Birinchi oy – oʻzaro tanishuv

Qaniydi, sizga aytolsam... “Men shu yerdaman. Toʻsatdan hamma narsa oʻzgardi. Tashqi dunyoga moslashish uchun menga biroz vaqt kerak. Men sizning borligingizni his qilyapman. Garchi hali aniq koʻrmayotgan boʻlsam-da (yuzingingiz menga yaqin boʻlgandagidan tashqari – bunda sizni aniq koʻraman va bu menga juda yoqadi), muloyim teginishingizni his etaman va iliq hidingizni hidlayman. Ovozingizni eshitaman (siz men bilan suhbatlashayotgan va qoʻshiq aytgan paytingizda). Ovozingizni taniyman, chogʻi, axir u qorningizda boʻlganimda eshitganimning oʻzginasi-ku. Hozir menga yaqinroq ekaningizni yaxshi koʻraman, sizni yaxshiroq anglashni istayman. Sezib turibman, siz ham meni anglashni xohlaysiz”.

1-oyda bola rivojlanishi

 

Muloqot

Nima yangiliklar?

Hayotning birinchi oyida bola uchun eng katta va muhim vazifa tugʻilganidan soʻng duch kelgan yangi muhit bilan tanishishdir. Bu davrda farzandingiz siz bilan asosan yigʻlash orqali aloqa qiladi. Chaqaloq yigʻlab turli xil xabarlarni yuboradi – qorni och, tagi hoʻl, charchagan yoki shunchaki unga dalda beruvchi, tinchlantiruvchi siypalashlarni xohlayapti. U tovushlarni, ayniqsa, unga gʻamxoʻrlik qilayotganlarning ovozlarini taniy boshlaydi. Baland ovozlarni eshitishni yaxshi koʻradi, shuning uchun ham onalar, ham otalar tabiiy ravishda kichkintoylar bilan “bolalar suhbati” dan foydalanadilar.

Qanday yordam bera olasiz?

Ushbu ilk davrda farzandingizning chaqiruvlariga har doim javob berishingiz juda muhimdir. Baʼzan farzandingiz nima uchun yigʻlayotganini bilmasligingiz mumkin, ammo shunga qaramay, yonida boʻlishingiz, ovozingiz, quchoqlashingiz, silashingiz va muloyim tebranishingiz bilan unga tasalli berish muhimdir. Bularning barchasi chaqaloq oʻzini xavfsiz his qilishi uchun yordam beradi. Farzandingiz yigʻisining turli xil usullarini tinglash bilan u sizga aytmoqchi boʻlgan narsani asta-sekin bilib olasiz. Esingizda boʻlsin –bolani bagʻringizga olish, ovqatlantirish, quchoqlash, muloyim ovozda gaplashish yoki alla aytish bilan uni erkalatib yubormaysiz.

Uning yigʻisini tinglang va yigʻlash sababini tushunishga harakat qiling. Farzandingiz shunchaki sizning silab-siypashingizni xohlasa yoki qorni och boʻlsa, baʼzi bir noqulayliklarni (tana holati yoki hoʻl yoʻrgak) his qilsa, qandaydir xuruj tutsa yoki biror joyi ogʻrisa, uyqusirasa, yigʻlashi mumkin. Har doim farzandingizga iliq, taskin beruvchi ovoz bilan murojaat qiling, uni bagʻringizga olib, tebrating, quchoqlang. Qoʻrqmang, bu bilan uni erkalatib yubormaysiz.

Hissiyotlar

Nima yangiliklar?

Farzandingiz hamma narsadan koʻra siz va boshqa insonlarning yuzlariga qarashni afzal koʻradi. Siz uning hayoti markazisiz. U sizga yaqin boʻlishni xohlaydi va shunday boʻlishi kerak. Bu uning birinchi va kuchli munosabatidir. Goʻdak juda tez yoki qoʻpol tarzda emas, balki ohista teginishlarni yaxshi koʻradi.

Qanday yordam bera olasiz?

Farzandingiz hali koʻp narsalarni masofadan koʻra olmagani sababli imkoningiz boʻlganda unga yaqinlashing, “Mana men! Bu yoqqa qara!” deb ayting. Iloji boricha farzandingiz bilan tez-tez jismoniy aloqada boʻling – uni qoʻllaringizga oling, quchoqlang. Chaqaloqning badani badaningizga tekkanda oromni his eting. U bilan gaplashing, koʻz bilan aloqa qiling va uni ovqatlantirayotganda, kiyintirayotganda yoki yuvintirayotganda tabassum qiling. Unga muloyim va taskin beruvchi ohangda muomala qiling, u bilan yumshoq gaplashib, xotirjam boʻlishiga, tinchlanib olishiga yordam bering.

Tafakkur qilish

Nima yangiliklar?

