori-darmonlar bilan davolash ruhiy terapiya bilan birgalikda olib borilganda juda yaxshi yordam beradi.
Shifoxonaga yotqizish
Yosh onalar koʻpincha perinatal depressiya tufayli shifoxonaga yotqiziliadi. Agar ayolda oʻz joniga qasd qilish istagi kuchli boʻlsa yoki oʻziga yoki chaqalogʻiga zarar yetkazishga moyil boʻlsa, mutaxassislar ayolni shifoxonaga yotqizib davolash masalasini koʻrib chiqishlari mumkin. Bunday holatda darhol shifokoringizga yoki mahalliy shifoxonangizning tez yordam boʻlimiga murojaat qilishingiz kerak. Shifokorlar va shifoxona xodimlari sizga kerakli yordam va qoʻllab-quvvatlashni taqdim etishlari mumkin.
Amaliy yordam berish usullari
Agar siz yoki yaqinlaringizdan birortasi perinatal depressiyaga uchragan boʻlsa, yordam beradigan baʼzi usullar quyida keltirilgan.
Hissiy qoʻllab-quvvatlash
Turmush oʻrtogʻi, oila va doʻstlardan hissiy yordam olish – perinatal depressiya bilan kurashishning muhim usuli hisoblanadi. Siz nimalarni his qilayotganingizni tushunadigan inson bilan suhbatlashish baʼzi alomatlardan xalos boʻlishga yordam beradi. Ota-onalar guruhi, oʻyin xonasi yoki terapiya guruhi hissiy yordamning yana bir manbai boʻlishi mumkin. Ushbu guruhlarda siz oʻz hissiyotlaringizni baham koʻradigan boshqa insonlar bilan tanishishingiz mumkin.
Uy yumushlarida yordam berish
Turmush oʻrtogʻingiz, oilangiz va yaqin doʻstlaringiz uy yumushlarida amaliy yordam berishlari mumkin. Oʻzingiz ishonadigan, uy ishlarida yoki bolalarga gʻamxoʻrlik qilishda muntazam yordam beradigan insonga murojaat qilish tavsiya etiladi. Uy yumushlarida yordam berish sizga dam olish, uxlab olish yoki yoqtirgan biror narsa bilan shugʻullanish imkonini beradi. Bu tiklanishingiz uchun muhim boʻlgan muloqotning yaxshi manbai hamdir. Bunday yordamni soʻraganda oʻzini aybdor his qilish kerak emas. Koʻpchilik yordam berishni yaxshi koʻradi, agar ulardan aniq bir ishda yordam soʻrasangiz, xursand boʻlishadi.
Oʻzingizni ehtiyot qiling
Hissiy xotirjamligingiz va jismoniy sogʻligingiz bevosita bogʻliqdir.
Ikkala holatda ham quyidagilarni qilishingiz mumkin:
- muntazam ravishda sport bilan shugʻullaning;
- kuningizni rejalashtirishning yaxshi usulini toping;
- yaxshi ovqatlaning – meva, yogurt, donli non va isteʼmol qilishga tayyor qilib qoʻyilgan yangi uzilgan sabzavotlar kabi oddiy mahsulotlar ixtiyoringizda boʻlsin.
- stressni yaxshiroq yengish uchun dam olishga harakat qiling – chaqaloq uxlayotganda uxlang, uxlashga ertaroq yoting va imkon qadar toʻyib uxlab olishga erishing.
Erkaklar ham perinatal depressiyaga moyil boʻladilar. Darhaqiqat, har 10 erkakdan 1 nafari juftining homiladorlik paytida yoki chaqaloq tugʻilgandan keyin depressiyani boshdan kechiradi.