Erkaklardagi perinatal (tugʻuruqqacha va tugʻuruqdan keyingi) depressiya

Erkaklar ham tugʻuruqqacha va tugʻuruqdan keyingi depressiyani boshdan kechirishlari mumkin. Depressiya belgilariga ikki haftadan ortiq davom etadigan jismoniy va hissiy oʻzgarishlar, shuningdek, fikrlash va xulqdagi oʻzgarishlar kiradi. Mutaxassisga imkon qadar tezroq murojaat qilish muhimdir. Shifokor bilan maslahatlashing.
Body

Homiladorlik: erkaklar va ayollardagi hissiy oʻzgarishlar

Homiladorlik – ayollar uchun ham, erkaklar uchun ham muhim hayotiy tajribadir. Homiladorlik kuchli, chuqur va kutilmagan his-tuygʻular, muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Turmush oʻrtogʻingiz homiladorligi paytida siz oʻzingizni tushkun, zaif yoki asabiy his qilishingiz mumkin. Bu oʻzgarishlar meʼyoriydir. Ammo ikki haftadan koʻproq davom etadigan va hayotdan toʻliq bahra olib yashashingizga toʻsqinlik qiladigan hissiy oʻzgarishlar depressiyaga yetaklashi mumkin. Homiladorlik davridagi ruhiy tushkunlik tugʻuruqqacha boʻlgan depressiya deb ataladi, tugʻuruqdan soʻng yuz beradigani tugʻuruqdan keyingi depressiyadir.

Har 10 erkakdan 1 nafari tugʻuruqqacha va tugʻuruqdan keyingi depressiyaga duch keladi.

Erkaklardagi tugʻuruqqacha va tugʻuruqdan keyingi depressiya belgilari

Agar ikki haftadan koʻproq vaqt davomida quyidagi oʻzgarishlarga duch kelsangiz, ularni eʼtiborsiz qoldirmang, balki yordam soʻrang. Turmush oʻrtogʻingiz, oilangiz, doʻstlaringiz bilan gaplashing va shifokoringizga murojaat qiling.

Umumiy jismoniy belgilar quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:

  • charchoq;
  • ishtahaning yoʻqligi;
  • noodatiy paydagi uyqu va uyqusizlik;
  • vazn kamayishi yoki ortishi.

His-tuygʻular va kayfiyatdagi oʻzgarishlar ham ruhiy tushkunlik belgisi boʻlishi mumkin.

Masalan, siz quyidagilarni his qilishingiz mumkin:

  • qaygʻu;
  • aybdorlik yoki uyalish hissi;
  • tashvish va gʻazablanish;
  • yakkalanish; turmush oʻrtogʻi, doʻstlari yoki oilasi bilan munosabatlarni uzish;
  • oldin zavq va quvonch keltirgan hodisalardan zavqlana olmaslik.

Fikrlashda oʻzgarishlar boʻlishi mumkin:

  • diqqatni jamlay olmaysiz;
  • maʼlumotni eslab qolishda qiynalasiz;
  • qaror qabul qilishda yoki kundalik vazifalarni bajarishda qiyinchiliklarga uchraysiz;
  • tushkunlikka tushasiz;
  • vaziyatni nazorat qila olmaysiz;
  • oʻlim va oʻz joniga qasd qilish haqidagi fikrlarni yenga olmaysiz;

Sizda xulqiy oʻzgarishlar ham boʻlishi mumkin:

  • sizni jinsiy aloqa qiziqtirmaydi;
  • oiladan uzoqlashasiz yoki ishda koʻproq vaqt oʻtkazishni xohlaysiz;
  • depressiya bilan kurashish usuli sifatida giyohvand moddalar yoki spirtli ichimliklardan foydalanasiz.

Tugʻuruqqacha va tugʻuruqdan keyingi depressiya bir xil alomatlarga ega va bir xil tarzda davolanadi. Faqat rivojlanish vaqti har xil – tugʻuruqqacha depressiya tugʻuruqdan oldin, tugʻuruqdan keyingi depressiya esa tugʻuruqdan keyin sodir boʻladi. Ular perinatal depressiya deb ham ataladi.

Tugʻuruqqacha va tugʻuruqdan keyingi depressiyaga uchragan erkaklarga yordam berish

Agar oʻzingizda depressiya bor deb hisoblasangiz, imkon qadar tezroq yordam soʻrash muhimdir. Shifokor bilan maslahatlashing. Turmush oʻrtogʻingiz, oilangiz va doʻstlaringiz bilan his-tuygʻularingiz haqida gaplashing.

Turmush oʻrtogʻingizning ruhiy tushkunligi (depressiyasi)

Bola tugʻilgandan keyin taxminan 15% ayollarda depressiya rivojlanadi. Erkaklar turmush oʻrtogʻi tugʻuruqdan keyingi depressiyaga uchraganda koʻpincha oʻzlarini nafaqat jinsiy aloqa, sevgi va mehrdan, balki doʻstona munosabatlardan ham chetlatilgandek his qilishadi. Agar turmush oʻrtogʻingiz qiynchilikka duch kelayotgan boʻlsa yoki unda ruhiy tushkunlik alomatlarini sezsangiz, uni yordam masalasida murojaat qilishga undang. Dastlab shifokoringiz bilan gaplashishingiz mumkin. Sizning koʻmagingiz turmush oʻrtogʻingizga yaxshi taʼsir qiladi va tushkunlik belgilarini kamaytirishga yordam beradi.Tugʻuruqdan keyingi depressiyaga uchragan turmush oʻrtogʻiga gʻamxoʻrlik qilish haqida koʻproq maʼlumot olish uchun koʻproq oʻqib-oʻrganing.