Shu paytgacha farzandingiz ona vujudida xavfsiz joyda rivojlanib kelgan. Tugʻilish uning uchun katta oʻzgarishdir. Endi u koʻrish, eshitish, narsa va buyumlarni ushlash, tegib koʻrish orqali atrofni oʻrganadi. Ushbu davrda inson yuzi – farzandingiz uchun eng qiziq narsa. Birinchi oyning oxiriga kelib farzandingizga yetarlicha yaqin tursangiz (taxminan 20 dan 30 cm gacha), yuzingizni koʻzlari bilan kuzatishi mumkin. Yorqin, qarama-qarshi ranglarga – qora va oq yoki qizil va oq ranglarga ega narsalar ham unga juda qiziq tuyuladi. U ovozingizni eshitishi va tanishi mumkin, lekin baʼzan biror ovozdan nogoh choʻchib, butun vujudi bilan javob berishi mumkin. Bu oyning oxirida farzandingiz tugʻilish paytidagiga qaraganda ancha sergakroq boʻladi – bu bir necha hafta ichidagi katta oʻzgarishdir!

Qanday yordam bera olasiz?

Bolaning har kuni siz bilan oʻtkazadigan vaqti uning umumiy va aqliy rivojlanishi uchun kalit hisoblanadi. Kichkintoyingizning ehtiyojlariga qanday munosabatda boʻlishingiz uning dunyosi va undagi odamlarning qiyofasini shakllantirishga taʼsir qiladi. Bu juda sodda va juda muhimdir.

Harakatlar

Nima yangiliklar?

Farzandingizning asab tizimi hali uncha yetuk boʻlmasa ham, hayotining birinchi oyida u tez rivojlanmoqda. Birinchi oyning oxiriga kelib farzandingiz qorni bilan yotganida boshini qisqa muddatga mustaqil koʻtarishga yoki orqa tomoni bilan yotganida yon tomonga burib koʻrishga harakat qilishi mumkin. Bu unga qayerdaligingizni koʻrishga va atrofdagi hayajonli dunyoni kuzatishga yordam beradi. Baʼzan u barmogʻingizni qoʻli bilan mahkam ushlaydi, koʻpincha qoʻllarini musht qilib mahkam ushlab turadi. U qoʻllarini va oyoqlarini silkitib yoki tipirchilatib, keyinchalik esa koʻproq uygʻun harakatlar qilishi mumkin, baʼzan esa qoʻllarini koʻzlari va ogʻziga yaqinlashtiradi.

Qanday yordam bera olasiz?

Bolangizni qoʻlda koʻtarib yurishdan tashqari uni uxlash uchun yotqizib qoʻying. Bu uning xavfsizligi uchun xizmat qiladi. Uxlamayotganda yoki qoʻlga olmagan paytingiz goʻdakni tizzangizga juda qisqa vaqtga yotqizing. Unga qoʻllari va oyoqlaridan foydalanish erkinligini bering, qiynalganida yoki bezovta boʻlganida esa yoʻrgaklashga harakat qiling.

Oʻyin orqali bola rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashning koʻplab boshqa usullarini bilish uchun “Birgalikda oʻynaymiz” boʻlimiga oʻting.

Ota-onalarning bola birinchi oyligida rivojlanishidan xavotirlari

Har bir bola oʻziga xos tarzda rivojlanib borgani sababli farzandingiz qachon yoki qanday qilib maʼlum bir malakani takomillashtirishini aniq taxmin qilish imkonsiz. Ushbu davrda kutilgan va sanab oʻtilgan qobiliyatlar (rivojlanish bosqichlari) bolangizning oʻsishi va siz kutishingiz mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida umumiy maʼlumot beradi, xolos. Uning rivojlanishi biroz boshqacha kechsa, tashvishlanmang.

Ammo bolangizda rivojlanishning kechikishiga oid quyidagi alomatlar kuzatilsa, farzandingiz ilgari egallagan baʼzi koʻnikmalarini yoʻqotib qoʻygandek boʻlsa yoki tashvishlanishning boshqa sabablari mavjud boʻlsa, pediatringiz [yoki boshqa tibbiy yordam koʻrsatuvchi] bilan suhbatlashing.

Xavotir olishning boshqa sabablari:

  • chaqalogʻingiz juda koʻp yigʻlasa, siz esa uni yupata olmasangiz;
  • yomon emsa va juda sekin ovqatlansa;
  • kutilganidan koʻproq uxlasa (kuniga 16 soatdan ortiq) yoki tinch uxlamasa;
  • qoʻllarini yoki oyoqlarini umuman qimirlatmasa;
  • qattiq shovqindan choʻchimasa;
  • oʻta yorugʻ chiroqlar nuri tushganda koʻzlarini pirpiratmasa.
References and comments

Reference:

https://raisingchildren.net.au/newborns/development/development-tracker/0-1-month

Laura E. Berk (2006), Child development (7ht edition), Allyn & Bacon  

Dr sci Nirvana Pištoljević (2016), Rani razvoj deteta: šta treba znati, Udruženje pedijatara Srbije, Beograd. [Nirvana Pistoljevic, PhD (2016), Early child development: what you need to know, Serbian paediatric association, Belgrade – available in Serbian]